Botirxon Akramov bilan talabalik, stajyor-tadqiqotchi, aspi-rantlik davrlarida ustozning ilmiy maqolalari, Navoiyda majoziy obrazlar bilan bog‘liq tadqiqotlari orqali tanigan bo‘lsam, 1999-yildan O‘zbekiston Milliy universitetiga yirik navoiyshunos, kafedra professori lavozimiga ishga qaytganlaridan keyin yaqindan tanishdik va tyez-tez ko‘rishib turadigan bo‘ldik. Ayniqsa, domla bilan Qoraqamish dahasida bir mahallada yashaganmiz, ishga borib kelish yo‘limiz bir edi. Domla bilan yo‘l-yo‘lakay uzoq suhbatlashib qolar edik. Suhbatimiz asosan Navoiy asarlari sharhi, shoir badiiyatini anglash, tushunish, botiniy va zohiriy ma’nolari, mutafakkir ichki dunyosiga xos sir-sinoatlardan xabardor bo‘lish, ilohiy kallimotlar-muqaddas oyat, hadislar bevosita “so‘z lavhi” – she’riy satrlarga ko‘chganligi, shoirning islomiy falsafa, axloq, she’riyatning samoviy burjlarini bugungi kunda ham sharhlash, tahqiq va tahlil qilish kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar sifatida ustoz tomonidan kuyunchaklik bilan tushuntirilardi. Ustoz ilmiy salohiyati yuksak, ayniqsa, Qur’on ta’limotidan, arabiy ilmidan yaxshigina xabardor edilar. Navoiy asarlarida Kalomulloh oyatlari keltirilgan iqtiboslarni ham shunday sharhlab berar edilarki, shoir qo‘llagan oyatlarning asl mazmunini, ham mantiqiy, ham badiiy ma’nolarini aynan sharhlab berilar edi. Umuman, domla badiiyatni, mumtoz adabiyotni – Navoiyni teran tushunar, shoir she’riyatidan ko‘plab bayt-misralarni yoddan bilar, arab, fors, qadimgi turkiy tillarning teran bilimdoni edi. Xullas, ustozdan juda ko‘p o‘git, nasihatlar olganman, Allohning marhamati, ilm sharofati ila u kishidan juda ko‘p bahramand bo‘lganman. Ustoz ahli bashar – inson, xususan, ilm ahllarining barchasini o‘zlaridan baland hisoblar edilar. Suhbatimiz yirik tilshunos professor Shamsiddin Shukurov haqida borganda, turkiy tillar tarixi, xususan, fe’l tarixiga oid tadqiqotlariga yuksak baho berar, ehtirom bilan yurtdoshim, deb katta zahmatkash olim ekanliklarini ta’kidlar edilar. Tilshunos olimning Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida keltirilgan 100 ta fe’lning qiyosiy tahlili, turkiy tillarda tutgan o‘rni, umuman, fe’l turkumidagi so‘zlar barcha tillarda asosiy o‘rin egallashi kabi ilmiy mulohazalarga keng, batafsil to‘xtalar, bahs-munozara qilar edilar. Ustoz lug‘at, lug‘atshunoslik sohasiga ham katta qiziqish bilan qarar, har qanday soha ilmini lug‘atlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb ta’kidlar edilar.
Kunlardan bir kun ustoz bilan yana yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib, Navoiyda rang bilan bog‘liq “Saba’i sayyor” dostonidagi bir bayt ustida to‘xtaldik.
Jonon kiyar gulnora to‘ndin kuydim,
Limuyi rang terlik aning ostindadir.
Mazkur baytni birgalikda sharhladik. Mazmuni: go‘zal ayollar kiyadigan parcha-parcha, katta, turli-tuman (qizil, ko‘k, sariq, jigarrang) guldor to‘n (chopon) ostida limuyi rang, ya’ni limon (sariq) rangli terlik (ichki kiyim) go‘zal mahbubaga yana-da husn, chiroy berib turibdi.
Ustoz ehtiros, hayajon bilan: “Qarang, qarang, limon (sariq rang) so‘zi Navoiyda borligi go‘zal turkiy terlik (ichki kiyim) nomi bugungi kunda unutilgan. Uni tiklash kerak, kundalik tur-mushda qo‘llash zarur”, – deb qayta-qayta ta’kidlardilar.
Domla bu baytga duch kelmagan ekanman deb, rang bilan bog‘liq “Tabiat ranglaridan lirik obrazlarga” (“Sharq yulduzi”, 1986), “Mo‘jizot musavviri, zarofat shoiri” (O‘zAS, 1993) nomli maqolalar yozganliklarini esladilar.
Muhtaram ustoz Botirxon Akramov yirik olim, ilm ahllariga xos nihoyatda kamtarin, pok, to‘g‘ri so‘z inson edilar. Ustozning adabiyot va tarixga yoshlikdan qiziqishi, kamtarona ilmiy faoliyati viloyat pedagogika bilim yurti O‘sh o‘qituvchilar institutida o‘qib yurgan chog‘larida shakllana boshladi. So‘ngra Toshkentga kelib, Nizomiy nomidagi pedagogika instituti aspiranturasida o‘qishni davom ettirdi. Maqsud Shayxzoda, Hamid Sulaymon, Natan Mallayevdan “muttasil tahsil, ta’lim, ma’rifiy va ma’naviy saboqlar” olib, “alqissa “Navoiyni anglash” jarayoni shu tariqa shoir asarlarida majoz, ayniqsa, mutafakkirning “so‘z”iga qiziqish, uni sharhlash asta-asta, ohista-ohista sodir” bo‘la boshladi. Domla Navoiyda “Odamiylar odamiysi” deb tavsiflangan saxovat, himmat – naf’ yetkurmak, “xalq g‘ami”, “Vatan” yo‘lida jon fido qilishdek oliy sifat vasf etilishiga asosiy e’tiborini qaratadi. Bu borada, birinchi navbatda, ulug‘ mutafakkir, gumanist shoirning “barcha el”ga maqbul-u manzur, aniqrog‘i, nazargohda ayon (olti jihot va to‘rt unsuriga mansub) hodisa holat va alomatlarni yaxshi bilib, anglab olmog‘imiz lozim bo‘ladi” , deb nihoyatda chuqur sinchkovlik bilan yondashar edilar.
Zukko navoiyshunos olimning aksariyat ilmiy kuzatishlari Navoiy “so‘z”ining mazmun va mantiq doirasida keng qamrovga egaligi bilan diqqatni tortadi, ta’rif va tavsif etiladi. Mutafak-kirning “so‘z”i haqidagi ilmiy mulohazalarning ba’zi jihatlari navoiyshunos olimlardan Vohid Zohidov, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Botir Valixo‘jayev, Alibek Rustamov, adabiyotshunos olim Hasan Qudratillayevlar tomonidan fikr bildirilgan.
Fidoyi olim Botirxon Akramov Navoiy “so‘z”iga quyidagicha ta’rif bergan edilar: “So‘z guhari” namunalari haqida baholi imkon musohaba (hamsuhbat) va mubohasa (bahslashmoq) yuritmoq uchun, avvalo, komil e’tiqod, shaydoyi muhib nazari lozim bo‘ladi. Qolaversa, maxsus ma’rifiy hozirlk, zarifona baland did – xushta’blik, shoirona nozik xayollik – o‘zgacha so‘z tuyg‘usi, ehtimol, xos voizlik salohiyati, nutq san’ati taqazo etiladi...
So‘z ta’rifida ulug‘ shoirning o‘zi e’tirof etganidek: “Ishim o‘lmishdir ehtiyot etmak, nuktaning tar-u pudiga yetmak” kabi mazmunda shoir so‘z kalimasi xususida nihoyatda ehtiyotkorlik bilan yondashib, o‘zining ilmiy mulohazalarini o‘rtaga tashlaydi, unga bir olam majoziy ma’nolar yuklaganligini isbotlaydi. Navoiy “so‘z”ning tarixi, uning ma’nosiga jiddiy e’tibor berib, o‘zining “Xamsa” dostonlari boshida, ya’ni “hamd-u nahd”dan keyin “so‘z ta’rifida” tarzida maxsus bob ajratadi. “So‘z”ning yanada purma’no fazilatlarini sanab o‘tadi. Ayniqsa, Navoiy So‘zni olamning yaratilishi bilan bir paytda “ammo so‘zning o‘zi emas, ovoz, tovush paydo bo‘ldi” deydi. Ustoz Botirxon Akramov ana shunday Navoiy So‘zi haqida o‘zining qator tadqiqotlarini nihoyatda zukkolik bilan “kalimot timsollari”ga bag‘ishlagan edilar: “Fasohat mulkining sohibqironi” (T.: O‘zbekiston, 1991. 10 b.t.), “Navoiy shohbaytlari” (T.: Yangi asr avlodi, 2007. 2,5 b.t.), “She’riyatda ma’no salmog‘i, ifoda san’ati” (Sharq yulduzi. – 1969. № 5. 1,0 b.t.), “She’riyatda rost so‘z zarurati” (Yoshlik. 1983. №3. 0,7 b.t) va boshqalar.
Ustoz Botirxon Akramov Navoiy va mumtoz adabiyotimizning namoyandalari badiiyatiga bag‘ishlangan qator yirik-yirik ilmiy monografiyalar chop ettirilishi bilan birga Bobur, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Aziz Said va qator shoirlar ijodini ham tadqiq va tahlil etganlar, ilmiy tanqidiy maqolalar gazeta va jurnal sahifalarida e’lon qilingan. Ustoz ko‘p ta’kidlar edilar: “Yangi ijodiy ishtiyoq daf’atan, kaminada uyg‘ongan orifona she’r dag‘dag‘asi (Bobur) va qasida – doston rag‘bati, balkim bu – qalam ma’budi Atorudning ilk mujdasidir”.
Ustozdan e’lon qilinmagan, chop etilmagan juda ko‘p ilmiy-ijodiy merosi qoldi. Kelgusida bu meros maxsus ilmiy o‘rgani-lishi, olimning noyob fikrlari tadqiqotchilar nazariga tushmog‘i lozim.