Ilm va san’at olamida (jumladan, adabiyotda ham, lekin men adabiyot va san’at deb yozishni xush ko‘rmadim va xush ko‘rmayman, loaqal va xususan, shu o‘rinda, chunki badiiy adabiyot to‘g‘risida gap ketayotgan ekan, demak, san’at haqida gap ketayotir, “biz san’atkorlar”, deya so‘z boshlovchi, darajasi no‘noq havaskorlarnikidan nari o‘tmagan kimsalardangina emas, balki ulardan sal yuqoriroqlardan g‘ashlanishim tufayli ham qavs ichi cho‘zilganiga hayron bo‘larsiz, gap shundaki...) shunday odamlar bor o‘zini yarq etkazib yaqqol namoyon etadi yoki ettirtiradi, bular “tanqidchi”larning doimiy nishoniga – obyektiga aylanadi, bularning ichida iste’dod darajalari turlichasi bor, deyarli bir qatorda, bir darajada, bir ohangda maqtaladi, shunday bo‘lgach, aksari iste’dodli bo‘lgani holda bunday holga, bunday ko‘yga tushgan tanqidchi va tanqidchilikni qo‘shtirnoqsiz yozish noto‘g‘rilikka, balki adolatsizlikka yaqin bo‘lardi. Endi ikkinchi toifa... o‘zini tezda namoyon etolmaydi (iste’dod darajasi birinchi toifaga teng va hatto ba’zilari ustunroq ham bo‘lgani holda, qiziqki, ikki ijodkor darajasi mutloq teng kelmaydi chog‘i, bu toifa ham xilma-xil iste’dod va janr jihatidan, orasida kamroq bo‘lsa-da, tanqidchi va adabiyotshunoslar ham bor, lekin ular qandaydir, qandayligini hozircha bilmadim, tezda bu toifadan qutulib, birinchisiga o‘tib olishadi, qandini ursin! Lekin, bu ikkinchi toifaning Rauf Parfi kabi buyuk vakillari o‘z o‘rniga sodiq qoladi. Maktab barpo etsa-da, bu maktabni yerto‘lasidan turib bunyod etadi. San’at yaratgan bunday zotlar tengqur jo‘ralari qo‘ridan, davrasidan yashash san’atini bilmagan, bilsa-da, egallamagan “nodonlar” sifatida chetlatiladi. Ular ustidan kulishadi, hazil-mazaxlar to‘qishadi. Boshga ko‘tarsa arzigulik so‘zi kamlik qiladigan tog‘day bardoshli bunday zotlar tikonli, mixday qirrali yo‘llardan g‘arir poyafzallarida o‘tishadi, harir bo‘lsa-da kiyimi bor, oyoq yalanglar emas. Bular davr qahramonlaridir. Ular o‘zlarini nisbatan kech, lekin kechikmasdan namoyon etadilar, ya’ni qoldirgan izlari sekin, lekin uzoq, davomli namoyon bo‘laveradi, chunki ular namoyandalarning asli va haqiqiysidir. Aytaylik, bir uyga ahli tanish-notanish, majlisga kirdingiz, kimningdir go‘zalligi yarq etib, birdan o‘ziga tortadi, kimdir sekin-asta bilinadi va uning doimiy muxlisiga, ixlosmandiga aylanasiz. Nega sekin shaxsiy tomonlarga o‘tmoqdasiz, degan mulohazali savol kaminada ham, sizda ham bo‘lishi mumkin. Avvalo, yodnoma tabiati buni taqozo etadi. Bu bir ibrat. Qolaversa, yoshlarimiz bu maydon ichra ham mard-u nomard borligini, kam esa-da, adolat haqida kuylab, adolatsiz davranishin san’atkor bo‘lgani holda do‘st holiga tomoshabin bo‘lib qolishini va bu adolatsizlikni shirin so‘z, shirin tabassum, rangin, gunogun maylar bilan pardalashlarini bilib, shunga tayyorgarliklar ko‘rib, qo‘rqmasdan bu tikonli yo‘lga qadam bosishini istamaymiz. Ijod va shaxs, til va dil, ish va so‘z ayroligi ham bor gap. Ijodkor uchun dunyo darvozasi muhtasham va mustahkam tahririyatga o‘xshaydi, yuqoriga: “Muallif fikri tahririyat fikridan farq qilishi mumkin”, deya ayiqning terisidan ham qalin harflar bilan yozib qo‘yilgan, chunki ichkarida katta kizb o‘tiribdi, kichik munofiq bilan, bu munofiq o‘zini nochorlik pardasidan, kizb esa ulkan darvoza va ulkan harf bilan o‘rab olgan. Ikkisi ham xiyonatkor, biri oshkor ikkinchisi rostdan ham nochor...
Inson daryodan o‘z qayig‘i bilan o‘tadi (gap ijodkor haqida). O‘zi o‘tgan, qayiq og‘aniki, demak, aslo o‘tmagan. Nechun, Vatan haqdagi asarni birinchi qatorga, tyepaga olasiz, yuqoriga chiqarasiz? Ozodlik va ishq haqidagisi balandroq-ku, ijodkorning barcha asari Vatan haqidadir, demak, asar yuqoriga muallif bilan, mavzu bilan emas, saviya bilan ko‘tariladi. Ishingiz qop-qora tunni, kechagi kunni eslatmaydimi? Nima bu, mafkurami, yoshlar tarbiyasimi? Falon metod bilan yondashingiz degan davrlar o‘tmadimi? Asar tutqunlik haqida, ozodlik degan bir so‘z yo‘q ichida, lekin tinimsiz ozodlikdan “so‘zlaydi”, demak, erk qadri haqida, demak, Vatan haqida, asar baxtsizlik haqida, aslida katta shodlik va baxt qadri haqida, tutqun-ozod paytlarda ham Vatan-Vatandir. Dunyo paydo bo‘lgandan buyon to‘g‘ridan to‘g‘ri baxt va shodlik haqidagi asarlarni yig‘sangiz nari borsa sizning binongizcha bo‘ladi, g‘am-tashvish, baxtsizlik, qayg‘u haqidagi asarlar esa diyorning o‘zicha, dunyoning o‘zicha bor, demak mamlakatlardan ulkanroq, chunki Vatangadolik to‘g‘risidagi asarlar ham asli Vatan haqidadir. Lekin men Vatanni tushunmayman, tushunish mushkul. Men uni sezaman va sevaman, yaxshi ish deb his qilaman Vatanni!
Ha, Vatan yaxshi ish. Kamina hikoyasini keltirmoqchi bo‘lgan qahramonimiz B.Akramov o‘z Vatani uchun yaxshi, go‘zal ishlar qilgan olim, ijodkor va asl odam, haqiqiy ma’nodagi inson edi. Muqaddimamizning cho‘zilishiga sabablarimiz bor, birinchidan, uslubimiz shunaqa (yoqmagan bo‘lsa, uzr), ikkinchidan, aytganlarimizning yaxshi jihatlari Botirxon akaga tegishli, qolgan jihatlarini muborak boshlaridan kechirgan. Chunki, Vatan yaxshi ish. Yaxshi niyat. Yaxshi his. Mehribon, ona, qarindosh, do‘st-yor, jannat, bog‘-rog‘, Jamol. Diydor. Baxt deb ko‘rilgan baxtlar, Vatan baxti deb chekilgan sharafli baxtsizliklar, sharafli azob-u qiynoqlar, ulug‘vor qiynoqlar, ulug‘ quvonchlar, musibatlar barchasi Vatan. Barchamiz shu aytilganlar va aytib tugatib bo‘lmaydiganlar ichida yashaymiz, bu “ich”lardan hech kim o‘zini xohish va ixtiyor bilan tortib ololmaydi. Ne ezgu, ne yaxshi va yaqin Vatandir. Bu go‘zal va go‘zallikdir. Uni tubiga yetish, tubi bilan tushunish mushkul, hissiyotimiz darajasida.. u... dunyoni esa, maqtanish deb yurmang tag‘in, men sal-pal, afsuski, tushunmayman. Lekin hech tushungim, hatto his qilgim kelmaydi. Lekin keyingisi menga bog‘liqmas shekilli, o‘zini sezdira boshlaydi ham. Dunyo va odam munosabati. Muharrir va tortinchoq ijodkor musibati. O‘xshash emasmi?! Ikki holda ham haqiqiy inson iztirob sohibi emasmi, balki tobe’sidir. Vatanni har qachon sevamiz. Dunyoni... yaxshi tomonlari ham bor-ku, dersiz. Men esa yo‘q, uni yaxshi tomon, yaxshi jihat aylagan o‘sha iztirobli yaxshi inson deyman. Shunday inson edilar domla Botirxon Akram. Shular haqida gaplashar edik. Bahslasha-bahslasha dunyo talabchan, qattiqqo‘l emas, balki shafqatsiz muharrir der edik va bundan shikoyat ham tortmasdik. Tortib ham qayoqqa olib borardik. Dunyoni chi-daganga chiqargan, ishlash kerak, derdilar domla. Ko‘plab maqo-lalar, she’rlar yozardilar. She’rlarining birortasini matbuotda uchratmadim. Chiqarolmagan maqolalarini ko‘rdim, inshoolloh, ishonaman, ular chiqadi. Chunki chiqqan-chiqmagan, hali o‘zini to‘la namoyon etolmagan, yozilajak – hali yozilmagan go‘zal asarlar ham, o‘zimiz ham Vatanmiz. Millat – Vatandir. Mana, shular haqida Hazrat Yassaviy, Hazrat Navoiy haqida ba’zan qisqa, ba’zan uzun suhbatlar qilar edik domla Botirxon Akram bilan, suhbatlarimiz ba’zan juda sekin, past ovozda, ba’zan baralla bo‘lar edikim, bu atrofga va vaziyatga ko‘ra ham edi. Chunki, Vatan ham, uning tushunchalarimizga, davrlarimizga, davralarimizga, vaziyatlarimizga, amallarimizga ko‘ra, qisqarib uzayar, kengayar edi. Chunki Vatan bir nozik nuqta kabi qisqa, shaffof va qorong‘udir. Chunki Vatan davlatlardan, mamlakatlardan, fazolardan keng, buyuk va bepoyondir. Chunki, Vatan millatdir. Shavq va diydordir. Millat. Boshidagi harflar qisqartirilib “lat” yeganda ham u “millat” emas, fazolardan ulkan porloq quyoshdir. Millat hazrat Yassaviyning muborak nomlarini ko‘ksida azizlab, ba’zangina shivirlagan kunlarning birida Botirxon Akram domla dorilfunun bolalariga, talabalar shuuriga tinmay quyilayotgan bir paytda “Hazrat Yassaviy ma’naviyatimiz, millatimiz osmonida porloq yulduz” ekani haqida baralla ma’ruza qiladilar. Lekin u paytda Hazrat Yassaviy da’vatli ijodi bilan o‘lkalarni ma’rifatga, din-u diyonatga boshlagan beqiyos qutblardan ekanini bilibmizmi? Bu haqda Botirxon Akram so‘zi ham, qahramonimizning qahramonligi, jasorati ham beqiyos ekanligini... Darsxona lol. Chunki mamlakatning o‘zi ham ulkan auditoriya kabi lol-u karaxt edi. Talabalar ko‘nglida nimadir portlab, nimadir porlab tarqaladilar. Almashgan boshqa bir domla yana Hazrat tanqidini boshlaganda darsxona guvranadi, Botirxon akaning farzandiday bo‘lib qolgan yaxshi bir talaba savol tarzida Botirxon aka bu gapning ziddini aytganligini bildiradi, ya’ni bilmasdan, atayin emas, savol tarzida... “sotib” qo‘yadi, lekin bunda xiyonat yo‘q, chunki talaba toza ko‘ngil (men uni bilardim), lekin bu borada hali “bola”, domlaning ko‘ngli ham bolanikiday pok va o‘zlari ham boladay musaffo, sodda edilar. U zot ma’ruza qilar ekanlar, jasorat ko‘rsatyapman deb o‘ylamaganlar, ko‘pchilik bilardiki, domla jasoratga emas, mehr-muhabbatga tashna edilar va qalbi mehr-muhabbata limmo-lim edi. Muhabbatda loyiha ham, reja ham, mo‘ljal ham bo‘lmaydi, bularni bilmaydi (bilayotgan ekanman, demak, mening muhabbatim nuqsonli, komil emas), muhabbatda bular bo‘lmaydi. Muhabbatda baxtiyorlik azob bo‘lmaydi (orasida tinish, tanish-notanish belgi ham) bo‘lmaydi! Azob baxtiyorlik bo‘ladi. Ishq bularni bilmaydi. Muhabbatda muhabbat bo‘ladi. Faqat ishqda faqat ishq bo‘ladi. Biz odamlarni toifaga ajratmaslikni targ‘ib etamiz, bu rost, lekin ijodlar, qahramonlar, jasoratlar, qahramonliklar, uyg‘onishlar, uyg‘otishlar, muhabbatlar orasida farq-tafovut borki, beixtiyor odamlar toifalarga ajraladilar, biz ajratmaymiz, bil’aks oralarida mehr-muhabbat bo‘lishini targ‘ib qilamiz, lekin ahli ishq oldida ishqiboz ham bor. Endi o‘zimiz ketayotgan yo‘lga qaytaylik, almashgan domla buni kimga, kim esa “yuqori”ga yetkazadi. Tafovut, toifa bo‘lyaptimi? Bo‘lyapti. Lekin biz shartli ravishda (odam ajratish maqsadida emas), “ikkinchi toifa”ga mansub Botirxon aka “birinchi toifa”ga emas, birinchi qatorga ko‘tariladi. Jasoratlilarning birinchi qatoriga, chunki aslan shu qatorda bo‘lgan, faqat bizning qarashimiz turli tomonlarda, turli tomonlardan bo‘lgan. Chunki, biz hali “bola”lar qahramonlik – jasoratni ko‘proq jismiy – moddiy tushungandirmiz. Yoki unchalikmas deb o‘ylagandirman. Bu o‘y ba’zilarimizda hozir ham bor. Uyg‘onishlar, uyg‘otishlar turli darajada, dedik. Uyg‘otuvchi badiiy yuksak asarlar bor, faqat ularda yetuk ijodkorlarimiz ma’ruzalarida tuzum ruxsat bergan nomlargina ishtirok etar, hali ular Hazrat Yassaviy va Cho‘lpon haqida nuqtaday kichik davrada past ovozda aytilar edi. Shunday bir paytda Botirxon Akram baralla so‘z aytdilar. Aytganda ham ko‘p talaba qarshisida, katta auditoriya minbaridan. Keyinchalik bu auditoriya yurt qadar kengaydi. Unchalikmas deguvchilar endi rozi bo‘lar. Faqat biz domlaning bu go‘zal ishlari haqida yozmadik. Domlani ishdan oldilar. Lekin domla ado etgan ish sekin-asta, lekin juda uzoqlarga ketadi va yetadi, eshitiladi. Uyg‘onishda uyg‘onish, uyg‘otishda uyg‘otish bor. Sekin-asta unchalikmas deguvchilar ham Botirxon akaning bu ishi chinakam qahramonlik ekaniga ko‘nadilar. Agar zamondoshlari qayd etsa, durday ma’ruza, millatga yetuk asar kabi xizmat qilishini, ziyoda uyg‘otishini ko‘rdik. Boshqa yurt ziyolilari, hamkasblarimiz buni chuqurroq anglaydilar. Qayd etadilar. O‘shanda auditoriyada bo‘lmaganim uchun afsuslanaman. Keyinroq sarlavhasini “Domla Botirxon Akram” qo‘yib, to‘rt qator bitdim:
Qahramonlik – o‘nta tankni portlatmoq,
Urushda o‘ldirmoq, majaqlamoq ham,
Tinch ko‘ringan zamonga haqso‘z aytmoq,
Tengsiz qahramonlik erur lojaram!
Botirxon akaning nurli ko‘rinishi, rosti har kimga ham nasib etavermasdi, keling, rahmatlini hech qursa shunday sifatlashdan bizni mahrum etmang. Qolaversa, yuqoridagi suhbat rost, bo‘lgan gap. Mana, yana bittasi: ulkan shoir Cho‘lpon Ergash. “Domla O‘sh drama teatrida u kishi Hazrat Navoiy, men Mo‘min Mirzo rolini ijro etdik. Domla bilan teatr rahbari ham tortinib suhbatlashardi. Bir kun ijroda xatoga yo‘l qo‘ydim, men – Mo‘min Mirzo Hazrat Navoiyning muborak iyaklarining juda ham tagiga borib qo‘yibman, roldagi Botirxon aka, shu qadar qattiq tikildilarki, qo‘rqib ketdim va xatoimni anglab, ta’zim qilgan holda ikki-uch qadam o‘zimni ortga oldim, chiroyli bir tarzda qusrimdan chiqdim, tomoshabin qarsak bilan uzoq olqishladi”. Ikkisiga buni eslatdim. “Men Teatr qoshidagi to‘garakka qatnashardim (yo rahbari bo‘lgandim)” dedilar Botirxon aka. “Unda, Yo‘ldosh, siz domlangizning mehnat daftarchalariga qarang, – dedi Cho‘lpon Ergash. Shu-shu Domlaning oila azolari yig‘ilganda ham uzul-kesil javob ololma-dim, lekin ular o‘sha voqealarni eslashib, ko‘zlariga yosh oldilar hamda go‘zal bir tarzda zavqlandilar. Lekin negadir Domla aktyor bo‘lganini yashirishga harakat qilar, qancha harakat qilmasin, qiyofa va harakatlarida bu namoyon bo‘lar va bu hol u zotga yarashardi. Bir kun o‘sha paytlarda talaba, lekin juda iste’dodli To‘ra Mirzo xushxabar bilan uyimizga kelib qoldi: “Domlangiz Teatr va Rassomlik institutida bizga dars beryapti, qarang, nima bo‘ldi, birinchi kundan hammamizni maftun etdi va hayratga soldi Hazrat Navoiy g‘azalini polga qog‘oz yozib, o‘tirib o‘qidilar” (Men aynan keltirolmadim To‘ra Mirzo “Hazrat Navoiydan g‘azal o‘qir ekanlar, polga shartta qog‘oz yozdilar, shartta o‘tirib oldilar va go‘zal bir tarzda g‘azal o‘qishda davom etdilar” degandi shekilli, chunki uning aytish ohangida yumshoq bir shiddat sezilib turardi). Men buni tushunaman. Har yerda talabalar Domlani yaxshi ko‘rishi tabiiy, domla talabalarni yaqin olar, muomalalari go‘zal va rasmiyatchilikdan yiroq bo‘lardi. To‘ra Mirzo aytgan hol ham go‘zal – bir insonda olim, shoir, aktyor, o‘qituvchi mujassam, buning ustiga yaqin, mehribon do‘st, aka. Yaratgan rahmatiga olgan bo‘lsan. Bu gaplarni keltirishimizdan maqsad chehrasi ochiqlik (bu nurlilik), tashqi ko‘rinish yuz-ko‘z musaffoligi, bu botinning aksi ekanini mubo-lag‘a etishdir. Lekin so‘zlarda voqyealarda mubolag‘a yo‘q. Aytaylik, bir odam dala hovlisida go‘zal xayollar og‘ushida shu qadar nigohi parishonki, hatto eshigi tagidagi buloqning bulbulday shildirashi ham uning parishonligini parishon etolmaydi, xalal berolmaydi, u o‘zi suyanib turgan ko‘rinmas, shaffof, go‘zal, nozik, olmos bir nuqtani izlaydi. Yo‘g‘asam, emasam, u chashmai zilolni sevadi. Zohiriy go‘zallik botinda bo‘lsa bilinadi. Yo‘qsa, odamga buloq loy, qum ustidagi bir ko‘lmakcha, emasa u oqayapti, qum tagida qaynayapti, demak, ko‘lmakmas, shildirab kuylayapti. Shoirning eng go‘zal she’riday. Chunki buloq – yerning ilohiy ilhomidir. Lekin bad-bin odam ter qotgan paypog‘ini, kir oyog‘ini buloq suviga yuvadi. Buloq boshi loyqalanadi, lekin harom bo‘lmaydi, zilollanadi. Ya’ni har holda ham ichki olam muhim. Inson sifatida go‘zal tog‘, buloq manzarasini orzulab o‘tsa-da, Botirxon aka deyarli shahardan chiqolmadilar. U o‘sha olmosday jilvagar rangorang tovlanuvchi, juda ham kichik, nozik, o‘zi suyanib turgan, shaffof nuqtani izlab o‘tdilar. Yo‘qotdilar, topdilar. Topdilar, yo‘qotdilar. O‘z ko‘zim bilan ko‘rgan, birovlardan eshitgan, hozirda ham, xudoga shukur, ularning ko‘pchiligi hayot bo‘lsa-da, siz e’tiroz etmasangiz-da, e’tiroz etilayotganday (bu balki o‘zimning ichki qandaydir bir qoniqmaslik tuyg‘usi bo‘lsa ajab emas) sal oshirib bitayotganday tuyulaman. Xo‘sh, gapning dangalrog‘iga o‘tsak, savol berishingiz mumkin: “Domlaning maqolalarini, kitoblarini o‘qiganmiz, nega falon m-unaqqid kabi, piston adabiyotshunos kabi mashhur bo‘lib ketmadilar?” Men ham savolingizga javob beraman: “Nega dastlab Rauf Parfi, keyin Tilak Jo‘ra, Shavkat Rahmon boshda aytilgan qo‘shiqchi shoir kabi mashhur bo‘lib ketmadi?” Rauf Parfini keyinchalik mashhurlashdi, shunda ham ommaviymas, shunda ham qo‘shiqchi shoir kabi emas. Tilak Jo‘ra va Shavkat Rahmon ham bora-bora mashhurlashadi, lekin ularning ham shuhrati o‘sha qo‘shiqchi shoir mashhurligi kabi bo‘lmaydi. Unikidan uzoqroqqa ketadi. Botirxon Akram Domla ham shunga o‘xshash. Tarixda ham bunday hollar bor va ibratli. Masalan, Ibn Sino qaysarroq, Beruniy kelishuvchanroq yoki vaziyatga ko‘ra ish tutuvchiroq bo‘lganlar. Botirxon Akram va Rauf Parfi domlalarning asarlarini Muharrir, hayotlarini Dunyo m-uharrir tinmay qaychilab turishgan. Badiiy Muharrir o‘zgarsa-da, Dunyo muharrirning o‘zgarishi mahol. Balki ikkalasi ham buyruq, ehtimol, hukm ijro etishar. Botirxon Akram va Rauf Parfi dom-lalar afsonasi, ijodi, jasorati sho‘ro davridan bizga va bizdan keyingi avlodlarga yetib boradi. Muharrirsiz, dissertatsiyalarsiz, bizning bitiklarimizsiz. Chunki Rauf Parfi kitoblari dunyo bo‘y-lab tarqalmoqda, Botirxon akaga esa Hazrat Yassaviy ruhoniyati m-urabbiy ekanligini u kishining hayotlari davomida ko‘rdik. Ko‘p qiyinchilik ko‘rsalar-da, omon-eson yashadilar.
KO‘RSA-DA
Qanchalab dovul-u chaqin,
Bag‘ri xazinaga bo‘lsa-da o‘choq,
Ne uchun borsangiz hamisha yaqin,
Egilib turganday bo‘ladi bu tog‘, –
Buyuklar timsoli cho‘qqilar uchi...
Mag‘rur ataydilar tog‘larni nechun,
Boyliklar, tillalar tinmay tashirlar,
kelbatin kamaytmas yoki oshirmas,
nechun tashbihlashar: “ko‘ksini kergan” –
mos tushmas. Mehribon, ulug‘ quchoqlar...
Minglab shogirdlarga ta’lim – nur bergan,
Botirxon akaga o‘xshar bu tog‘lar.
USTOZ
Bog‘ hovlini orzu qilib o‘tdik biz,
Tog‘ hovlini orzu qilib o‘tdik biz,
Inshoolloh, shaffof jannat tog‘iga,
Va bog‘iga Siz avvalroq yetdingiz.
***
Yaxshi ko‘rar edi Rauf Parfini –
Yod olardi har she’rin, har harfini.
“O‘zbekiston nafas olar so‘zida!”
Turkiston deng, der edim men. Ko‘zida
Shodon ma’no sochib nurlar yorqini,
Yo‘llar edi kulgich bo‘ylab yolqinin,
Parfiy she’rda nafas olib Turkiston.
Daryolari suv ichardi bearmon,
Safolanib dur quchardi ko‘ksidan,
Bugun kuychi qamishlari o‘ksigan!
Nok tarzida dil novdasin bezardi,
Tanburga, yurakka, yoshga mengzardi,
Soz-u yoshni jam etsa gar dil g‘amnok
Qanday chidar dunyo kardil ham nopok,
Zulumot ichinda undirdi nur u,
Haydadi lazzatni, endi hur u!