Navoiy she’riyatining bilimdoni
Tojixon Sobitova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Dunyo, inson, ma’naviyat, qadriyat...


Dunyo bunyod bo‘libdiki, inson dunyo yuzini ko‘ribdiki va o‘zini inson sifatida anglabdiki, u o‘zini borliqning eng mukammal mavjudoti sifatida tanib keladi. Inson ongi, tafakkuri va ma’naviyati tufayli shunday ustunlikka egadir. Yer kurrasi charx urib aylanaveradi, vaqt oldinga qarab ilgarilayveradi, insonlar dunyoga kelib ketaveradi.


Insonlar bor dunyoga keladilar-u ketadilar, ulardan nom-ni-shon qolmaydi, hayotning ma’nosiga, qadriga yetmaydilar. Insonlar bor – mana shu kelishi bilan ketishi o‘rtasidagi “umr” deb atalmish vaqt mobaynida chaqmoqday, chaqnab o‘zlaridan yorqin iz qoldiradilar. Bu iz hech qachon o‘chmas bo‘lib asrlar osha yo‘qolmaydi. Mana shunday – o‘zidan keyin yaxshi asarlar va solih farzandlar qoldiruvchilar ma’naviy yuksak insonlardir. Shunday insonlardan biri filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Akramovdir. Ustozning hamma farzandlari va nabiralari Vatanimizning, turli jabhalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va ular xalqimizning hurmatiga sazovor bo‘lmoqdalar.


Jamiyat taraqqiyotini ziyolilarsiz, ustozlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki butun ma’naviy boylik ular qiyofasida aks etadi. Har qanday inson qalbida o‘zining zukko bilimi, salohiyati, nozik ta’bi bilan iz qoldirgan va chuqur ehtiromga sazovor bo‘lgan ustozi bo‘ladi. Ana shunday ustozlarimdan biri filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Akramov Navoiy she’riyatini nihoyatda chuqur nafis va teran tushunar edi. Domladagi talabchanlik, o‘z ustida ishlash, tinimsiz mehnat qilish va aql zakovati kishini hayratga solar edi. Ustozdagi o‘ziga talabchanlikni men 1973-yil iyul oyida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)da ko‘rgan edim.


4-kurs talabalari va ustozlari bilan (dos. A.Ashrapov, dos. S.Nizomiddinova) bilan amaliyot va ilmiy safarga borgandik. Domla Botirxon Akramov Saltikov-Shchedrin kutubxonasida ertalabdan kechqurungacha tinim bilmay ishlaganlarining guvohi bo‘lgan edim. Chunki bitta yotoqxonada turgan bo‘lsak ham domlani 10 kun davomida atigi 2 martagina ko‘rgan edik-da.


Ha, ilm yo‘lida qurbon qilingan vaqt o‘z samarasini beradi. Ustoz doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi, xalqimizga ko‘pgina ilmiy maqolalar va kitoblarini hadya etdi-larki, quyida keltirmoqchi bo‘lgan asarlaridanoq uning bilim salohiyatini ilg‘ab olish mumkin. Jumladan, “She’riyat gavhari”, “Fasohat mulkining sohibqironi”, “Merosshunoslik”, “Navoiy shohbaytlari” va boshqa ilmiy-adabiy asarlarida ko‘rish mumkin.


“Olimlik tafakkurlar maydoni” deydi xalqimiz.


Botirxon Akramovning taxayyul parvozi, fikriy kengliklari, ayniqsa, uning “Navoiy shohbaytlari” asarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Navoiy she’riyatining nafosat-u nazokatini teran anglab yetish, ulug‘ shoirning badiiy salohiyatini sehri-yu, so‘z jozibasini idrokini mana shu risolada ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, ushbu parchada muallif Navoiyning fikrini shunday tahlil qiladi: «Illo, ustoz salaflarning ulug‘ “Xamsa”lari (“Xamsatayn”) faqat mazmun-ma’no va qadr-bahoda nisbati yo‘q dostonlargina emas, balki o‘zining hududiy miqyosi-la “ikki jahon” mohiyati va sababiyatidan bahs qiluvchi taqdir kitoblari, benazir badiiy solnomalar ediki, ular ko‘tarilgan ulug‘ martaba maqomidan turib, Navoiyning “Alisheriy” taxayyul va tahayyur ko‘zgusida yangi mo‘jizotu g‘aroyibot olamini, jumladan, dunyoviy ajoyibot mulkini kashf etdi».


Botirxon Akramov ushbu kitobning “ilohiy mir’ot-tajal-liyotning “Alisheriy” timsollari bo‘limida zero “ishq” xususidagi she’rlarni haqiqiy olimona, chuqur falsafiy teranlik va noziklik bilan tahlil qilib bergan. Navoiyning “ishq”, “majoziy ishq”, “ishqi haqiqati” haqidagi fikrlarini nihoyatda chiroyli talqin qilganki, bu olimning sohasi bo‘yicha juda katta bilim egasi ekanligini ko‘rsatib turibdi.


Ayniqsa, ushbu risoladagi 20 ta Navoiyning shohbaytlarining talqini va tahlili professor Botirxon Akramovning yetuk olim va she’riyat talqini olamida yuksak mahorat egasi ekanligini ko‘rsatib turibdi. Nozik qalbi ilmga limmo lim to‘la, mehri daryo, ma’naviy yuksak va oliyjanob ustozga oxiratingiz obod bo‘lsin, deymiz.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...