Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
Botirxon Akram domla hissiyotli, xushxulq, xushfe’l, kamtarin, hamisha yaxshilikka moyil, insof va adolat tarozusiga tosh qo‘yuvchi inson edilar. Qalblari zavqli, ta’sirchan, suhbatdoshining aytmoqchi bo‘lgan fikrini tez ilg‘ab, tez munosabat bildirishga oshiqadigan, beg‘araz, xolis zot edilar. Kamina, mubolag‘a qilmasdan, bu o‘rinda qalbimdagini yozaman.
Domlani olim, doktor, professor, adabiyotshunos, xususan, navoiyshunos olimlardan deb bilsak-da, ijod ahli, ayniqsa, she’-riyat ahliga u kishini yaqin qilib turgan boshqa xislatlari ham bor edi. Chunonchi, samimiy Vatanparvarligi, kengfe’l millatparvar-ligi, milliy-tarixiy haqiqatlarga sodiqligi, qalblarda yashirin, asl ijodkorlar so‘zi zamirida pinhon, ya’ni ishoratlar bilan ifoda etiladigan erk va ozodlik g‘oyalariga xayrixohligi, turli ma’naviy kurashlar ichida haqiqat tarafida sobit turishi ijodkorlar orasida u kishining izzat va obro‘yini oshirgan xislatlaridan edi.
Kamina domlaning oldida o‘zimni qarzdor va burchli his etaman. O‘tgan XX asrning 80-yillari o‘rtasida bir guruh ijodkorlar mustabid tuzumning ba’zi nohaqliklariga qarshi oshkora kurash boshladilar. Bu kurash keyinchalik asl istiqlol kurashlariga aylanib ketdi. O‘shanda nashriyotlarda kitoblari chiqishi rejalashtirilgan shoirlardan bir qanchasining kitobi nashrini to‘xtatish maqsadida ularning qo‘lyozmalariga ichki – maxfiy taqrizlar uyushtirish, ya’ni ular ijodidan siyosiy, g‘oyaviy nuqsonlar izlash ishlari boshlandi. Bu xufyona taqrizlar imzosiz edi. Lekin uslub va ifodalaridan kimlar yozganini bilar edik. Kaminaning nuqsonlarga to‘la “Munojot” kitobimga siyosiy hushyor, mashhur va zakovatli bir munaqqid taqriz yozdi. Uning qo‘ygan siyosiy ayblari 30-yillardagi mafkurachi qotillarning aybnomasidan kam farq qilar edi. Shunda she’riyat bo‘limining mard, Vatanparvar mudiri Shavkat Rahmon qo‘lyozmalarni boshqa shoir, olim va munaqqidlarga ichki taqrizga berib, aybnomalarni rad etishga urindi. “Munojot” qo‘lyozmasiga shoir va adib Omon Muxtor, adabiyotshunos olim Botirxon Akram ijobiy taqrizlar yozdilar. Fidoyi, millatparvar olim Ibrohim Haqqul maxsus radnoma yozdi. Domla “Vatan mintaqasi” degan dostonimga maxsus to‘xtalib, undan bir qancha fazilatlar qidirgan edilar. Bunga sabab shuki, maxfiy taqrizda aynan shu dostondan nuqsonlar va siyosiy ayblar qidirilgan edi. Garchi u dostonga nisbatan o‘zimning ham tanqidiy qarashlarim bo‘lsa-da, domlaning bu shijoati ikkimizning o‘rtamizda bir ma’naviy yaqinlik va yakdillik paydo qildi.
“O‘zbekning” degan nazira-she’rim haqida maqola yozishlariga esa xuddi shunga o‘xshash boshqa voqea sabab bo‘lgandi. O‘sha vaqtda yosh bir munaqqid “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida “Munojot” kitobim haqida taqriz chop ettirib, unda aynan “O‘zbekning” degan she’rimni tanqid qildi. Vijdonan aytsam, uning ba’zi tanqidiy mulohazalari xiyla o‘rinli edi. Lekin bu taqriz uning adabiy muhitda beobro‘ va mahjur bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab yoshlar unga ma’naviy “hujumlar” qilib, malomatlar yog‘dira boshladi. Chunki, garchi fikrlarida asos bo‘lsa-da, uning bu fe’lida juda ulkan xiyonat va makkorlik yashiringan edi. U munaqqid bu taqrizni aynan mustamlaka tuzumining mafkurachi zolimlariga kerak bo‘lib turgan vaqtda yozdi. Va shubhasizki, yashirin ishorat va buyurtma bilan yozdi. Shunda Botirxon Akram domla mazkur she’r haqida maqola yozib, uni matbuot uchun tayyorladi. Bu bilan yosh munaqqidning xiyonatiga javob bermoqchi bo‘ldi.
Bugungi istiqlol kunlarida bu voqealarni eslashning qanday ahamiyati bor? dersiz. Ahamiyati shundaki, asl Vatanparvar, mil-latparvar qalblarni tanish, qadrlash, hech bo‘lmaganda, ularni no-haq tuhmat va malomatlardan himoya qilish, ezgulik, adolat va haqiqat tamoyillarida hamisha sobitqadam turish, abadiy dolzarb masalalardandir. Qalam to‘g‘ri va sharafli narsadir, uni egrilikka xizmat qildirish vijdon va iymon haqiqatiga xilof ishdir. Botirxon Akram domla bu borada o‘z vijdon va iymon haqiqatini namoyish etgan edilar.
Mumtoz zotlardan Amir Alisher Navoiy, Bobur Mirzo ijo-didan bitgan hayratlari, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Zulfiya haqidagi badia-maqolalari, ayniqsa, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi va boshqa ko‘plab shoirlar ijodini tadqiq va tahlil etuvchi maqolalari domlaning xalqqa va Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqatining hujjatlaridir.
Domla hazrati Navoiyning fidosi, shaydosi edilar. Yozilgan va yozilmagan maqolalari orasida Navoiy she’riyatidan saralagan shohbaytlari ulkan miqdorni tashkil etganini ko‘rdik.
Domla o‘zaro suhbatlarda ham, majlis va yig‘inlarda, ijodiy uchrashuvlarda, talabalar huzurida ham, albatta, Navoiydan bayt-lar aytar, biror muloqotdan Navoiyning baytisiz chiqmas edilar.
Navoiyning bir baytini doim zikr qilar, bu bayt bilan Yarat-ganga duo qilar edilar:
Naqdi jon chiqqanda iymon gavharin ko‘nglumg‘a sol,
Aylag‘il jondin judo, lek etma iymondin judo!
Domlaning hozircha elga ma’lum bo‘lmagan bir jihati u kishining zukko, nozikta’b va so‘zshunos shoirligidir. “Hayratlar olami” she’riy kitobi nashr etilgach, she’rsevar dillar ustozning nozik iste’dodidan bahramand bo‘ladilar.
Domlaning vafotidan keyin asarlarini tartiblash va nashrga tayyorlash maqsadida qizlari, fidoyi muallima Guli opa va nabi-ralari Muzaffarjon bizning xonadonimizga bir necha marta tashrif buyurdilar. Muloqotlar asnosida Opamiz necha marta ko‘zlari yoshlanib, domla, kamina hajdan qaytganimdan keyin ziyoratga kelishga chog‘langanlari, undan keyin ham bir necha marta yo‘qlashga uringanlarini aytib, yig‘lab olar edilar. “Mana shunday kelib ketar ekanmiz, nima uchun domla hayotligida u kishini olib kelmadik!” – deb armon qilar edilar. Bu so‘zlar bizdek to‘rt devor ichida o‘z-o‘ziga mashg‘ul bo‘lib qolgan muxlislarga tanbeh va armondir.
To‘g‘risi, o‘lim haq bo‘lsa-da, hamisha odamni g‘aflatda qoldiradi. Hindistondagi ulug‘ bir muhaddis olim shogirdlariga tanbehan: “Bular meni hech qachon o‘lmaydi, deb o‘ylaydi”, der ekanlar. O‘lim, e’tiqodan, doimo o‘z vaqtida kelsa-da, har gal bevaqt kelgandek tuyulaveradi.
Aziz ustoz, hassos olim, mutafakkir inson, hayratli shoir Botirxon Akram foniy dunyoni tark etdilar. Chin qalbdan Yaratgan Egamizga iltijo qilib: “Oxiratlari obod bo‘lsin, Allohning rahmati, jannati va jamoliga musharraf bo‘lsinlar!” – deymiz.
Ulug‘ o‘zbek Vatani va xalqi uchun umrini fido qilib o‘tgan yurtparvar olimning ma’naviy mozori – xalqning qalbidadir.