“Zamon ahli”dan nolalar
9-maqolat

Navoiydek ulug‘ martabali davlat, din va madaniyat arbobi, murabbiy shoir aholining turfa toifalari e’tiborida bag‘oyat nufuzli, ardoqli zotki «zamon ahli»dan qattiq ozor chekib, nola qilar ekan, bu ruhiy tug‘yonda nafaqat davrning siyosiy, ijtimoiy ziddiyatlari bilan izohlanadigan, balki sababi chuqur, ehtimol, azaliy bir qonuniyat bor (bu, masalan, Boburdek fotih va sohibqiron, ulug‘ shoir va mutafakkirni ham qattiq ranjitgan, iztirobli, armonli xayollarga toldirgan jumboq emasmi?). Shohbayt:


Oncha yuzsizlik ulustin ko‘rmisham, gap bersa dast,

Istaramkim, ko‘rmasam hargiz bani odam yuzin.


Bayt mazmunidai anglashiladiki, lirik qahramon siymosida asosan Navoiy shaxsiyati zuhur etadi: u o‘ziga nisbatan shunchalar adolatsiz, andishasiz munosabatning tub sabablari davr tuzum-tartiboti bilan bog‘liq ekanligini, chunonchi, «johu mol ahli»ga mehr-shafqat, saxovat, muruvvat hislari begonaligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq anglaydi. Lekii «oncha yuzsizlik»ning birinchi sababkori o‘sha mahdud, xudbin toifa ekanini yaxshi bila turib, butun bir xalq – «ulus»dan zorlanishga, alamning zo‘ridan hatto «bani odam yuzini ko‘rmasam», deya ortiq umidsiz, achchiq ohangda, uzil-kesil hukm chiqarishning boisi nimada ekan? – degan savol tug‘iladi. Bunday qiynoq-malomatli so‘roq zamirida to hanuz shoir ahli kuyinib yozayotgan, necha asr davomida qon-qonga singib ketgan yolg‘on, riyo, hasad, g‘araz, tama’, xudparastlik, bedardlik, andishasizlik, nopoklik kabi insonlik nomi va sha’niga isnod keltiradigan, hatto iste’dodning zavoliga sabab bo‘luvchi ayanch va tuban qilmishlar zuhur etmaydimi («Badoye’-ul-bidoya» debochasida Navoiy shaxsan tangri ilohiydan: «Tavbai komil hidoyat aylagil» deya iltijo qilgan, har bir yaxshi kishini yo‘ldan ozdirish mumkin bo‘lgan «nafs shumligi, shayton firibi, jahl yuzqaroligi» kabi ofatlar bundan mustasno)?.. Bunday noxush sabablarni Navoiydek pokdomon, o‘ta nozik sajiyali, shaxsiy-oilaviy ro‘shnolik chirog‘i yonmagan, el-ulusdan, hayotdan, umrdan, o‘z-o‘zidan— barcha-barchasidan faqat mehru vafo, faqat shafqatu muruvvat umid qilgan, so‘ragan («bani odam»ni bunday sifatlarsiz tasavvur etolmagan, hatto: «Odami bo‘lsa vafo andin yiroq, It vafo bobida andin yaxshiroq» kabi keskin hukm yuritgan) benazir zotning shaxsiyati bilan taqqoslab ko‘rsak,» ehtimol, boyagi mushkil savolning javobi ham bir muncha oson bo‘lar...

Agar yuqoridagi misolda xalqning ro‘y-rost samimiyati, oshkora to‘g‘riso‘zligi zuhur etgan muqobil iboralar («yuzsizlik ko‘rmisham» – «ko‘rmasam yuzin») tazod usulida, ramziy nisbatlarsiz haqqoniy lirik lavha yaratsa, boshqa bir g‘azalda, aksincha, an’anaviy timsol ajralib turadi. Shohbayt:


Parim bo‘lsa uchub qochsam ulustin to qanotim bor,

Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor.


Ne ajabki, Navoiy qushlar dunyosiga xos instinktga inson irodasini tamsil qilish bilan o‘zi kuzatgan muddaoning tabiiy, haqqoniy, dardli ifodasiga erishadi: odatda odamlar bilan «do‘st» tutinganday, hovli yo chorboqqa uya qurgan, sahar mardondan uyg‘onib xayrbod qo‘shig‘ini boshlaydigan sayroqi qushlar qandaydir falokat xavfidanmi yo shum bolalar dastidanmi birdan oshyonini tark etishi, qayoqqadir g‘oyib bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha bezigan qush timsoli ham shoirning qahramoni – ozurda hol orif (u Navoiy shaxsiga juda yaqin turadi) boshiga tushgan tuzimsiz mushkul vaziyatni butun mohiyati bilan ochib berishga ojizlik qiladiganday, go‘yo «par», «qanot», «uchmoq» tashbehlari shoir kuzatgan niyat ifodasi uchun faqat dastlabki zamin – jadallik ramzi vazifasini o‘taydi. Chindan ham oshyoni buzilgan qushning xatardan «uchib qochishi» oson. Inson-chi? Ayniqsa, Navoiy qahramoniga yetgan ozoru sitamning shiddati hattoki g‘oyibdan qanot paydo bo‘lgan taqdirda ham, uning parvozini eng uchqur qushlar bilan qiyoslab bo‘lmaydigan favqulodda sur’atni, yo‘q, boshqa bir g‘oyib najot yo‘lini taqozo qilsa ne ajab! Demak, mislsiz tezlik tufayli insonning «qanoti kuyishi» muqarrar, bunday g‘aroyib mantiq: «yugursam to hayotim bor» so‘zlari uchun badiiy zaminga aylanadi. Naqadar purdard, haqqoniy tuyg‘ular ifodasi! Shu tariqa, irsol-ul masal san’ati bilan oro berilgan, xalqona dardli, ayni chog‘da isyonkor ohangdagi lirik-tragik obraz yaratiladi.

Navoiy she’riyatida «zamon ahli»dan adadsiz zorlanish, birinchi qarashda, shoirning qahramoni – oshiq yo orif ko‘nglining nozikligi, har qanday g‘uboru shubhadan forig‘ligi dalolatiday tuyuladigan (chunonchi: «Haqki birov xilqatini qildi pok, sevmasa nopok el oni ne bok?») baytlarga nisbatan ijtimoiy dard, uning sababiyati ayon ko‘rinib turgan satrlar ustunlik qiladi. Shohbayt:


Olam ahli ichra odam demak o‘lmas onikim,

Joh ila bo‘lgay anga qonuni atvor o‘zgacha.


Martaba, lavozim, mansab («joh») nardbonining turli pog‘onalarini shaxsan bosib o‘tgan, turfa qiyofadagi «johu mol» bandalarini xo‘b sinab ko‘rgan, vujudi va ruhi bilan vali siyrat bo‘lgan ulug‘ shoir, mutafakkir insonning bundan zararli va xatarliroq dushmani yo‘q, degan xulosaga kelsa ne ajab? Chindan ham bu – o‘sha mansab so‘zi bilan to uning zavoligacha birga yashaydigan ijtimoiy ofatlardan emasmi?.. Shu ma’noda shoirning tafakkur va muhokama qudratiga, dohiyona bashorat hissiga tahsin aytmay bo‘ladimi: «joh» tufayli insonning olamga va odamga munosabat tarzi, xulqi, odati, sajiyasi, hayot falsafasi – butun qiyofasi, mohiyati o‘zgarar – boshqacha «atvor qonuni» bilan yashay boshlar ekan. Bil’aks, ko‘ngliga «xalq g‘ami», «el komi» – mehr, vafo, shafqat, insof, diyonat, saxovat, muruvvat tuyg‘ularini jo etgan har bir sog‘lom odam molu mansab dardidan uzoq bo‘ladi. Bas, kimki «joh»ga ruju qilibdi, buni o‘zi uchun xulq-atvor qonuniga aylantiribdi – unday mahdud, xudpisand shaxsni «odam demak»lik na aql va mantiqqa, na axloqu odobga to‘g‘ri keladi. Qanchalik shafqatsiz, ayni paytda nechog‘li odil hukm! Navoiy bir umr shunday e’timod bilan yashagani uchun ham, o‘zining nisbatan cheklanmagan imkoniyat va imtiyozlariga qaramasdan, tom ma’nodagi insoniy mehrga, vafoga zor bo‘lib, doimo ruhiy, ma’naviy ehtiyojlar ilinjida iztiroblar chekdi; alam, armon, o‘kinch hislari tug‘yoniga daf’i chora topmay, johu molu nafs ofati, shayton va jahl kulfatidan fig‘oni falakka chiqib, hattoki shunday zamon va ahli zamonga qay darajada bo‘lmasin, daxldorlik, qismatdoshlik uchun o‘zini javobgar, gunohkor, osiyu mujrim deb bildi, tavbayu tazarrular qildi... Shu tariqa, naziri yo‘q ulug‘ shoir, orif, murabbiy bevosita davr taqozosi, hayot tajribasi – haqiqat sabog‘i sifatida badiiy umumlashtirgan, «joh – atvor qonuni»ga aylangusi degan valiyona xulosa zaminida o‘z qimmati va ahamiyatini hamisha saqlab qoluvchi teran falsafiy-lirik obraz yaratiladi.

Navoiyning zamon ahli vafosizligiga munosabati yuqoridagi singari birday ayovsiz, keskin bo‘lishi hayot va badiiyat mantiqiga zid bo‘lur edi. Shuning uchun shoirning mushohada, mulohaza, hukm, xulosalari ham hayotning azaliy va nogihoniy ziddiyatlariga, odamlarning turli toifasiga, mavqeiga qarab rangin ohanglar, qirralar kasb etishi ajablanarli emas. Shohbayt:


Ey ko‘ngul, davr ahlidin ming yilchilik yo‘l go‘sha tut

Yo alardin yetsa yuz ming g‘ussa, afg‘on aylama.


Bir-biridan mushkul qismat yo‘lidan bittasini tanlash. «Ming yilchilik yo‘l»ning so‘nggi manzilidan «go‘sha tutish»...An’anaviy mubolag‘aning ig‘roq usulida yuritilgan, realistik tafakkur me’yoriga sig‘maydigan bunday g‘aroyib mushohada, fazoviy xayolning badiiy-mantiqiy zamini qayerda? Birinchi zamin orif timsolidagi ulug‘ shoirning ozurda ko‘ngli... Navoiydek buyuk dardkash, odamlarga darddosh siymoning hassos ko‘ngli bunday xayoliy masofa va manzildan najot tilasa ne ajab! Ikkinchi asos – davr ahlidan «yetgan g‘ussa» – jafoyu sitamning, ayniqsa, Navoiy shaxsiyati, «baxti uyquchi» qismati uchun favqulodda ta’siri, shafqatsiz mohiyati, foje’ oqibati... Darhaqiqat, ulug‘ gumanistning bashariy orzu-umidlari, ezgu maqsadlari ziddiga – oliy mukofot o‘rniga eng qattol jazo tarzida qilingan xiyonatu vafosizliklar, qalloblik va riyokorliklar, turfa xil adovat va «yuzsizlik»lar oldida... so‘fiyona g‘oyib bir «go‘sha tutish» – uzlat xayoli nima degan gap! Ikkinchi misraning hasrat to‘la mazmunida tasavvufona hol – sabr libosidagi ruhiyat, iltijo zuhur etganki, buning sharhi ham birinchi misra tahlilidan kam bo‘lmasligiga shubha yo‘q.

Yana bir g‘azalda to‘zimsiz g‘am-alam taskini uchun may timsol o‘rnida keladi, lekin bu hayot va najot, ko‘ngil va ruh ehtiyoji ramziga aylanadi. Bayt:


Navoiy, may birla ko‘nglumga o‘t solkim, zamon ahli

Sovug‘luq oncha qilmishlarki, ko‘nglumni sovutmishlar.


Bu gal «zamon ahli»dan zorlanish – ijtimoiy dardning ma’no yuki ikkinchi misraga tushadi; tazod san’ati zaminiga qurilgan («o‘t» timsoli bilan muqobil) «sovuqlik», «sovutmishlar» tashbehlari, ayniqsa, mazkur bayt mansub bo‘lgan g‘azal kontekstida olib tahlil qilganda, ko‘pqirrali ma’no kasb etadi: bu — “zamon ahli”, aniqrog‘i, uning tabiatan «mehru vafo»dan uzoq toifasi («Johu mol ahlida yo‘q mehru vafo. Bas, menga mehru vafo – mol ila joh») – noinsof, nokaslarning turmush tarziga, tiriklik vositasiga, balkim, yuqorida zikr etilganidek, «atvor qonuni»ga aylangan turfa yomonliklar («oncha sovug‘luq»)ning mujassam ifodasi. Bu majoziy umumlashmada «sovuqluq» unsurining qanchasi bevosita shoir shaxsiga daxldor, qanchasi bilvosita, «barchaning dardi» sifatida uning jismu jonini qaqshatgan – buning nisbatini hech kim aytolmasa ham – har holda, bizga tanish mukarram siymo, izlarini ko‘zga to‘tiyo qilsa arziydigan tabarruk umr, ilohiy qalam – ijodiy daho orqali loaqal umumiy tarzda tasavvur qilish mumkinki, Navoiy, «ko‘nglini sovutmish» dard-hasratlar muzini eritib yuborishga qodir otash tabiatdan, jamiyatdan topilmagan (ehtimol, bu faqat tangri ilohiy tasarrufidagi muqaddas o‘tdir). Shunday qilib, birinchi misra («may birla ko‘nglimga o‘t sol...») go‘yo an’anaga munosib ehtirom ramziga aylanadi, mohiyatda bu – hamisha mehr o‘tiga muhtoj insonga dardli bir navozish – marhamat, iltifot izhoriga aylanadi.

Navoiyda may, qadah, soqiy, mayxona obrazlari asosan hayot nashidasi, yoshlik bahori, muhabbat shavqi – lazzati (ba’zan tasavvuf falsafasi yaratgan ilohiy farog‘at) kabi mastona, shaydolik kechinmalari, xayollari ramzidir, degan talqin, birinchi qarashda go‘yo real hayotdan uzoq, g‘ayri ixtiyoriy bir tamoyildek tuyulishi mumkin. Holbuki, may, ayniqsa, rubobiy (lirik) she’riyatda to‘la ma’nodagi badiiy ramz ekanini ilmiy asoslash qiyin emas (afsuski, bu borada aytilgan samimiy, bama’ni fikrlar umumiy xarakterda bo‘lib, dalillash unsuri yetishmaydi). Buning uchun may timsolining shartli-ko‘chma ma’noda qo‘llanish an’anasini boshqa ramziy nisbatlar bilan qiyoslab ko‘rsa bo‘ladi. Chunonchi, mahbubaning husni, nozu istig‘no-yu g‘amzalari tasvirida asli real hayotdan olingan zulm, bedodlik, xunxor, g‘oratgar, shoh, boju hiroj, qon, qotil, jallod, xanjar, qilich, o‘q va hokazolar; oshiqning ranj-alamlari, hasratlari izhorida esa mazlum, qul, gado, asir, bechora, telba, it, zindon, kulba, vayrona kabi shikasta hol tushunchalar she’riy tashbyeh, timsol sifatida qayta ishlanib, har gal betakror lirik lavhalarga «ko‘char» ekan (g‘ayriilmiy sinfiy-sosiologik tahlil tarafdorlari nuqtai nazariga zid holda), sanab o‘tilgan har bir tafsil, muqoyasa faqat so‘zning badiiy-obrazli sehr-jozibasi uchun xizmat qilishi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, islomga, tasavvufga, umuman ilohiyotga tamsil qilingan tashbehlar ham go‘yo ateistlar tushunganidek, nomag‘rub – dinni fosh qiluvchi ma’noda emas, aksincha, muhabbat dunyosini sifatlash va ulug‘lashda eng moʻtabar, muqaddas va eng ta’sirchan vosita-nisbat vazifasini o‘tashga da’vat qilingan. May timsoliga an’anaviy munosabat usulini ham bodaning tabiiy xususiyati – inson hissiyotiga, ahvol-ruhiyasiga, hatto xayolot kuchiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan favqulodda ta’sir jarayonini shartli-ramziy ma’noda she’riyatga «ko‘chirish» natijasi – go‘yo moʻjizakor-ilhombaxsh, sirli-g‘aroyib bir qudrat vositasi tarzida anglamoq va talqin etmoq kerak. Toki real bodaning mastona-rag‘batbaxsh alomatlari, tirik mayxo‘r – bodaparastning erkin-hur, hech narsadan qo‘rqmas, hayiqmas, isyonkor holati, rindona falsafasi, o‘zi ishongan «dini» – e’tiqodi musavvirona o‘tkir nigoh, mutribona nozik uquv, orifona tafakkur va shoirona ehtiros – qalb idroki bilan aniq suvratlanmas ekan, badiiy mantiq, she’riy haqiqat bilan lirik obraz butunligiga, ranginligi va betakrorligiga erishish qiyin bo‘lur edi. Bas, Navoiydek xilqati pok, komil va solim musulmon – piri a’zamning tabarruk salaflar an’anasiga qulluq qilib: «boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi» deyishini go‘yo hayotdagi g‘am-g‘ussalardan qochib, chin, komil insonlik haqqi, najot qidirishning yagona vositasi, eng maqbul va matlub usul sifatida talqin qilsa bo‘ladi (bu inson tabiatidagi rindona erk, hurfikrlilik, shodmon, ruhafzo kayfiyat ifodasi uchun ham tabiiy va jozibali mezondir). Shohbayt:


Ey Navoiy, qayg‘u tog‘in may bila daf’ aylakim,

Yaxshiroq tog‘ ostida qolmoqki, qayg‘u ostida.


Birinchi qarashda tashbehli vositalari, nisbatlash usullari oddiy bo‘lib ko‘ringan bu bayt, ayniqsa, Navoiydek benazir shoir, ulug‘ inson shaxsiyatiga aloqador hazin-mungli ohangi bilan beixtiyor o‘yga toldiradi (ulug‘ shoirlar shaxsiyati ularning lirik qahramoni dunyosida belgilovchi, salmoqli o‘rin tutishini unutmaslik kerak). Navoiy nechun bu qadim dunyoning g‘am-anduhlarini bunchalar o‘ziga olib, og‘ir kechirar ekan («Yo‘q ajab, gar barchaning dardicha bo‘lsa menda dard»)? O‘zining ulug‘ maqomu martabasiga qaramay, g‘ussalarga, shunchalar mislsiz miqyos, o‘lchovsiz salmoq (chunonchi, «qayg‘u tog‘i» kabi) berishining turli sabablarini boshqa bir bayt sharhida ham aytib o‘tib edik. Lekin «bechoraning dardi»ga darddosh shoir qator-qator she’rlarida, xususan, terma baytlarida hududsiz ozoru sitamlarni har gal o‘zgacha ko‘lam va shiddat, o‘zgacha nisbat, tashbeh, tafsillarda ifodalaydi, aniqrog‘i, ularga yangidan rang, o‘t, jon, ruh bag‘ishlaydi, badiiy sayqal beradi. «Qayg‘u tog‘i»... Qanchalik salmoqdor va mungli ramziy obraz! «Yaxshiroq tog‘ ostida qolmoq-chi? Albatta, bu realistik nasr mantiqiga zid hol. Lekin she’riyatga xos favqulodda badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra va mubolag‘a san’atining ig‘roq usuli talabi bilan yondashganda, bu – «qayg‘u ostida qolgandan yaxshiroq»...Shu tariqa, «qayg‘u tog‘i»niig butun dahshati, fojeasi ayon bo‘ladi...Uni daf etadigan kuch bormikin? Nainki bodaning «aql boshini aylantirar» joduli-mastona kayfiyati, uning muvaqqat-aldamchi fursati insonga najotkor bo‘lolsa!... Mayning she’r san’atiga ko‘chgan, ya’ii g‘am-g‘ussani ma’lum muddat davomida unutishdek taskinli – ramziy ma’nosi mazkur baytda original qiyosiy-lirik lavhada ochib berilgan.

Zamon va ahli zamon to‘g‘risidagi terma baytlarda Navoiyning qahramoni orif, mutafakkir, shoir qiyofasida bedodlik, insofsizlik, qalloblik, vafosizlik kabi butun kasorati va kasofati shaxsning o‘ziga ham, el-ulusga ham teng uradigan ijtimoiy ofatlarni hech kimni, hech narsani yuz-xotir qilmasdan, ayovsiz ifsho etadi. Shoirning favqulodda keskin, murosasiz satrlari ortiq chidab bo‘lmas alam, ozor ovozi, kechirib bo‘lmas adolatsizlikka, ma’naviy razolatga qarshi imon hukmi, insof-diyonat hayqirig‘i sifatida tug‘ilganligi ayon sezilib turadi. Shohbayt:


Turfa eamon ahliga biz mubtalo,

Kim yo‘q alar ollida chindek balo!


Yolg‘onning turfa ko‘rinishlari va usullaridan parxez qilmaydigan turli toifadagi odamlar, birinchi galda, «johu mol ahli» Navoiyni aslo xushlamaganlari sababini, zimdan qanchalik g‘araz, kin, adovat, hasad saqlaganlari (oshkor olishuvga botinolmaganlar), qanchalik ig‘vo, bo‘hton, malomat tarqatganlari boisini shu birgina baytdan sezib olish mumkin – Navoiyning haqgo‘yligi ularni dahshatga solganiga shubha yo‘q. Isfahon qilichining damiday keskir, olovnint tiliday shafqatsiz, qahraton sovug‘iday qaqshatuvchi, momoqaldiroq va chaqmoqdek shiddatkor bu so‘zlar temuriyzodalar obod qilgan Xuroson, uning yuragi – Hirot ahliga ham daxldor ekanligi ancha-muncha ma’rifatli aqlni shoshirib qo‘ymaydimi? Axir Navoiy faqat «johu mol ahli» haqida gapirayotgani yo‘q-ku. Achchiq haqiqat so‘zi «zamon ahli» haqida! Yoki bu an’anaviy she’riy mubolag‘a usulimi? Bunisiga yana ishongimiz kelmaydi. Ilojsiz o‘yga tolamiz. Xayol asrlar dovonidan oshib bizning haqiqatga tashna zamonni o‘rlab keladi. Ehtimol, Navoiy bizning ne-ne ezgu umidlar, hurriyatning qutlug‘ rejalari, ideallari xomxayolga, ro‘yoga aylangan, tarixda misli ko‘rilmagan begunoh qurbonlar evaziga, barcha madaniy obidalarning zavoli hisobiga tiklangan, aldangan, haqoratlangan davronimizni olisdan bashorat qilgandir. Ha, shoir so‘zlari faqat ma’lum toifa «nokasu nojins avlodi», qalloblar, munofiq hiyonatkorlar haqidagina aytilgan bo‘lsa, shuurni, tafakkurni, xotirotni bunchalar qiynoqqa solmas edi... Zamon ahli ustida «dili poku tili pok, o‘zi poku so‘zi pok» shoir shunchalar shafqatsiz hukm chiqarishi tom ma’nodagi ijodiy va insoniy jasoratdir. Haqiqiy jasorat faqat qudratli va ustivor zaminda tug‘ilishi mumkin. Illo, har bir jur’atkor so‘z va a’molning ortidan mas’uliyat hakami ta’qib etadi. O, Navoiy kuyinib qalamga olgan chinlik – haqiqatning shafqatsiz qismati! Nahotki odamlar sendan yov balosidan qo‘rqqanday qo‘rqsalar-u yolg‘on bilan ahilu inoq bo‘lib, oshno tutinib yashasalar, u bilan himoyalansalar, hatto unga sajda qilsalar... Xullas, ulug‘ haqparast va adolatpanoh shoirning murosasiz haqiqat so‘zlari uning o‘zi kunduz kunlari ko‘rib bilgan, tunlari bedor xayollar iztirobida kechirganlari, turli sinovlardan o‘tkazganlari – achchiq taassurotlarning umumlashma – ramziy ifodasi sifatida Navoiy she’riyatining gumanistik mohiyati haqidagi tasavvurimizni boyitadi.

«El komi» bilan nafas olgan ulug‘ shoirning hayotdan, «zamon ahli»dan olgan achchiq haqiqat saboqlari uning tafakkuriga, dunyoqarashiga ham qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Shohbayt:


Muruvvat rangiyu insof isi ko‘z tutmagil eldin,

Bu rangu bo‘yluq; gul yo‘q chu olam gulsitoninda.


Butun hayoti, ijtimoiy faoliyati, ijodiy dahosi insonni zolimlar zulmi, fosihlar malomati, betovfiq-diyonatsizlarning xo‘rlik va haqoratidan, molparast, shahvatparastlarning talonidan, turli toifadagi badnafs, nopok va nokaslarning ofatlaridan qo‘riqlash va himoyalashga sarf etilgan fidoyi zot «el» sha’niga qarata yuz-xotirsiz so‘zlar aytsa (beixtiyor avval sharhlab o‘tilgan bayt xayoldan kechadi: «Oncha yuzsizlik ulustin ko‘rmisham, gar bersa dast, Istaramkim ko‘rmasam hargiz bani odam yuzin»)...Yanada najotsiz foje’ hol ikkinchi misrada ifodalangan favqulodda falsafiy hukm: «Bu rangu bo‘yluq gul» hali olam bog‘ida ko‘kargan emas. Nahotki!.. Axir muruvvatli, insof-tavfiqli odamlar, garchi kamdan-kam bo‘lsa-da hayotda uchrab turadi-ku. Tarix (shu jumladan, din va tasavvuf tarixi) ham bunday tabarruk shaxslar yashab o‘tganidan guvohlik beradi. Navoiyning o‘zi «Majolissun nafois» asarida kamoli ehtirom bilan tilga olgan, shuningdek, maxsus she’riy va nasriy yodnoma asarlarda nomini ulug‘lagan Lutfiy, Jomiy, Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad, Shayxim Suhayli, Mir Darvesh, Mirzabek, Nuri Said, Qambar Ali kabi fazlu kamolda yakto zamondoshlar, ayniqsa, ulug‘ salaflar orasidan ortiq e’tiqod qo‘ygani – bir necha komilu solim zot (chunonchi, Hirotdagi dahmasiyu uning qarshisidagi Masjidi Jomiyni ta’mirlashga Navoiy shaxsan bosh bo‘lgan Xoja Abdullo Ansoriy) insoniy muruvvat va insofning mujassam timsollari emasmidi? Navoiyning o‘zi-chi? Behzod, Xondamir, Mahmud Muzahhib kabi iste’dodli, sadoqatli shogirdlari-chi? Demak, «Bu rangu bo‘yluq gul yo‘q chu olam gulsitoninda» satrini bamisoli mahbubning «husniyu nozi», oshiqning «ishqi-yu niyozi», «fano» bilan «baqo», «majoz» bilan «haqiqat» nisbati yoki Navoiy qahramonining mayga mag‘rub munosabati kabi mutloq shartli-ramziy bir usul namunasi, she’riyat san’atiga xos mubolag‘ali majoziy bir lavha sifatida izohlashdan boshqa imkon, chora yo‘qday tuyuladi... Darhaqiqat, shunday, ya’ni bu nasr mantiqi emas, she’r mantiqi. She’rda imkonga sig‘mas hodis va holatdan go‘zal imkoniyat yaratsa bo‘ladi. Ayniqsa, Navoiy taxayyuli yaratgan favqulodda teran, nafis, sirli-sehrli obrazlar shundan dalolat byeradi. Lekin, baribir, ulug‘ jafokash, haqgo‘y shoirning mazkur bayti kishini o‘yga toldiradi. «Nainki...» Sababini bilolmay, mohiyatiga yetolmay qiynalamiz, ikkilanamiz. Ehtimol, bu Navoiy shaxsiyati bilan, uning hayotga, odamlarga ortiq darajada katta, yuqori talablar qo‘yishi, ulardan o‘zi xayol qilganicha juda ko‘p narsani kutgani, istagani – ruhiy, ma’naviy ehtiyojlarining real voqelik imkoniyatlariga sig‘mas, ilohiy ko‘lam, ilohiy ma’no kasb etganidandir. Shu boisdan ham ulusdan yetgan ozorni ko‘ngliga shunchalar qattiq olgandir... Shohbayt:


Davr zulm aylaru davr ahliyu davr ofati ham,

Necha zolimga asir o‘lgusi mazlum ko‘ngul.


Hayotda oddiy zahmatkash, mo‘min-qobil, halol-pok odamga munosabatda turli darajadagi mansabdor shaxslar, turli toifadagi tamagir, diyonatsiz kimsalar nohaqlik, adolatsizlik, yuzsizlik qilishi mumkin. Chunki u – himoyasiz, sabrli, kechirimli, andishali. Haligilar, aksincha, nomard, rahmsiz, andishasiz. Shu tariqa, bir bechoraning qismati bir necha «zolim» o‘rtasida talonda, sargardon, mahkum ahvolda qoladi. «Necha zolim» obraziga hayotdan yana boshqa tamsillar keltirish mumkin. Eng kuchli, salmoqli, haqqoniy nisbat-obrazlarni Navoiy keltirgan: «davr zulmi» (adolatsiz siyosat), «davr ahli» zulmi (odamlarning vijdonsizlik, qalloblik yo‘liga kirishi), «davr ofati» (adolatsiz siyosat va odamlarning ma’naviy razolati okibatida sodir bo‘lgan jinoyatlar, tangliklar, mushkilliklar, sho‘ru g‘avg‘olar). Xullas, shoir qahramoni – orif ko‘ngli ancha-muncha zolimlarga emas, eng dahshatli, shafqatsiz, biror najot umid qilib bo‘lmaydigan qattol, ko‘zi ko‘r, qulog‘i gung, tili lol mash’um zulmkorlarga «asir bo‘lgan». Uning foje’ holiga faqat tangridan raxm-shafqat kutish mumkin. Shunday qilib, Navoiy uch tashbeh uyg‘unligidan («davr», «davr ahli», «davr ofati») tanosib, ikki parallel tashbehlar muqobilligidan («zulm», «zolim» «mazlum», «asir») tazod san’atlari vositasida g‘oyat haqqoniy lirik-tragik lavha yaratadi.

Tavsiya etiladi
So'z guhari
So'z guharining ilohiy sadosi(birinchi suhbat)

БИРИНЧИ СУҲБАТ


"Низомул миллати вадди...

Intiho so‘z
Intiho so‘z

Mir Alisher Navoiyning shohbaytlari. Azal va abadning o‘z...

21-maqolat
“Izining tufrogʻidek...”

Klassik she’riyatimizdagi xokipoylik, xoksorlik, haqirlik...