Mir Alisher Navoiyning shohbaytlari. Azal va abadning o‘ziday hududsiz Butunlik, buyuk Uyg‘unlik ramzi. Komilu solim va xushtab’ odamlar anglab olishga, fahmlab yetishga qodir haqihat – ilohiy va safoli So‘zning mujassam timsoli. Bayt:
Ma’dani inson guhari so‘zdurur,
Gulshani odam samari so‘zdurur.
So‘ngra, Navoiy so‘zi zamiridagi Ma’ni – Atorud «ravon aylagan» qalam tahqiq va raqam etgan mislsiz nuktadonliklar, nozikxaslliklar. Bunday «xos ma’ni»larni fahmlab yetuvchi zakovat, she’riy did-farosat, musiqiy-tasviriy nafosat tuyg‘usi. Bil’aks, she’riy san’at, rubobiy badiiyat tuyg‘usidan uzoq, tab’i nomavzun va noraso kishilar Navoiy baytlari mohiyati va ruhiyatini idrok qilishga qodir emaslar. Bayt:
Ma’ni ichinda kishilikdan yiroq,
Bilki oramizda ming yillik firoq...
Va nihoyat, Navoiy shohbaytlariga xos so‘zonli, purziyod Dard. Hech shubha yo‘qki, dini islomning arkonu ahkomlaridan bo‘lmish Nizomiddin Mir Alisher Navoiy «Sonii Maryam» unvoniga musharraf bo‘lgan birinchi valiya – mutasavvif asl Robiya qalamiga mansub mana bu otashin baytning aslidan ham tarjimasidan ham voqif bo‘lgan:
Ko‘ngul ichra g‘amlik asru g‘amdur,
Alam yo‘qliqdagi qotig‘ alamdur...
Illo, xoh «yetti iqlim» («Yetti iqlim elin xaridor et»), «yetti aflok» («Yetti aflokni anga yor et») – samovotning siru sinoatlari tasvirida bo‘lsin, xoh ruhiy dunyoning bashar avlodi silsilasidan iborat olisu yaqin halqalari, qatlamlari, qirralari xususida bo‘lsin, shoirona, orifona, oshiqona va qalandarona navolar, navosozliklar o‘sha yolqinli, tug‘yonli Darddan xoli emas. Bas, Navoiy she’riy kulliyotining qaysi bir jildini varaqlamang, goh: «Dardini najotim et, ilohiy», goh: «Mehri yo‘qlarga giriftor aylama», goh: «Dardima darmon inoyat aylagil!» – deya nolayu munojot qilishining boisi shunda.
Xullasi kalom, benazir murabbiy, mutafakkir shoir – hazrat Navoiyning biz daf’atan nigoh tashlagan va baholi imkon sharhlashga intilgan terma baytlarida bu ilohiy she’riyatga xos uch muhim alomat: «So‘z guhari», «Ma’ni xazinasi» va xususan tangri ilohiydan umid-ilinj ifodasi – «Dard» kalomlari biri – suvrat, biri – siyrat, yana biri – ruh sifatida bu yorug‘ dunyoning o‘ziday butunlik, tanosib («vahdati vujud») timsoliga aylanadi.