“O‘zgacha hol” bayoni
20-maqolat

Hol – dunyaviy-majoziy va tasavvufona-ilohiy she’riyatning keng tarqalgan sevimli obrazlaridan. U – insonning botiniy dunyosi – siyrati, dili, ko‘ngli, ruhiyati ramzi. Yo‘q, aniqrog‘i, inson ko‘nglida va ruhida kechadigan eng nozik – mahram, sirli-sehrli jarayonlar, lahzalar, mavjlar, tebranishlar, sadolar, ohanglar, jilolar ramzi, suvrati. Shohbayt:


Birki hayron bo‘ldi ul orazg‘a, ko‘rdi xalqdin

Har nafas yuz qatla o‘z holiga hayrondur, ko‘ngul.


Bir marta, faqat bir marta hayrat ichida boqishning kutilmagan og‘riqli, ayni chog‘da lazzatbaxsh oqibati: Navoiy xayolidagi lolarux mahbub «orazi»ga uning bechora qahramoni – oshiq beixtiyor hayron bo‘lib qaradiyu, ko‘nglida ajab holat o‘zgarishi sodir bo‘ldi, bundan odamlarning ham oromi buzildi – ular bu favqulodda sirli-g‘aroyib holni ko‘rib, hayratdan yoqa ushladilar, yo‘q, bu kam – «har nafas yuz qatla»hayronlik vaziyatiga tushdilar. Shu tariqa, Navoiy-oshiq ko‘nglining mahbuba ruxsoriga («oraz», «ko‘ngul» – tanosib, «birki», «yuz qatla» – tazod usullari) nisbatidan «hol»ning tutilmagan lirik obrazi yaratiladi.

Yana bir g‘azalda oshiqning hajr qiynoqlarida ozurda bo‘lgan «holi» o‘zgacha qirrasi bilan ochiladi. Bayt:


Bo‘lub ul gul sadqasi, holingni arz etmish sabo

Ey Navoiy, bo‘lsa yuz joning – saboning sadqasi.


«Sadqasi», «sabo» so‘zlari o‘zaro joy almashib, takrorlanib kelishi (tardi aks san’ati) dan, lutfona sho‘xravon ohang, toza, tarovatli ranglar – tabiat timsollari («gul», «sabo»)dan yaratilgan bu majoziy lavhada «hol» tashbehi kutilmagan tarzda shaydo yigit ruhining baxtiyorlik taronasi ramziga aylanadi: oshiq o‘z ahvolini mahbubga yetkazgani uchun («arz etmish») sabodan shunchalar minnatdorki, iloji bo‘lsa, bir emas, yuz jonni unga baxshida etishga tayyor (zohiran imkonga sig‘magan narsa, hodisa, holatdan she’riyatda lirik lavha, manzara, timsol-obraz yaratish chinakam so‘z fasohatidir). Inson kayfiyati – ruhiyatining bunday g‘aroyib-samoviy holati real hayotda, o‘zaro munosabatlar doirasida, xalqning jonli muomila tilida, ifodaviy naqllarida ham uchrab turadi: «uning quvonchi yeru ko‘kka sig‘masdi», «jonini joniga ulaydi». «yetsa molim, yetmasa jonim» va hokazo.

Boshqa bir she’rda «holat» munshiylik va tahrir san’ati vositasida favqulodda nozik, nuktadon lirik lavhaga aylanadi. Bayt:


Zulfi ichra zor jismim holatin qilsang raqam,

Ey muharrir, zarhal etgaysen qaro tahrir ila.


Musavvirlik, naqqoshlik, kitobat kabi musulmon Sharqining g‘oyat nozik san’atlaridan yaxshi xabardor, bu borada shaxsan xomiylik, rahnamolik qilgan ulug‘ shoirning mazkur shohbaytda «holat» timsolini yaratish usuli beixtiyor hayratga soladi. Garchi muharrirlik san’ati (bu ham o‘sha zamonda, masalan, hattotlik kabi faqat kasb emas, san’at darajasiga yetgan edi) rassomlik bo‘lmasa ham, Navoiy «holat» tasvirida so‘zlarni iloji bo‘lsa rangin harflarda yozishni tavsiya qilmoqchi bo‘ladi-yu, lekin buning iloji yo‘qligini fahmlab qoladi (ehtimol, mahbubaning «zulfi» ta’riflangan so‘zlar, satrlar qora harflar bilan bitilishi, navbat oshiqning hajr qiynoqlarida za’faron bo‘lgan «zor jismi»ga kelganda zarhal harflar ishlatilishi mumkin edi). Illo, muharrir vazifasining mushkulligi shundaki, «zor jism... zulf ichra» tasvirlanishi kerak, demak, «holat» timsolini na «qaro» va «zarhal» aralash, na ikki rangdan birida berish maqsadga muvofik, emas. Yagona usul – «holat»ni avval «qaro tahrir ila» raqam qilib, so‘ngra, unga zarhal berib chiqish...Bu ham shartli bir usul: go‘yo bu bilan bir vaqtda ham «zulf», ham «jism»ga xos qirralarga ramziy ishora qilingan bo‘ladi, muhimi, oshiq «holati»ning mumkin qadar o‘zgacha-rangin («qaro – zarhal») obrazi yaratiladi.

Gʻazallardan yana birida «muharrir», «tahrir», «raqam» tashbehlariga yaqin, hamohang nisbatlar orqali jozib lirik lavha chiziladi. Bayt:


Ey Navoiy, sharhi Holimni dedim irsol etay,

So‘zidin ham safhaga o‘t tushdi, ham kuydi qalam.


Shoirning qahramoni – oshiq, orif, ijodkor sifatida o‘z «holini» o‘zi sharhlash maqsadida taraddudlanib, yozishga tutinadi, lekin oradan ko‘p fursat o‘tmasdan ko‘z o‘ngida, go‘yo afsungar sehr ko‘rsatganday, yozayotgan qog‘oziga «o‘t tushib» yona boshlaydi, qalamni kuydiradi. Bu o‘t qayerdan keldi? Shoir «so‘zidan»!..Sababi nimadan? Oshiq Navoiy «holi»ning o‘tli nafas bo‘lib so‘zga o‘tishidan! Klassik she’riyatimizda «so‘z»ning ikkinchi ma’nosi – o‘t, otash («so‘zona» – otashin, olovli, alangali). Shu tarzda sohir shoir iyhom san’atidan foydalanib, «hol»ning tutilmagan nafis obrazini yaratadi. Shohbaytning joziba siri «so‘z»ning bir vaqtda bir yo‘la ikki ma’noni ifodalab kelishidagina emas, balki, muhimi, oshiq «holi»ning o‘tli so‘zlarga aylanib, hamma narsani kuydirishga qodir tug‘yonli, isyonkor – purdard darajaga borib yetganida...

Boshqa bir g‘azalda shoir qahramonining g‘oyat mushkil ahvol-ruhiyasi («ming sa’b hol»i) ifodalanadi. Bayt:


Gar Navoiyga yetar ming sa’b hol, andin durur –

Kim xabarsizlarni holidin xabardor ayladi.


Ajoyib ziddiyat, ayni vaqtda hayotiy haqiqat... Kishining holidan (boshiga kelgan biror g‘am-tashvishdan) avval «xabarsiz» bo‘lgan yaqinlari, do‘stlari kelib xabar olsalar, ularning taskin-madorli .so‘zi, mehribonchiligi bilan ko‘ngli ko‘tarilib, ruhan yengil tortishi, ahvoli yaxshilanishi mumkin. Lekin aslida Navoiy kuzatgan maqsad boshqa bo‘lsa-chi: xabarsizlar kelib holini so‘rmaganlari yaxshi edi; sababi, uning ahvolidan odamlar (mayli, ahboblar)ning ogoh bo‘lishini ko‘ngil istamasdi, oqibatda bundan («xabardor aylash»dan) unga «ming sa’b hol yetmas» edi ham, Qanchalik hayotiy ziddiyat! Demak, qahramon (oshiq yo orif)ning bunchalar mushkul holiga sababchi omil har bir inson faqat o‘zi bilishi lozim bo‘lgan ko‘ngilga mahram sir, chunonchi, muhabbat dardining el aro fosh bo‘lish malomatidir. Shu tariqa, «hol» timsolidan xalqning muqobil xarakterdagi «xabarsiz – xabardor» naqli orqali (irsol-ul masal san’ati) o‘zgacha lirik lavha chiziladi.

Oshiqning «holi»shu sirli-sehrli ruhiy xilqatning o‘ziday jozibali san’at – iyhom orqali muzayyan etilgan bir shohbayt:


Bordi tishlab bormog‘in ko‘rgach Navoiy holini

Ham hayotu ham o‘lum ko‘rdum oning bormog‘ida.


Iyhom san’atida bir so‘z – tashbehning ikki ma’nosi o‘zaro nozik bahsga kirishadi, biri ikkinchisiga nisbatan ma’lum ishtiboh ohangi ham sezilishi mumkin. Oshiq Navoiyning «holi»dan mahbuba shunchalar ta’sirlanib ketadiki, byeixtiyor barmog‘ini tishlagancha, ne xayollar bilan asta uzoqlashib boradi. Bu mislsiz gulruxsorning shunday iztirob ichida ohista uzoqlashib borishi oshiq nigohida «ham hayotu ham o‘lum» manzarasini gavdalantiradi: «hayot» – go‘zal yor qattiq iztirob chekkan, ziddiyatli xayollarga tolgan holida yanada jozibali, ehtimol, o‘z shaydosi – oshiqning umidsiz, najotsiz ahvolini ko‘rib, pushaymondan iztirob chekayotgani, bu ketishida qaytib kelmasligi ifodasi. Shunday qilib, «oning bormog‘ida» so‘zlaridan anglashilgan ham jozib, ham ishtibohli ikki nuktadon ma’no orqali mahbubaning ajab raftorini kuzatib ortiq ziddiyatli – arosat xayollarni kechirgan oshiq Navoiyning yana fuzun bo‘lgan «holi»ni aniq, yorqin tasavvur qilish mumkin.

Gʻazallardan birida lirik qahramon qiyofasidagi mungli-hazin ruh yana o‘zgacha hayotiy nisbatlar vositasida ifodalanadi: Bayt:


Men sinuq, ko‘nglum sinuq, sabrim uyi xud yerga past,

Bilmagay holim shikastin ko‘rmagan muncha shikast.


Hayotning issiq-sovuq, achchiq-chuchuklarini boshidan ko‘p kechirgan zahmatkash, jafokash odamlarning tajriba sabog‘i shundan dalolat beradiki, ular kezi kelsa, alamzadalik zo‘ridanmi, achchiq haqiqat so‘zlarini aytishdan toymaydi: «g‘am egasini taniydi – bechoraga keladi, kelsa ustma-ust keladi; «mazlumning ahvolini o‘z boshiga kelgan kishi biladi» va hokazo. Ma’lumki, Navoiy o‘ziniig oliy («amiri kabir'lik) martabasidai qat’iy nazar, aholining barcha tabaqalari hayotidan, tijorat, maishat tarzidan, shu jumladai kulbasini har yili, «ta’mirlab», buzib-tuzatib, yamab, epaqaga keltirib yashaydigan bechora hol odamlardan, ayniqsa, uysiz-vatansiz – turli xayriya binolarida sabr-qanoat bilan kun o‘tkazadigai g‘arib, miskin, musofir, yetim-yesir, qalandar-darvishlar toifasidan doimo – bevosita va bilvosita voqif bo‘lgan, ulardan mablag‘ini, mehr-shafqatini, muruvvatini darig‘ tutmagan (shoir zamondoshlari – muarrixlar, shoirlar shunday shahodat beradilar). Muhtojlarning ulug‘ homiysi, najodkor va madadkori bo‘lgan naziri yo‘q ulusparvar, mardumsevar Navoiy shaxsan tasarruf etgan bunday «imkoniyatlar» uning turli janrdagi asarlarida, badiiy vositalar, usullar sifatida qo‘llanganiga ajablanmasa bo‘ladi. Yuqoridagi baytda ijodiy istifoda etilgan «sinuq», «yerga past», «shikast», shuningdek, «sabr uyi» kabi tashbeh-nisbatlarni shoir xayoli, fantaziyasi mahsuli emas, balki bevosita hayotiy taassurotlar mevasi deb bilish kerak. Xullas, xalqona iboralar va naqllarni bunday sayqallash zaminida «hol»ning shikast ruhdagi lirik timsoli shakllanadi.

Mantiqan odamlarga umid, najot, quvvat, ruh bag‘ishlovchi, ijodkorga ilhomu rag‘bat beruvchi, go‘zallik, soflik, safo ramzi bo‘lmish tong («subh») ham go‘yo oshiq «holi»ga qarab motamsaro qiyofaga kiradi. Bayt:


Jon topay dersen sabuhidin vale g‘ofilki, subh

Chok etib ko‘nglok sening holingga tutmishtur aza.


Rind tabiat kishilar (ular ham o‘zlarini dardli, oshiq, shaydoi deb biladilar) tungi alam, sog‘inch xumoridan sabuhiy (tonggi boda kayfi) qilib ko‘ngil g‘ashligini yozmoqchi bo‘ladilar. Lekin oshiq Navoiyga sabuhiy ham nasib etmagan: bu subhning va’zi (tuzilishi, ko‘rinishi) – motamsaro, go‘yo bechora oshiqning «holi»ga aza tutganday (har qanday bodaparast musulmon aza kunlari ichsa dindan chiqqan, tarso bilan barobar bo‘ladi). Shohbayt mazmuniga xos, hayotiy ziddiyatlar zaminiga qurilgan haqqoniylik so‘z fasohati – badiiy mushohada nazokati bilan uyg‘unlashib, «sening holing» obraziga o‘zgacha joziba, teranlik bag‘ishlaydi: badiiy mantiq taqozasiga ko‘ra tong sahar qorong‘iligi asta taralib sharq ufqida yorug‘ chiziq ochilib, tobora kengayib borish manzarasi musulmon ayollarining to tomog‘igacha berkitib turishi lozim bo‘lgan ko‘ylagi yoqasini banogoh «chok etish»lariga muqoyasa qilinadi. Zarurati bilan yoqa tugmalari asta yechilishi mumkin bo‘lgani holda, aza tutgan – motamsaro vaziyatda «ko‘nglok chok etishning gunohi bo‘lmaydi...

Boshqa bir g‘azalda «subh» «tun» tashbehi bilan muqobil kelib, oshiq Navoiy «holi»ni ikki taraflama ko‘rsatishga xizmat qiladi. Bayt:


Kecha navom holima gah kuldimu gah yig‘ladim,

Tun asardur yig‘lamoqdin, subh dog‘i kulgidin.


E’tibor bering-a: shoirning ko‘ngildagi qat-qat dard, hasrat, armon, umidlari bilan dard ahlidan birortasiga o‘xshamaydigan qahramoni – oshiq Navoiy faqat kechasi (ehtimol, to tong sahargacha) goh kulgan, goh yig‘lagan. Yolg‘iz o‘z holiga. Nega bunday? Oddiy, faqat diyonatli, nomusli kishilarda ham shunday mushkil, najotsiz daqiqalar, alam, sitam, ozor jon-jondan o‘tib, ruhni qaqshatadigan ozurda lahzalar bo‘ladi. Avval ezgin-ezgin yig‘laysan, keyin achchiq, chuqur istehzo, taajjub, oriyat, o‘kinch va yana alam aralash murakkab, parishon bir kayfiyatda kulasan. O‘z holingdan!.. Navoiy-chi? Navoiydek qalb ummoni, ruhiy fazosi, iroda qudrati beqiyos, chin valiy siyrat zot hay darajada yig‘lagan, qanday qiyofada kulgan! Darvoqe, u avval kuldim deydi. Agar bu faqat vazn taqozosi bo‘lsa, uni o‘nglash oson edi. Yoki avval faqat yig‘laganu (bu boshqa satrlarda ifodalangan) biz o‘sha lahzalarni o‘ylab «goh kulgan, goh yig‘lagan» holida uchratyapmizmi? Endi ikkinchi misraga razm solaylik: tunning ayozi, ayniqsa, shabnamlari «yig‘lamoqdan asar» ekanligi – mungli latofati ham mayli, ammo «subh dog‘i kulgidan» so‘zlari lavhasiga joylangan alamangez va kinoyaomiz nola, tug‘yon ma’nosiga hayratlanmay bo‘ladimi, illo, subhidam yorug‘ligi – «kulgisi»da chin kulgiga xos iliqlik, harorat bo‘lmaydi. Shunday qilib, Navoiy tasavvuri va taxayyulidagi «xol»ning har ikki jihati ko‘ngilga mungli lazzat beradigan kamyob obrazi ishlanadi.

Lekin oshiq Navoiyning «holiga» Majnunning yig‘lashini qiyos qilib bo‘lmasa kerak. Bayt:


Qaydadur Majnunki, bergay pandu chun fahm etmasam,

Yig‘lagay holimg‘a bag‘ri og‘rig‘ondin zor-zor.


She’riyat san’atining istiorali, ramziy-mubolag‘ali qonuniyatidan qat’i nazar, insonning «holi» shu darajaga borib yetishi mumkinligiga imon keltirmay bo‘lmas. Zero, she’riy mantiq va xayol kuchiga ishonmay turib na hayajonlanib, na hayratlanib bo‘ladi. Avvalgi baytdagi lavha – goh kulgan, goh yig‘lagan» devonavor hol ham bir nav’i ekan; bechora oshiq Navoiy «holi»dan hatto sahroga bosh olib ketgan Majnun banogoh xabar topib, yo‘lga chiqadi va nihoyat, uni uchratib, pandu nasihatlar qila boshlaydi (g‘aroyib bir hol: Navoiy salaflar an’anasiga ehtiromu o‘zining ruhiy-ma’naviy ehtiyojlariga munosib javob tarzida sha’niga doston bag‘ishlagan o‘sha Majnun-a!). Ne hasratki, oshiq Navoiy uning hidoyatomiz – go‘yo to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi (!) so‘zlarini «fahm etmaydi». Bu ne holdirki, Majnundek olamga mashhur ishq fidoyisi, buyuk dard timsoli boshqa bir purdard oshiqqa pandu o‘git ayta boshlasayu u baayni ilohiy ishq kuychisining bunday muborak nafasi – hadislariga ishonmasa, o‘zini anglamaganga, tag‘ofilga solsa!..Bunday shakkok isyonkorlikni, mislsiz qaysarlikni ko‘rib Majnun nima qila olardi? Shu yerda bayt mantiqi ikkinchi misra mazmunini taqozo qiladi: «Yig‘lagay holimg‘a bag‘ri og‘rig‘ondin zor-zor». Biz Navoiyning qutlug‘ xayoli haqqi-hurmati afsonaviy Majnunning «zor-zor yig‘lashi» mumkinligiga samimiy ishona boshlaymiz, ko‘nglimiz larzaga keladi. Ana Navoiy xayolan yaratgan va o‘zi bilvosita (shoir-ijodkor sifatida), ehtimol, bevosita, ruhan kechirgan qahramoni – oshiq «holiga» talmeh san’ati orqali tiklangan betakror lirik obraz namunasi!..

Nihoyat, yana bir g‘azalda «yamon hol»ning tub sababiyati – buyuk insoniy va oshiqona dardning mohiyati inkishof etiladi. Bayt:


Gar yamon holimga ko‘z solmas, ajab yo‘qkim, erur –

Ul qaro ko‘zlar qaro baxtim masallik uyquchi.


Zohiran, bir so‘zning ikki ma’nosi («qaro ko‘zlar, qaro baxt» – tajnis usuli) zaminiga qurilgan bu lirik lavhada, aslida ulug‘ shoir va tabarruk zotning butun ruhiy, ma’naviy, ijodiy olamiga bemalol tamsil etsa arzigulik teran ma’no, xududsiz dard, hasrat, armon muxtasar tarzda, mujassam ifodalangan. «Yamon hol»ning asosiy boisi qismat buyrug‘i bilan bog‘liq ekanligi «baxtim uyquchi» obrazida aks etadi. Lekin obrazga ham hayotiy, haqqoniy ma’no, ham badiiy joziba bag‘ishlagan – «qaro»tashbehi (u nafaqat «baxt» bilan, balki «uyquchi» timsoli bilan ruhan uyg‘undir) Shu tariqa, Navoiyning el-ulus mehriga, rahmatiga musharraf, benihoya mukarram va moʻtabar hayot, ijod, imon-e’tiqod yo‘liga, ilohiy nazar bilan nurlantirilgan muborak a’moliga qaramay, «uyquchi...qaro baxti» tufayli o‘nglanmagan, o‘nglanishga umid, najot topmagan «yamon holi» haqqoniy chizilgan lirik lavha bizni chuqur xayolga toldiradi...

Tavsiya etiladi
So'z guhari
So'z guharining ilohiy sadosi(birinchi suhbat)

БИРИНЧИ СУҲБАТ


"Низомул миллати вадди...

Intiho so‘z
Intiho so‘z

Mir Alisher Navoiyning shohbaytlari. Azal va abadning o‘z...

21-maqolat
“Izining tufrogʻidek...”

Klassik she’riyatimizdagi xokipoylik, xoksorlik, haqirlik...