Tabiatdan, samovotdan saylab olib yaratilgan, sayqallangan she’riy timsol va ramuzot, istiora va majozlardan farqli ravishda, ijtimoiy hayot, maishiy turmushning turli sohalariga oid ajoyib faktlar, beixtiyor o‘ziga tortuvchi tafsilotlar she’r yaratish jarayonida, obrazli tafakkur qonunlariga binoan maxsus so‘z-obrazlarga, voqeiy-lirik lavhalarga, jonli, haqqoniy timsollarga aylanishi mumkin. Davr voqeligi – davr ahlining hayoti, tijorati, kasb-kori, ish jarayoni, o‘zaro munosabatlari, turfa muammolari, quvonchlari, dardlari; kechmish voqelik – turli odatlar, an’analar, turli obidalar, tarixiy saboqlar, tajribalar, sarguzashtlar, fan va madaniyatning tarix, falsafa, etnografiya, tibbiyot, falakiyot, ijtimoiyot, huquq, mantiq, kimyo, shuningdek, xattotlik, naqqoshlik, musavvirlik, me’morlik, musiqa, bozingarlik (qiziqchilik), kitobat kabi sohalari...Ana shunday maxsus tafsilotlar, ma’lumotlar, axborotlar – voqelik nisbatlari an’anaviy tashbehlar – ramzlar, majoz va istioralar bilan go‘yo «raqobat» qiladi – o‘zgacha hayotiy vositalarga aylanadi. Navoiy ana shunday turmush tafsillaridan goh bevosita foydalanadi, goh ularga ramziy-majoziy ma’no, qiyofa beradi. Shohbayt:
Tajalli istasang ul yuzdin, o‘rtabon jisming
Quli bila ko‘ngul oyinasin jilo qila ko‘r.
Navoiyning lirik qahramoni – oshiq mahbubining dardiyu yodi bilan yashar ekan («Dardimga xayolini tabib et... Yodini hayotim et, ilohiy»), xayoldagi o‘sha mohro‘y («ul yuz») faqat ko‘ngilda jilolanishi – «tajalli» etishi mumkin. Bas, oshiqning «ko‘ngil oyinasi» olamni aniq va tiniq ko‘rsatmog‘i uchun uning favqulodda jasorati – o‘z «jismini o‘rtashi» lozim bo‘ladi. Illo, ko‘ngil ko‘zgusi (u oddiy ko‘zgulardan emas) faqat shaydo «jism kuli bila» ravshanlik kasb etsa ne ajab? Shu tariqa, real imkoniyat doirasidan tashqari bir holdan, faqat she’riyatning g‘aroyib mantiqi yaratishi mumkin bo‘lgan jozibali lirik lavha-obraz shakllanadi. Eng muhimi, sohir so‘z san’atkori hunar ahli ko‘zguga jilo berishda foydalanadigan kimyoviy usulga she’riy sayqal berish bilan musulmon Sharqida keng tarqalgan (jumladan, Navoiy e’timod bildirgan naqshbandiya oqimi o‘zlashtirgan) tajalliyot – ilohiy qudratning tabiat va insonda in’ikos etishi falsafasiga o‘zining marg‘ub munosabatini namoyon qiladi.
Navoiy g‘azallaridan birida tabiiy ofat va vayrona fonida g‘oyatda haqqoniy, nafis manzara chizadi. Bayt:
Base, ashk oqizding, ey ko‘z.bas etkim,
Yiqilmasun ustingga vayrona nogah.
Ba’zan hayotda shunday bo‘ladiki, ortiq darajada ishdan zo‘riqish yo vazmin yuk, aniqrog‘i, eyoki devor yo vayrona tagiga suv ketishi xatarli oqibatga olib kelishi, falokat aksariyat kishining o‘z aybi bilan sodir bo‘lishi, ya’ni «vayrona (o‘zining) ustiga yiqilishi» mumkin. Navoiy mana shunday tahlikali – noxush hodisa xavfini muhabbat savdosi – hijron yoshlari selobi bilan qiyoslaydi, qiyoslaganda ham juda chiroyli, hayotiy majoz yaratadi – ruhiy manzara chizadi: beto‘xtov yig‘lagan ko‘z go‘yo o‘zi to‘kkan behisob yoshlar tufayli madori qurigan va najot istab vayronaga kirib qolgan jafokash oshiq ramziga aylanadi («insoniylashadi»). Shunisi yanada ajabroqki, o‘sha vayrona... oshiqning ozurda, shikasta jismi bo‘lib chiqadi. She’riyatning ramziy-istioraviy obrazlar silsilasida, ehtimol, uchratilmagan hol! Shu tariqa, vayrona-jismning o‘z «ustiga yiqilishi»(!) kabi «aql boshi aylanar» ifoda usuli orqali so‘z fasohati imkoniyatlari cheksizligidan dalolat beruvchi betakror lirik lavha yaratiladi.
Yana bir g‘azalda «ashk» (ko‘z yoshi) yomg‘ir-jalaga, oshiqning ko‘ngli yo‘l bo‘yidagi «vayrona»ga tamsil etiladi. Lekin bu muhoyasadan qanday jozib lavha yaratiladi! Bayt:
Ko‘zda ashkimdin qochib kirdi xayoli ko‘nglima,
Ko‘p yog‘indin yo‘lda el vayrona qilg‘ondek panoh.
Ayniqsa, ot-ulovsiz, yupun yo‘lovchilarning qattiq yog‘indan qochib, vayronadan... najot qidirishi (sodda va achchiq haqiqati bilan tanish kechmish asrlarning yo‘llariga xos mungli manzara!..) oshiqona xayol timsoli – mahbuba suvratiga muqoyasa etilishi chindan ham nafis emasmi: «Ko‘zda ashkimdin qochib, kirdi xayoli ko‘nglima». Oshiq Navoiy tasavvuridagi lolaruxning ko‘zdan ko‘ngilga o‘tgan xayoli... Yig‘layotgan alamdiyda ko‘zning yomg‘irli yo‘l manzarasiga xoksoru shikasta ko‘ngilning ko‘p yog‘indan to‘kilay-to‘kilay deb turgan vayronaga tamsil etilishi she’riy lutf so‘z nazokatiyu hazin ma’nosi bilan qanchalik haqqoniy, tabiiy lirik-dramatik lavhalar... Xayol timsolining zohirdan botinga (ko‘zdan ko‘ngilga) o‘tishi-chi!.. Shunday qilib, Navoiyning bizga boshqa shohbaytlardan tanish qahramonlari – oshiq va uning mahbubi bu gal butun o‘zgacha holat, o‘zgacha qiyofada (muvozana san’ati – parallelizm usulida) namoyon bo‘ladilar.
Yana bir g‘azalda «yo‘l» tashbehi shahar mahallalarining tutash ko‘chalaridan biri foniga aylanadi. Bayt:
Har bepoyon yo‘lin qat’ aylamak dushvor erur,
Za’fdin menkim yururmen qo‘l tayab devorga.
Muhabbat yo‘lidek uzun, «bepoyon yo‘l» bo‘lmasa kerak. Uning purziyo, shukuhli va uqubatu iztirobli har bir manzilini bosib o‘tish (“qat’ aylamak”)da holsizlik, majolsizlikdan («za’fdin») oxiri «devorga qo‘l tayab» bo‘lsa-da, ilgarilab borishdan o‘zga chora yo‘q. Hayotdagi, har qalay, tanish manzara: ko‘cha-ko‘ydami, ehtimol, xonadondami yurib turgan kishining banogoh madori qurib, ko‘zi tinib, boshi aylanib, devorga yo boshqa biron narsaga suyangan holida to o‘ziga kelguncha turib qolishi, so‘ngra yiqilmaslik uchun devorni (yo boshqa biron narsani) ushlab ma’lum masofani o‘tishi mumkin. Navoiy mana shunday qisqa muddatli turmush hodisasini madorsiz, xastahol oshiqning yor ko‘yi bo‘ylab yurib borishida go‘yo davomli va yagona tayanch vositasi sifatida ta’riflaydi: «Za’fdin menkim yururmen qo‘l tayab devorga». Bunday she’riy lutf – mubolag‘a usuliga bayt mazmuni – oshiqning «za’f» holati ham, san’at, badiiyat mantiqi ham yetarli asos beradi.
Gʻazallardan birida ishq qismatining bepoyon yo‘li «sahro» – «vodiy» tashbehlari yaratgan g‘aroyib manzara orqali chiziladi. Bayt:
Ey, Navoiy, ishq sahrosida gar qo‘ydung qadam,
To nechuklagaysen ul poyoni yo‘q vodiy bila?
Real turmushda yo‘lini yo‘qotgan (so‘zning tub va ko‘chma ma’nolarida), sarson-sargardon bo‘lgan gumrohlargina emas, oqillar, zukkolar ozmi? Lekin borayotgan yo‘lidan adashib ketishning asrlar davomida sinalgan, an’anaga aylangan, asosli manba-nisbati «sahro» va «vodiy»dir (klassik she’riyatimizda, jumladan, mazkur shohbaytda «vodiy» tashbehi hozir biz tushungandan ancha keng, aniqrog‘i, «sahro» bilan deyarli sinonim ma’noda talqin qilinadi). Albatta, inson haqiqiy sahro va vodiyning «poyoni yo‘q» yo‘llari tanobini tortishga ham muvaffaq bo‘lar. Lekin «ishq sahrosi»ning poyonini kim bila oladi? Balkim abadiyat yo‘li deganlari o‘zi shudirki, to dard ahli bu sirli-sehrli va uqubatli yo‘lga «qadam qo‘yibdi», unda adashib qolmaslik uchun nima qiladi, qanday iloj topadi – buni faqat o‘zi biladi, to‘g‘rirog‘i, chin oshiq bunday vahmdan, ishtibohdan uzoq. Shunga qaramay, buyuk san’atkor o‘zining qahramoni – oshiq Navoiy oldiga qiynoqli savol qo‘yadi: «To nechuklagaysen ul poyoni yo‘q vodiy bila?» Xullas, tabiat va ijtimoiy hayot hodisalari zaminida muhabbatning «poyoni yo‘q» ruhiy-ma’naviy olamini ulug‘lovchi lirik obraz-manzara yaratiladi.
Ne ajabki, tabiatdagi moʻjaz-mitti jonzotlardan biri vositasida shunday nozik kuzatish, ingichka xayol samari bo‘lgan she’riy lavha chizish mumkin ekan. Bayt:
Navoiy, yor la’lida uchuqturki, yo‘qsa yopishti
Chibinning parridin bir pora qo‘ng‘on chog‘da bol uzra.
Maishiy turmushda kamdan-kam odam (hatto juz’iy narsalarga ham qiziqib, hayratlanib qaraydigan bolalar bundan mustasno) e’tibor beradigan bir minityur manzara... mahbuba labidagi «uchuq» tasviri uchun birdan-bir aniq, tiniq nisbat – muqoyasa sifatida tanlanishi qanchalik nozik she’riy mushohada dalolati! Bu nafis tamsil usulining joziba siri faqat zohiriy o‘xshashlikda, chunonchi, labdagi ancha qayta boshlagan uchuq (yangi chiqqani qirmizi rangda bo‘ladi) chivin qanotining bir qati – parchasiga qiyos qilinishidagina emas, ayni chog‘da «chibin qo‘ng‘on bol» mahbuba labining lazzatbaxsh alomatiga ayni matlub va manzur tashbehdir. Qolaversa, mazkur baytdagi ifoda jozibasi shoir istifoda etgan «chibinning parridin bir pora» birikmasi bilan ta’min etiladiki, bu turmushdan tanlab olingan tafsilning ma’no-mantiqiga muvofiq va munosib shakl – tasviriy vosita kashf qilish san’atidir. Shu tarifi, Navoiy bu gal ham muvozana (parallelizm) usuli orqali she’riyatga xos obrazli tafakkur qudrati, maxsus nuktadon mushohada tarzi nimalarga qodir ekanini ayon ko‘rsatadi.
Yana bir g‘azalda Hind mulkidan (ehtimol, boshqa issiq mamlakatlardan) kelgan afsungarlar san’ati she’riy nisbat sifatida olinadi. Bayt:
Soching savdosidin aytur parishon so‘zlarim bordur,
Fusungar san’at aylarda yilong‘a qilg‘on afsundek.
«Soching savdosi» – yorug‘ dunyodagi eng go‘zal va eng foje’ qismat bo‘lmish muhabbatning mazkur bayt mazmuni va she’riy mantiq taqozo qilgan ramziy ifodasi, ya’ni an’anaviy tamsil uchun saylab olingan hodisa – ilon afsuniga muvofiq ijodiy qayta ishlangan tashbehlash usulidir. Chunonchi, boshqa baytlarda mahbuba labi yoki joni tasvirida Masih, Xizr; ko‘ngil tasvirida bahr, gavhar, g‘uncha; ko‘z yoki ruxsor tasvirida anjum, oy, quyosh she’riy ramzlarga aylangani (badiiy mantiq shuni taqozo qiladi) singari bu gal soch ta’rifida ilon va uning harakat-holatiga muvofiq «parishon so‘zlar», oshiqning ahvol-ruhiyasiga afsungarning sajiyasi she’riy nisbat sifatida kelishi ajablanarli hol emas. Xullas, Navoiy tabiat hayoti va ijtimoiy turmushning barcha sohalari, qatlamlari, ularning tashqi-zohiriy va ruhiy-botiniy alomatlarini ko‘ngil ko‘zi bilan kuzatgani, qalb qulog‘i bilan tinglaganidan shahodat beruvchi shohbaytlar she’riy obraz yaratishning yuksak namunasidir. Boshqa bir g‘azalda Sharq voqeligi va tarixining o‘ziga xos ramzi bo‘lgan karvonlar hayotidan kichik bir lavha-tafsil vositasida oshiq hasratlari ifodalanadi: Bayt:
Aqlu sabru hush yitib, ko‘nglumda qoldi dog‘lar
Karvon ko‘chsa, qolur o‘tlar yeri manzil aro
Ajabo! Oshiq «ko‘nglida qolgan dog‘lar» ishq yo‘lidagi beomon to‘qnashuv – olishuvlarning foje’ asorati bo‘lsa-ya? Ko‘ngil maydoni – jangohida bir-birlari bilan muxolif jabhalarida turgan qanday kuchlar ekan? Navoiy bu mislsiz ma’naviy-ruhiy kurashning faqat bir jabhasini – «yitgan (yo‘q bo‘lgan) aqlu sabru hush»ning foje’ oqibatini tilga oladi. Demak, mantiqan narigi muqobil jabhada Ishq, Qalb, Ruh insonlikning aql-zako, sabr-sabot, es-hush kabi imon-e’tiqod, nangu nom asosi bo‘lgan muqaddas aqidalari bilan uzoq davom etgan ayovsiz muhoraba qilganlar, o‘zlari katta jarohotu talofat ko‘rsalar-da, muholiflari ustidan g‘olib kelganlar, jang maydonida ularning ham muborak qoni to‘kilgan, asorati qolgan...Ehtimol, bu mantiq unchalik aniq emasdir yoki mubolag‘asi bordir. Lekin shunisi haqiqatki, muhabbat chekinish yo taslim bo‘lish nimaligini bilmaydi, u jisman mahv etilsa, ruhan yashayveradi... Ishq qismatining ortiq azob-uqubatli, lekin o‘lmas g‘oyasi ikkinchi misra mazmuniga xos hayotiy tafsil orqali o‘zining yorqin ifodasini topadi: «Karvon ko‘chsa, qolur o‘tlar yeri manzil aro». Shunday qilib, Navoiy ko‘ngildagi «dog‘lar» va karvon qo‘nib o‘tgan manzildagi «o‘tlar yeri» tashbehlari, shuningdek, ziddiyatiing faqat bir qutbi oshkor (aqlu sabru hush), ikkinchi qutbi yashirin (ishq, qalb, ruh) ramzlari orqali tanosib va tazod san’atlari bilan muzayan etilgan lirik lavha-obraz yaratadi.
Gʻazallardan birida «o‘t» – «dud» hodisalari badiiy tafsil sifatida kelib, oshiqning ozurda qiyofasini chizish vositasiga aylanadi. Bayt:
Tanimni ishq asiri aylading, man’ etma ohimni,
Chu qil o‘t ichra tushti – dud bo‘lmoqdin emas chora.
She’r san’atining hayratbaxsh alomati shundaki, lirik kechinmani tabiat yo jamiyat hayotidagi biror hodisaga qiyos etish usuli qanchalik yuksak did, nozik so‘z tuyg‘usi bilan, badiiyat nuqtai nazaridan qanchalik iqtidor, mahorat bilan ijro qilinadi – mana shu san’at jihati – tom ma’noda obrazli tafakkur, betakror-individual mushohada tarzi asosiy me’yor, haqiqat va badiiylik mezoniga aylanmog‘i kerak. Shu jihatdan yuqoridagi shohbaytdagi obrazlilik unsurlari so‘z nazokati va fasohati zaminida yaratilgani bilan e’tiborni tortadi: oshiq jismining ishq tufayli kechirilgan azoblar oqibatida go‘yo qil holiga kelishi, o‘tga tushgan qilning boshqa biror narsaga o‘xshamaydigan to‘lg‘onib-buralib yonish manzarasi... «Ishq asiriga aylangan tan» iztiroblari haroratidan chekilgan ohlar bamisoli tutunday ko‘tarilishi, «o‘t ichra tushgan qil dud bo‘lib» taralishi – tabiat hodisasi bilan inson-oshiq kechinmalarining o‘zaro uyg‘un va mutanosibligi an’anaviy tanosib san’atiga badiiy-mantiqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ba’zan hayotdagi, birinchi qarashda, tahqiromiz hodisalardan, masalan, «devona» va uning achinarli, ayanch qiyofasi oshiq ahvoliga tamsil qilib olinadi. Bayt:
Hushsiz jonkim yoshurmish jismi g‘amparvardni,
Mutlaq ul devonadekturkim yopibtur gard ani.
Zohiran oshiqning hajr azoblari shiddatidan hushini yo‘qotishi (jonsizday ko‘rinishi) uning jismi qanchalik g‘amzada va pajmurda ekanini, qanday azoblar chekkanini yashirishi mumkin, bu bamisoli devona shaxsini, uning insoniy mohiyatini berkitib turgan, chang-gard bilan qoplangan kiyim-boshiyu kir-chir yuz-qo‘llarini eslatadi. Ehtimol, chuqurroq razm solib ko‘rganda, shoir muqoyasalarida tasavvuf she’riyatiga xos ramziy ma’no yo‘q emasdir: illo, hushsiz jon —devonaga (yorug‘ dunyo huzur-halovatidan etak siltagan hurfikr darvesh, vali odamga), jism esa foniylik ramzi – gard-tuproqqa qiyos etilishi bejiz emasday; shuningdek, «yoshurmish», «yopibtur» tashbehlari ham mazkur fikrni tasdiq etayotganday, ya’ni olamning, jumladan, inson ruhining boqiyligi muvaqqat unsurlarda— «jism» va «gard»da yashiringan, degan falsafiy ta’limotning qatra ifodasiday taassurot qoldirishi mumkin... Xullas, bu shohbaytda ham tanosib va muvozana san’atlari vositasida badiiy umumlashma-lirik obrazlar muxtasar shaklda tartib berilgan.
Yana bir g‘azalda «hushsiz jon» go‘yo uyqu hodisasi bilan joy, vazifa almashganday. Bayt:
O‘lganimdin so‘ngra keldi so‘rgali dardimni yor
Uyqu, ko‘rkim boshima etib quyosh, uyg‘onmadim.
Tabarruk umrining har bir qutlug‘ tongini g‘ofillik va gumrohlikdan mutlaqo xoli, toat-ibodat, el-ulus tashvishida tangri ilohiyga sanoyu munojotlar va she’riy ilhom in’omlari bilan o‘tkazgan buyuk shoir, ehtimol, o‘z vaqtida oromi buzilgan yo qattiq toliqqan odamning quyosh ancha ko‘tarilib, oftob harorati qizita boshlaganda (ayni yoz kunlari) ham ochilmagan uyqusi misolida kutilmagan tarzda larzakor lirik-tragik lavha yaratadi. Lekin bu foje’ mazmundagi obraz o‘zining go‘zal falsafasi, go‘zal badiiy mantiqi bilan pok insonning, pok e’tiqodning o‘lmas ruhiy timsoli darajasiga ko‘tariladi: qattiq uyquga ketgan oshiqning «boshiga yetib» uning butun vujudini o‘z nurlari harorati bilan uyg‘otishga jazm qilib uyg‘otolmagan quyosh – mahbuba va uning ruxsoridir, lekin u Masih kabi hatto abadiy uyquga ketgan oshiqi shaydosini agar nuri-harorati bilan ilojini topmasa, jon bag‘ishlovchi nafasi bilan uyg‘otishi mumkin. Demak, birinchi misraning kinoya, ta’na, umid, alam aralash hazinligi bilan navobaxsh mazmuni («o‘lganimdin so‘ngra keldi...») mohiyatda o‘sha beparvo mahbubani, uning timsolida muhabbat qismatining ham mungli, ham so‘nmas ruhini ulug‘laydi. Shunday qilib, «o‘lim» – «uyqu», «yor» – «quyosh» timsollari orqali tanosib san’atining rangin va jozib namunasi – hayotiy hodisa (tongdagi qattiq uyqu) vositasida tarovatli she’riy obraz yaratiladi.
Tabiatning moʻjiz hodisalaridan biri – tovush («un») dunyoda eng sevimli va aziz kishining bir umr xayoldan, xotirdan ko‘tarilmaydigan ramziy siymosi darajasida aniq, yorqin ifodalangan yana bir shohbayt:
Unungni bir eshitibmen, valek yillardur –
Ki yo‘q dameki, qulog‘imga kelmagay ul un.
Oshiq shaxsidan – uning komil va solim inson ekanidan dalolat beruvchi xotirot tuyg‘usining ramzi. Ayni zamonda muhabbatning baxtsiz qismati – «vasli mumkuni yo‘q» hajr sog‘inchlari, yeru ko‘kka sig‘mas hasratlari sababkori bo‘lgan, xayolday olisu bir nafas bo‘lsin («yo‘q dameki») ko‘ngildan nari ketmas mahbubning qutlug‘-muborak timsoli... Ha, shohbaytdagi birgina «un» obrazi Navoiy bir umr xayol qilgan ikkala qahramon – oshiq va ma’shuqa dunyosini ulug‘lashga qodir, moʻjiz, haqqoniy hodisa, tabiiyligi bilan noyob kashfiyotdir. Bu sirli-sehrli satrlarning birinchi asosiy qahramoni Navoiyning o‘zi bo‘lsa ham ajab emaski, ayniqsa, «bir eshitibmen», «yillardur» so‘zlari kishini beixtiyor o‘yga toldiradi, ichki-botiniy bahsga tortadi, qiynoqli savollar qo‘zg‘otadi...
Va nihoyat, bir g‘azalda tarozi, palla («kaffa»), yuk, misqol kabi turmush, tijorat tafsillari vositasida «xajr g‘ami» hasratlaridan yangi, tutilmagan lirik lavha yaratiladi. Bayt:
Kaffadur gardun, g‘ami hajrim yukini cheksalar
Arz jurmi ul tarozu ichra bup misqol ekan.
Ne ajabki, oshiq Navoiyning hajr tufayli chekkan g‘amu anduhlari hisobini faqat koinot tarozisi bilan o‘lchash mumkin edi (tarozi pallalari favqulodda miqyos kasb etishi – arzu samoga qiyos qilinishi qanchalik nafis, ulug‘vor!), afsuski, bu fazoviy mezondan foydalanish imkonsiz. Negaki, hajr tufayli (buning sababiyati ham azal – «gardun» xohishiga bog‘liq) oshiq boshidagi «g‘am yuki» samo pallasiga jo bo‘lsa ham (ifrot san’ati!), ikkinchi pallaning yuki, ya’ni «arz jurmi» faqat bir misqolga teng (misqol qadoqning 84 dan bir bo‘lagi). Baytdan Navoiy kuzatgan maqsadni – gunohkorona shikastalik g‘oyasini anglamoq uchun odatdagiday bu gal ham «gardun» – taqdiri ilohiy ramzi, «arz»shoir qahramoni – oshiq yashagan ijtimoiy muhit timsoli sifatida olinganini qayd etib o‘tish lozim bo‘ladi. Illo, har qanday g‘am-sitamning sababi va sababkori bor. Demak, mantiqan adolat tarozisining bir tomoniga jabrdiyda, ikkinchi tomoniga jabrkor – ayb («jurm») egasining a’moli qo‘yilmog‘i kerak. Ne hasratki, oshiqning fazoviy o‘lchamdagi «g‘am yuki» oldida «arz jurmi»ning vazni zarracha bo‘lib chiqadi... Shu tariqa, arzu samo an’anaviy nisbatlari, shuningdek «hajr yuki» – «misqol» muqobil tafsillari orqali (tanosib, tazod usullarida) muhabbat olamidan yana bir purdard lavha-obraz yaratiladi.