Navoiy g‘azaliyotida soz, ovoz, un, navo, qo‘shuq, nag‘ma, shahnoz,surud, bayot, ohang, o‘lang, arg‘ushtak, savt, lahn (ko‘pligi ilhon) kabi kuy, raqs, musiqa ma’nosidagi; sozanda, xonanda, navozanda, navosoz, nag‘masoz, xushnag‘ma, nag‘masaroy, nag‘makash, ilhonsaro, mutrib, mug‘anniy, chargar singari bastakor va sozanda ma’nosidagi, shuningdek, ud, chang, tanbura, arganun, qonun, nay, g‘ijjak, rubob, setor, sur, surnay, karnay (karronay), naqora (nog‘ora), kovurg‘o (katta nog‘ora), chag‘ona (safoyil) kabi cholg‘u asboblari goh bevosita mutribona-musiqiy manzaralar chizish uchun xizmat qilsa, gohida (aksariyat) bilvosita ulug‘ shoir va mutafakkirning falsafiy, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy va ijodiy-estetik qarashlarini ifodalaydi. Chunonchi, g‘azallarning birida Navoiyning xos e’tiqodi, muhabbat falsafasi, ayni chog‘da musiqa timsolida hayotga, umr ma’nosiga munosabati muxtasar va yorqin aks etadi. Bayt:
Navosidin fano chun hosil o‘ldi, qilgasen, ey ishq,
Navoiy rishtai jonin mug‘anniy udining tori.
Beixtiyor o‘yga toldiradigan hol, hayot va mamotning, ehtimol, musulmon Sharqigagina xos, Navoiy, o‘zgacha sayqal bergan teran falsafasi: ne ajabki, muhabbat qo‘shig‘i, keng ma’noda, ulug‘ shoirning butun purdard she’riyati navosidan mohiyatda «fano...hosil o‘ldi» (Navoiy boshqa bir shoxbaytida: «Deding: «Fano nedurur?». Muxtasar deyin: «O‘lmak», Ki sharhini tilasang, yuz risola bo‘lg‘usidir» deydi)... Demak, shoir birinchi misra orqali fano – baqo falsafasi olamning o‘zi kabi cheksizligiga, mohiyatiga yetish mushkulligiga ishora qiladi. Hayot mantiqiga ko‘ra, tirik odamning «jon rishtasidan...tor» qilib bo‘lmas ekan, ayniqsa, navosoz va navozanda oshiqning o‘z dardi yo‘lida fano bo‘lishi – «o‘lmagi»yu uddek hazin-g‘amangez un taratuvchi, dard ahliga hamroz soz uchun jon rishtasidan tor yasash mumkinligi ajablanarli hol emas! Navoiy kuzatgan maqsad – oshiq-shoir ko‘ngli tilagan mungli tarona qanchalik uyg‘un, mutanosib timsollarda mujassam ifodasini topgan! Oshiq Navoiyning dardli «navosidan hosil bo‘lgan fano» (ya’ni «o‘lmak») mohiyatda «Navo» kabi o‘lmas hazin kuyda, o‘sha boqiy taronaning eng mavzun va matlub sozlari – tanbura («Shoh...tanbura cholib, Navoiy desa qo‘shiq») yo udda yashasa – baqoga aylansa ne ajab (majozan fano nuqtasida uzilgan «jon rishtasi» ruhan «mug‘anniy udining tori»da yana haqiqatga aylanmog‘i mumkin)...
Zotan, mug‘anniy navosi xoh hazin-mungli, xoh sho‘x, turkona bo‘lsin, insonga yo‘ldosh va darddoshlik ramzi, hayotning bardavomligi timsoli bo‘lib yashayveradi. Shohbayt:
Zuhd ohangin Navoiy har nechakim soz etar,
Bir navo birla mug‘anniy yona yo‘ldin ozg‘urur.
Navoiy go‘yo o‘z qahramonini zuhd ahliga moyil-xayrixoh, taqvodor bir qiyofaga solib, buning oqibati nima bo‘lishini zimdan kuzatayotganday munozarali-kinoyaomiz lavha chizadi – birinchi misradagi «ohang», «soz» tashbehlari ana shunday istehzo-ishtiboh alomatlariga aylanadi. Ulug‘ hayotsevar va haqparast shoirning ma’naviy pozisiyasi ikkinchi misrada g‘oyatda aniq, muxtasar, ortiq da’vo-dastakka ehtiyoj qoldirmaydigan yorqin musiqiy timsollarda ochiladi: mug‘anniy insoniy shavqu rag‘bat va dard bilan ijro etgan faqat «bir navo» shoirning go‘yo o‘z irodasini sinamoqchi bo‘lib «har nechakim» urinib ko‘rgan qahramonini yolg‘on e’tiqoddan qaytarish («yo‘ldin ozg‘urur»)dek mushkul vazifani ado etishga qodir bo‘lib chiqadi. «Zuhd ohangi»ning soxta-uydirma falsafasini bir baytda shunchalar asosli va jozibador ifodalash faqat ilohiy qalam sohibiga musharraf bo‘lishi mumkin. Bunda an’anaviy tazod san’ati (zuhd ohangi – mug‘anniy navosi) shoirga qo‘ldoshlik qiladi.
Islom dinining Xuroson mulkidagi arkonlaridan biri bo‘lmish Navoiy nafaqat zuhdu taqvoni ifsho (fosh) qilish bilan cheklanadi, balki ulug‘ san’atkor sifatida shariat va tariqatning barcha musulmonlar uchun farz hisoblangan (ibodat, ro‘za, zakot singari) asoslaridan ham badiiy tashbeh, ramz sifatida ijodiy istifoda etadi. Ular ba’zan kinoyali ohang kasb etishi, hatto ishtibohli, isyonkorona tus olishi mumkin («Qilibmen oncha isyonkim, agar do‘zax aro kirsam...» satri bilan boshlanadigan qit’a yoki «Ne kelmak ayon bo‘ldi, ne ketmagim...» kabi misralardan tartib topgan tarje’band va hokazo), lekin Navoiy islom istilohlarini qachon, qanday zarurat, ehtiyoj bilan ishlatmasin, go‘yo uni tanqid qilish, nimanidir fosh etish niyatidan uzoq. Aksincha, xoh o‘zining ishqiy idealini, xoh umumbashariy, ijtimoiy, falsafiy qarashlarini asoslash, tasdiqlash uchun eng mumtoz va muborak nisbat-muqoyasa sifatida Qur’on, Hadis so‘zligiga murojaat qiladi (masalan, mahbuba timsoli yo umuminsoniy orzu-xayollar muqaddas tushunchalardan yuqori qo‘yilgan taqdirda, bunda ham, she’riy mantiq bilan ziddiyat yo‘q: so‘z san’ati ramzu majozlarsiz, mubolag‘aning favqulodda ko‘rinishlari – ig‘roqu ifrotlarsiz yashamaydi, qolaversa, har qanday mubolag‘ali tashbeh, yuqorida qayd etilganiday, eng kuchli asos – ruhiy-samoviy tamsillarga suyanadi). Shohbayt:
Roqi’ erdim, chang uni keldi sahargah, ohkim,
Bordi mutrib nag‘masiga hosili avrodning
Gʻoyatda hayotsevar musulmon, san’atni, musiqani ortiq qadrlaydigan sohir shoir, ulug‘ mutafakkir o‘z qahramonining bomdod namozi nihoyasida duoga qo‘l ochgan asnodagi ruhiy holatini chizadi: san’atkor changchi sozidan ilk subhidam («sahargah») atrofga taralgan syehrli kuy sadolari uni ixtiyor-beixtiyor larzaga soladi. Yo‘q, musiqa shaydosining ibodatiga xalal yetmadi, duosi buzilmadi, aksincha, qilingan tilovatu munojot – duolarining hosili – savobi mutribga, uning nag‘masi haqiga baxshida etilganidan hayajonda... «Ohkim» so‘zida qilingan ibodat, duolar hosili uchun o‘kinish emas, musiqa sehridan, hayotning musiqa timsolidagi go‘zalligidan, jozibasidan shavqu hayrat tuyg‘ulari zuhur etadi. Zotan, sohir mutrib changidan taralgan navolarning sahargohda odamlarga ruhiy oziq, madad berishi, kimnidir g‘aflat uyqusidan uyg‘otishi, kimnidir g‘am-anduh, hajr bedorligidan, yana kimnidir boshqa dardu qiynoqdan, mayli, bir necha lahza xalos etishi, kimningdir ko‘nglida umid chirog‘ini yoqishi – bu ham o‘ziga xos ibodat-bosavob, xayrbod hol emasmi? Navoiy o‘zining dil-dildan shoiru san’atkor qahramoni tilidan islomning ibodatga oid qutlug‘ kalomlari («roqi’», «avrod»)dan moʻtabar she’riy nisbat sifatida foydalanib, insonning badiiy tafakkurini «tengri ehsoni» darajasida ulug‘lovchi g‘aroyib lirik lavha yaratadi.
Ba’zan musiqiy atamalar bilvosita ham bevosita qo‘llanadi, ya’ni ular shoir qahramoni— oshiqning o‘z habibi – ko‘ngliga yaqin kishidan navozish, marhamat ilinjida qilgan nolalari ramziga aylanadi, ayni chog‘da kuy, navo ma’nosini ham anglatadi. Bayt:
Chekmading lahni Navoiy ko‘nglin istab, ayb emas
Anglab uzungni navo ahliga shahnoz aylasang.
Mahbuba berahmlik, beparvolik odatini tark etmadi – yana vafosizlik qildi: xushilhon xonishlari bilan o‘zgalar bazmini qizitgani holda, loaqal bir bor oshuftahol Navoiy «ko‘nglin istab»kuylamadi, holbuki, oshiq Navoiy ko‘nglini, butun vujudini navosiz tasavvur qilish qiyin. Lekin shoirning qahramoni hamon mahbubidan umidvor, yagona armon-istagi shuki, mayli, u g‘aribu benavo Navoiyga iltifot qilmasa-qilmasin, faqat «navo ahlig‘a shahnoz» bo‘lsa – kuylashni tark etmasa bas. Bizningcha, «ayb emas anglab o‘zungni» iborasida samimiy kinoya ham, shuningdek, murabbiyona, pandomuz dil istagi ham zuhur etadi. Kinoya so‘zini tilga oldik. Beixtiyor Navoiyning ibratli bir bayti esga tushadi: «Lolaruxlar ahdining mahkamligi mumkin emas, Sobit o‘lmoq lahzai bir yerda ne imkon sabo». Yuqoridagi shohbayt ruhidan anglashiladiki, Navoiy xayolidagi mahbub nafaqat «lolaruxlar»dan, ayni chog‘da xushilhon nag‘masoz, navozanda (ehtimol, mohir raqqosa hamdir). Bas, u shohona bazmlarning guli bo‘lsa nye ajab! Xullas, qiyosiy tahlil usuli orqali «anglab o‘zingni» iborasida qanchalik ma’naviyat yuki bo‘lsa, «navo ahli» (bu Navoiy talqinida nafaqat musiqa ahli ma’nosini anglatadi), keng ma’noda, barcha benavo (bechora, bebahra, dili o‘ksik)larga yaqinlik, darddoshlik demakdir.
Musiqiy istilohlar bevosita shoh saroyidagi bazm manzarasini aks ettirishi mumkin. Bayt:
Xush ulki, bazmda oylar teparda arg‘ushtak,
Shoh anda tanbura cholib, Navoiy desa qo‘shiq.
Dastavval, baytning ma’rifiy qimmatini qayd etib o‘tish lozim: Navoiyning tanbur chertgani, ud chalgani, kuy bastalagani haqida ma’lumot bor. O‘zining «ko‘b va ho‘b» (Bobur) she’riyatidan tashqari, aksariyat fors tilidagi buyuk salaflar, ustod-murshidlarning necha o‘n minglab (ehtimol, yuz minglarcha) misralarini yod bilgan, mushoira va bazmlarda dard-u otashin nafas bilan o‘qigan, ilohiy hofiza quvvatiga ega bo‘lgan shoir loaqal kichik doirada, xos majlislarda san’atkor xonandalarga jo‘r bo‘lib, boringki, xirgoyi qilib qo‘shiq aytgan bo‘lsa ne ajab! Shuningdek, Sulton Husayn Boyqarodek katta iqtidorli, nozikta’b shoir, hatto o‘sha zamon she’riyatining bilimdon hakamlaridan biri sifatida (bu haqda Navoiy bir necha bor ta’kidlab o‘tadi), umuman mamlakat madaniy hayotida, san’at, badiiy ijod sohasida (shubhasiz, Navoiyning kuchli ta’sirida) rahnamo, homiy maqomidagi «shoh...tanbura» chertishi ham ajablanarli hol emas (o‘smirlik chog‘laridanoq mohir chavandoz va qilichbozligi bilan tanilgan bu temuriyzoda, ehtimol, ehtirosli, mardona raqslar ustasi bo‘lgandir, ehtimol bolalik do‘sti Navoiy bilan jo‘rlashib qo‘shiq-alyor aytgandir). Baytdagi yana bir ma’rifiy nuqta raqqosa qizlarning yer «tepar» sho‘x «arg‘ushtak» o‘yinidir. Shoir satrlarida favqulodda nafis badiiy qurilma – kechinma va xayolning betakror obrazlari ajralib turmaydi. (Navoiy bu gal bevosita tavsif-xabar usuliga ehtiyoj sezgan bo‘lsa kerak), balki inson ruhi va kayfiyatining tabiiy holati – musiqa, raqs va qo‘shiqqa bo‘lgan kuchli tamoyili haqqoniyligi, xalqona sodda samimiyati bilan ifodalanadi. Eng muhimi, Navoiyning shaxsiy hayot tarzi, xulq-atvori – sajiyasi, ilohiy va ishqiy e’tiqodi, zamon va zamona ahliga bo‘lgan munosabati kabi murakkab, aksari purdard tuyg‘ular, kechinmalar, xayollar dunyosining umumiy kontekstida banogoh sho‘h xalqona o‘yinga, kuyga, qo‘shiqqa (ayniqsa, oydek go‘zal qizlarning yer tepib, butun vujudi silkinib raqs tushishiga) munosib ma’no, qimmat berilishi – she’riyat, badiiyat qonunlarining moʻjizakor qudratidan, hayot bilan san’atning ruhiy aloqasidan dalolatdir. Shohbayt:
Nag‘malar turkona soz etildi o‘gush,
Mastlig‘dan o‘ylakim xushnag‘ma qush.
Arab va Ajam taronalariga nisbatan turkiy qo‘shiq va kuylarning sho‘x-u «xushnag‘ma» ekanligi e’tiborni tortadi. To‘g‘ri, «turkona» so‘zida ikki, hatto uch xil ma’no bo‘lishi mumkin: o‘ynoqi-sho‘x, ko‘pchilikka manzur, sodda, ommabop va nihoyat, turkiy usul va turkiy tildagi. E’tibor qiling: turkona nag‘malarning raso, avj pardalarda chandon («o‘gush») sozlangani, shavq bilan ijro etilgani haqida mumkin qadar aniq tasavvur hosil bo‘lishi uchun qushlarning urchish taraddudidagi «mastlig‘» holati – ajab intiq, xumor kayfiyat bilan, to‘lib-jo‘shib, favqulodda «xushnag‘ma» – g‘amzakor va jarangdor ovoz bilan sayrashlari she’riy nisbat qilib olinadi. Badiiy timsol uchun tabiatni, uning turfa jonzotu ajoyibot-g‘aroyibotlarini bevosita kuzatish, kuzatganda ham san’atkorona qalb nigohi va uquvi bilan his qilib, qayta-qayta mushohada yurgizish taqozo etiladi. Navoiy chamanda tanho qolib, qushlar nasl qoldirish dardi-ishtiyoqida go‘yo o‘zini yo‘qotib, junbushga kelib sayragan, bir-biriga «o‘z tilida» roz aytgan moʻjiz lahzalarni necha-necha bor kuzatganiga shubha yo‘q. Musiqa munaqqidlarining yozishicha, genial Chaykovskiy o‘zining naziri yo‘q «Oqqush ko‘li» baletini yaratishda o‘sha farishtasifat jannat qushlarining yevropaliklar shoirona lutf bilan «nikoh raqsi» deb atagan mastona, tom ma’noda she’riy, musiqiy «o‘yin»larini ko‘rib ilhomlangan ekan... Shubhasiz, Navoiy mutafakkir shoir sifatida ta’sirlangan Xuroson xilqati – Hirot va uning atrofidagi jannatoso bog‘lar (chunonchi, «Bog‘i dilkusho», «Bog‘i jahon aro»), ulardagi tovusu to‘tiyu qumrilar muhiti butun boshqa bo‘lgani kabi, tabiatdagi musiqa – tovush-ohang tebranishlarining so‘z san’ati, she’r tilidagi ifodasi – obrazlari ham o‘zgachadir. Muxtasar qilib aytganda, bu – insonning turfa holati – ahvoli ruhiyasini so‘z lavhasiga ko‘chirish san’ati, sirli-g‘aroyib ijodiy jarayondirki, uni har bir shoirning o‘zi biladi. Bayt:
Ey Navoiy, gar lisoni hol eshitmaysen, eshit —
Kim, ajab holat bizing sozanda mizrobinda bor.
Tom ma’noda olib qaraganda, mohiyatda har bir insonning holi – uning ruhiyati qalb mulki bilan, ko‘ngil dardlari, dilida-botinida yetilgan dunyo bilan uzviy bog‘langan, oddiy til – lison, so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan ilohiy» moʻjiz bir qudrat, sirli-sehrli xilqat emasmi? Chindan ham uning tilini uqib, «hol-lisoni»ni tinglab bo‘lmaydi. Musiqa tovushini eshitish, hatto undan turli darajada ta’sirlanish mumkin. Biroq Navoiy tovush bilan tovush, ohang bilan ohang to‘lqinlarida, ichki, ruhiy sadolarida mutlaq o‘zgacha tafovutli hol borligidan bizni ogoh etib, o‘zining qahramoni – mug‘anniy zarblarida («sozanda mizrobinda»)gi «ajib holat»ni uqib olishga da’vat etadi. Qani o‘sha sohir mutrib chertgan parda – zarb holining so‘zdagi ifodasi? Bunday savol oldida Navoiy she’ri – lisoni ham lol qoladi, musiqa sehri oldida chekinadi. Ha, bunday «ajab holat» musiqa olamiga xos ekan, uni faqat «eshitib» bir qadar anglamoq mumkin. Ulug‘ shoir baytining badiiy mantiq kuchi ham shundaki, san’atni, uning ma’nosini, asl qimmatini u bilan bevosita muloqotda bo‘lmay, qalban idrok qilmay turib, inkishof etib bo‘lmaydi.
Boshqa bir g‘azalda Navoiyning qahramoni – oshiq kutilmagan tarzda mutrib bilan mubohasaga kirishganday bo‘ladi, holbuki, bu ziddiyat chuqur sababiyatga asoslanmagan (oshiqning mushkul ahvoli mutribga bog‘liq emas). Bayt:
Mutrib bila ne ko‘ngil ochilsun Navoiyning,
Kim men firoqdin desam, ul der «Iroq»din.
Ehtimol, boshqa bir vaziyatda oshiq ko‘ngli mutrib nag‘masi bilan ochilishi ham mumkin edi («Ey mutribo, xushnag‘ma tuz: malak yetdi, g‘amim ketdi»). Lekin shoir kuzatgan maqsad – hajr dardi qiynoqlariga na musiqa, na ahboblar taskini malham bo‘lolmasligini, o‘zining ortiq umidsiz, najotsiz ahvolini iqror qilish... Albatta, Navoiy tashbehlarining zohiran bir-biriga zidligi yoki ohangdoshligidan foydalanib («firoqdin», «Iroq»din musajja – ichki qofiya usulida keladi) ma’lum darajada zavqbaxsh, jozibador lavha yaratishni ham o‘ylagan; ayni chog‘da «firoq» va «iroq» tashbehlari ma’nolari zamirida oshiq ahvolining najotsizligiga nozik ishora – kinoya ohangi zuhur etgan bo‘lsa ajab emas. Demak, ishq dardi – firog‘i hasrati bilan go‘yo mutribning bedardlarcha tilga olgan «Iroq» kuyi inson hayoti va qismatining noma’lum-sirli rishtalari orqali bog‘lanishi, bu g‘aroyib uyg‘unlikdan oshiq hasratlari purziyod bo‘lishi mumkin. Navoiy go‘yo tazod va musajja san’at usullari orqali ifoda o‘yini qila turib, aslida har bir so‘z-timsolning teran ma’no qirralariga razm solganiga hayratlanmay bo‘ladimi?
Mutafakkir shoir «navo» tashbehining musiqa olamidan tashqari tabiatni, ijtimoiy hayotni, insoniy munosabatlarni aks ettiruvchi turli ma’no qirralari (un, sado, murod, istak, bahra, nasiba, ro‘shnolik, hojat kabilar)dan ijodiy foydalanadi, mazkur so‘z zaminida yaratilgan o‘zaro mutanosib yo muqobil istilohlarga (navobaxsh, navozanda, navozish, navosoz, navogoh, xush-navo, navolig‘ yoki benavo, navosiz – xususan, bu ikki so‘z faqat mahzun-baxtsiz ma’nolarda keladi) har gal o‘zgacha sayqal, she’riy ranginlik bag‘ishlaydi. Shohbayt:
Navoiy benavolig‘ birla doim may ichar, bir kun
«Navo» naqshini davron mutribi bazmda cholgay deb.
Har bir she’r, jumladan, baytda uning bunyodkori – shoir shaxsiyati bevosita yoki bilvosita anglashilib turadi (zero, lirik qahramon timsolida shoir o‘zligi bilan kollektiv daho badiiy sintezlashgan, umumlashgan bo‘ladi). Yuqoridagi shohbaytda ham Navoiy dunyosini ruhan (faqat ruhan) idrok qilish mumkin. Zohiran qaraganda na «benavolig‘» (muhtojlik, bechoralik), na «may ichish» yuksak e’zoz va ardoqdagi, nafsni tiyish borasida, sabru qanoatda valisiyrat inson, piru murabbiy shoir hayotiga, e’tiqodiga, sajiyasiga to‘g‘ri keladi! Demak, «benavolig‘»da ham, «davron mutribi» va uning «Navo» naqshida ham boshqa maqsad, ichki – botiniy ma’no yashiringan, aks holda, «benavolig‘» (ijtimoiy tushuncha) bilan «Navo» (maqom kuyi va tarmog‘ining nomi) tashbehlari o‘zaro tazod usulida bog‘lanib kelmas, ayniqsa, «mutrib» so‘zi «davron mutribi» tarzida o‘zgacha ramziy sifat kasb etmas edi. Bas, Navoiyning «benavolig‘»i, bu – barcha lirik, epik, nasriy asarlarida chuqur ehtirosu, buyuk dard va hasrat bilan, yonib-kuyunib izhor qilgan, bamisoli samoga abr (bulut) bo‘lib ko‘tarilgan, ra’d (chaqmoq, momaqaldiroq) bo‘lib chaqnagan, gulduros sado va aks-sadolar bergan, yomg‘ir, sel bo‘lib yog‘ilgan, go‘yo yeru ko‘kka sig‘mas o‘kinch, armonlari... Bir umr mehru vafo ko‘rsatib tortgan jabru jafolari, yolg‘on, ro‘yo bo‘lib chiqqan orzu-umidlari, shaxsiy baxt, oila farog‘atidan bebahra, dil uyining shamchirog‘i yonmagan vaslsiz muhabbat qismati, raqiblar sitami, do‘stlar ozori, davr ahlining bedardlik va xudbinliklari... Bular olamga, odamlarga rasulona komil nazar, e’tiboru e’timod bilan munosabatda bo‘lgan, o‘ylaganlari, sa’y-harakatlari aksariyat behuda, sarob bo‘lib chiqqan Navoiy nazdida «benavolig‘»larga aylangan bo‘lsa ne ajab! Ana endi «davron mutribi»dan kutilgan «Navo» naqshining haqiqiy ma’nosini inkishof etsa bo‘ladi: mutrib faqat navosoz emas, balki zamon dardlariga malham, insonning ruhiy, ma’naviy, estetik ehtiyojlariga chora, javob bo‘luvchi, bahra, oziq o‘rnida xizmat qila oladigan, xaloskoru najotkor, ilohiy bir san’atkorga aylansa! Badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra «Navo» kuyi bilan «bazm», bazm bilan «may» tashbehlari mutanosib olingan. Darvoqe, Navoiy qahramonining «doim may ichishi» qachondir «bir kun» o‘sha najotkoru xaloskor ilohiy kuy «davron ... bazmida» cholinishi mumkinligiga umidsiz qarash ramzi emasmi? Xullas, shohbaytdagi har bir so‘z-timsol ilojsiz xayolga toldiradi, fikr-bahs qo‘zg‘otadi...
Boshqa bir g‘azalda may, bazm, soqiy, mutrib, nay tashbehlari kelgani holda, yuqoridagi singari chuqur armonli, malomatangez-kinoyaviy ruh sezilmaydi, aksincha, solim va komil kishilarga tansiq bo‘lgani uchun ham o‘zgacha ma’no berilib, yuksak qadr, e’zoz topadigan sururli, huzurbaxsh, ilhombaxsh kayfiyat qalamga olinadi. Bayt:
Otashin may birla, ey soqiy, qizitqil bazmni,
Mutribo, ul o‘tni tez etmakka ol og‘zingga nay.
Navoiy she’riyati qanchalik hazin, purdard bo‘lmasin, unda dunyoviy-hayotbaxsh ohanglar munosib darajada o‘rin olganidan dalolat beruvchi (bundan ortig‘i na hayot, davr voqeligi mantiqiga, na she’riyat tabiati va benazir shoir shaxsiyatiga to‘g‘ri keladi!) bu favqulodda mastona-o‘ynoqi bayt, tutilmagan kechinma-obrazlardan, Navoiy dahosi uchun xos sirli-teran ma’no qirralaridan xoli bo‘lishiga qaramay, beixtiyor zavq-shavq uyg‘otadi. Buning siri – shoir qahramoni kayfiyati taqozo qilgan, tab’ ravonligi, ko‘ngilning sho‘x tamoyili, shoir xayolining safoli, erka jilvasi sifatida, o‘zaro tanosib usulida shakllangai (may bilan soqiy, mutrib bilan nay, o‘t bilan bazm, shuningdek, may kayfiyati bilan nay navosinnng biri-birini «tez etmak» xizmati) birinchi qarashda oddiy tuyulgan tashbehlarda, ularning tabiiy uyg‘unligida, ohanrabosida. Shoir qahramonining, ayniqsa, soqiyga shunchalar baland ishtiyoqu intiqlik bilan kilgan da’vatini xuddi mutribga da’vat kabi samimiy, beg‘araz niyat – fakat hayotning quvonchli ne’matlaridan rosmana, erkin, butun bahravar bo‘lishga chaqiriq ma’nosida anglamoq lozim.
Boshqa bir g‘azalda yana odatdagiday «munglug‘ navo» oshiq hasratlariga jo‘rovoz vazifani o‘tab keladi. Bayt:
Ey mug‘anniy, chun nihon rozim bilursan, soz tuz,
Tortibon munglug‘ navo sozim bila ovoz tuz.
Lirik qahramonning ko‘nglidagi «nihon rozi» haqida bir qadar (shubhasiz, umumiy tarzda) tasavvurga ega bo‘lmoq uchun Navoiyning loaqal o‘nlarcha g‘azallariga, yuzlarcha baytlariga razm solishga to‘g‘ri keladi. Lekin, bu pinhon sirlar olamini, mayli, shoir dahosi yaratgan eng sohir, teranu nuktadon satrlarni kuzatish, birma-bir sinchiklab tekshirish bilan haqiqatni aniqlab-tahqiq etib bo‘larmikin? Axir bu turmushning qiziq tafsilotlari bayoni, turfa voqea-hodisalar solnomasi yo ajoyib sarguzashtlar qissasi emaski, bobma-bob, jildma-jild o‘rganish imkoniyati bo‘lsa? Illo, quyosh azaldan to abad hattoki «zarraning mohiyati»ga yetolmagani kabi, ayniqsa, Navoiydek bemisl zakovatu fazoviy xayolotga ega bo‘lgan shoir poyonini bilolmay nola qilgan muhabbat olami o‘zining nihoyasiz ruhiy teranligi, har bir dardli inson – oshiq ko‘nglining hududsiz pinhoniy mulki ekanligi bilan jozibali, sirli-sehrliligi bilan go‘zaldir. Bas, Navoiyning qahramoni – oshiq yo qalandar o‘zining hamroz habibi mug‘anniyga: «Sen ko‘nglimdagi sirimni bilursan, unga xamovoz «munglug‘ navo tuz», – deya munojot qilishi bejiz emas... Ne ajabki, faqat hazin kuy «nihon roz» azoblarini bir qadar oson kechirishga dalda berishi mumkin.
Navoiy takror-takror qalamga olgan «munglug‘ navo» quyidagi shohbaytda bir sira jamlangan, umumlashgan holat va qiyofa oladi:
Navo, Navoiy ayladi dard surudida navo,
Ahli tarabni yig‘latur majlisining taronasi.
Birinchi qarashda, Navoiydek sohir lirik va mutafakkir shoir, mohir mutrib-navosoz, bir umr «vasli mumkini yo‘q» buyuk ishq dostoniii yaratgan fidoyi oshiq dardli-hazin ohanglarda she’r o‘qishi, ezgin-ezgin ud yo tanbur chertishi barchaga ayon, demak, bu ortiq hayratlanishga, ajablanishga asos bermaydigan bir holdek tuyuladi. Lekin she’riyatda tom ma’nodagi ohang-intonatsiya ba’zida hal qiluvchi nuqtaga aylanishi mumkin. Mening nazarimda, mazkur maqta’-baytdagi birgina «navo» so‘zi (uning butun salmog‘i, salobati g‘azal kontekstida ochilishi mumkin) go‘yo barchaga ayon haqiqat: «Navoiy dard surudida navo ayladi» she’riy jumlasiga kutilmagan tarzda ulug‘ shoir dunyosini, uning mislsiz shaxsiyati va ruhiyatini o‘zida mujassam ifodalagan shoh satr maqomini beradi. Aks holda, Navoiy majlisining taronasi dunyo tashvishlaridan, inson dardlaridan o‘zlarini forig‘ tutgan, o‘yin-kulgi, bazm-maishatdan boshi chiqmaydigan «tarab ahlini yig‘latish»ga qodir bo‘larmidi? Shu tariqa, «dard surudi» – «tarab ahli» muqobil timsollari orqali (tazod san’ati vositasida) betakror musiqiy-lirik umumlashma lavha yaratiladi.
Nihoyat, «navo» tashbehi muhabbat dunyosini ilohiy e’tiqod darajasida ulug‘lovchi qutlug‘ so‘z-obrazga aylanadi. Shohbayt:
To tuzdi Navoiy oyati ishq,
Ishq ahli aro navo bo‘lubtur.
Navoiy faqat buyuk shoirlarga ma’naviy huquq beradigan faxriya usulidan foydalanib, musulmonlarning eng ulug‘ va mukarram kitobi – «Qur’on» so‘zligiga murojaat qiladi. Mashhur rus sharqshunosi Ye. E. Bertel’s Navoiyning ijodiy dahosiga bergan yuksak bahoni eng odil va komil fikr yuksakligi deb bilsak (bunday da’voga yetarli dalil-asoslar bor), «fasohat mulkining sohibqironi» – ulug‘ shoir xususan g‘azaliyoti bilan (aksariyat g‘azallar «abadiy mavzu»— muhabbatga bag‘ishlangan) jahonda nisbati yo‘k; ishq kuychisi, san’atkoridir. Shu ma’noda, Navoiy: «Men insonning dunyoviy va ilohiy muhabbati (haqihatdan ham shunday) haqida shaxsan dard chekib, bu muqaddas olovda yonib, yonsam ham kuyib ado bo‘lmay bitgan barcha misralarim yolg‘iz oshiqona, orifona, qalandarona she’r satrlari emas, ular muborak, muqaddas kalomlar – «ishq oyat»laridir» deb faxrlanishga yuz bor, ming bor haqlidir. Zotan, ular mana besh asrdan ziyod davr mobaynida, ne-ne pok, komil, fozil, solim insonlarning qanchadan-qancha avlodlari – chinakam «ishq ahli aro navo bo‘lib» kelgani va shunday bo‘lib qolajagi bizga birdan-bir daxlsiz ma’naviy meros – go‘zal haqiqat emasmi?..