Navoiy g‘azaliyotida avvalo rassomlik, naqqoshlik, me’morlik, kitobat, xattotlik, lavvohlik, sahhoflik va xalq amaliy san’atiga oid maxsus istiloh-tashbyehlar, chunonchi: naqsh, naqqosh, naqshband, naqshsoz, suvrat, tasvir, avroq, safha, lavh, kilk, qalam, nuqta, kitoba, ziynat, muzayyan kabilar; xususan rang turlari, jilolari: niliy, lolagun, shafaqgun, firuzagun, lojuvardiy, hiloliy, shingarfi, gulgun, gulfom, gulbun, sham’vor, sabzarang, ol, sorig‘, yashil, za’faron, oq, qora, simobrang, atlasrang va hokazo sifat va sifatlashgan so‘zlar boshqa tashbehlar bilan uyg‘unlik va tanosiblikda hayratbaxsh, betakror lirik lavha, she’riy manzaralarga aylanadi.
Navoiyning benazir ulug‘ tasavvuri, cheksiz fazoviy taxayyulida jilvalangan mahbuba turli shohbaytlarda shoir-musavvir chizgan rangin «suvrat»lar tarzida namoyon bo‘ladi. Shohbayt:
Necha kilki taxayyul birla bir suvrat nigor aylay,
Anga oshiq yasab, ko‘nglumni andin byeqaror aylay.
Real hayotda inson sog‘inch tuyg‘usi tufayli dildan yaqin, chin yor-do‘st, mahbub kishi qiyofasini o‘z tasavvuri va xotirida aniq jonlantirishi ajablanarli hol emas. Chunonchi, intizor bo‘lib, orziqib kutilgan muhabbatnoma varaqlari ko‘ngil larzasi, jon titrog‘i bilan o‘qilayotganda – g‘oyibona muloqot, hamrozlik daqiqalarida o‘sha tanish, qadrdon dastxat, moʻtabar satrlar, jonso‘zu dilorom kalimalar orasidan maktub yo‘llaguvchining o‘tli-iztirobli, umidvoru iltijoli qiyofasi – quvonch va hayratdan porlagan ko‘zlari, sog‘intirgan ovozi, haroratli nafasi, xumor nigohi – barcha oshno, dildor jihatlari butun jozibasi bilan jonlanib turmaydimi? Albatta, darddosh, sirdosh kishi siymosini xayolan tiklashdek tansiq bir holatni ijodxonaga xos yaratish daqiqalari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Xususan, genial shoirlarning xayolxonasida qanday sirli-sehrli, qiynoqli yaratish jarayonlari sodir bo‘lmaydi deysiz? Ehtimol, Gyote yo Pushkindek dunyoga mashhur shoirlarga ayol go‘zalligining xayoldagi timsolini chizish u qadar mushkulotga aylanmagan bo‘lur edi (ularning tarjimai holida bir emas, bir necha real ayol figurasini uchratish mumkin, hatto o‘sha go‘zallarning rangtasvir va grafik portretlari ham ishlangan). Navoiydek tabarruk zotga kelganda, uning taxayyul ko‘zgusida Xuroson yo Turkistonning qaysi tolei baland sanami («Sanamlar husnidan maqsud yor o‘lmish Navoiyga, Agar barlos, agar tarxon, agar arlot, agar sulduz») sharqona latofat va tarovat, hayo va ibo timsoli bo‘lib gavdalangan ekan? Qizlarni hali balog‘atga yetmasidanoq parda ichida saqlash, qizlik nazokati, iffati, nomusi, sharm-hayosini muhofaza qilish el-ulusning axloqiy e’tiqodi darajasiga ko‘tarilgan, tan-badan, zohir go‘zalligiga nisbatan ruh, botin go‘zalligiga ortiq qimmat berish she’riy qoidaga, an’anaviy taomilga, xalqning turmush tarziga aylangan (XIX asr sivilizatsiyasi uchun juda erish tuyulgan) bir sharoitda hammasini xayolot olamiga ko‘chirgani uchun bu «vali siyrat» shoirga nima ham deya olardik? Boringki, Navoiy hazratlari bo‘yiga yetgan qizlarni ba’zo‘r kuzatgani hayotda tabiiy va muqarrar bir hol deb hisoblay qolaylik (tarixnavis va adabiyotshunos olimlar temuriylar saroyidagi xonimoyim-bekoyimlar, mulozima-kanizaklar yuzi ochiq yurganlar deyishadi; shuningdek, xesh-qarindoshlar davrasida hayit-arafa, to‘y-tomosha, boshqa ulug‘ ayyom kunlarida opa-singil dugonalarga, kelin-kelinoyilarga shoirning nazari tushgan bo‘lishi haqiqatga yaqin). Lekin yosh yigitlik chog‘idan g‘arib xoksorlik qismat nasibasi bo‘lgan, parishtadek pokdomon, qizlardek hayo-iboli xulqu atvorni ma’naviy-axloqiy taomil deb bilgan Navoiy to ulug‘ amirlik martabasiga yetguncha, ayniqsa, go‘zal qiz-juvonlarni yaxshiroq kuzatishga botina olgan yo olmaganini tasavvur qilish oson emas; xuddi shunday muslimalar ham bu tabarruk zotga rosmana ochilib, ya’ni bor husnu latofatini namoyon etib boqqanlarini to‘la qanoat bilan aytish qiyin. To‘g‘ri, Navoiyshunoslikning shunday farazi – ishorati ham yo‘q emas: qismat dargohida ahli ayol – oila shamchirog‘i yoqilmagan bu benazir insonning sirlilik pardasi ortidagi qaysidir mahbubi bo‘lgani (yo bo‘lmagani) taxmin qilinadi... Qisqasi, bu aytilganlardan qat’i nazar, mazkur shohbaytda Navoiyning ajoyib shaxsiyati, boshqa birorta ulug‘ ijodkornikiga o‘xshamagan, ilohiy darajada yuksak muhabbat e’tiqodi zuhur etganiga kim shubha qila oladi? Shoirning qahramoni xayoldagi vasl quvonchi – muloqot damlarining in’om-ehsonini faqat g‘oyibona kechiradi, yo‘q, u ham shaydoyi, ham bechora musavvirga aylanadi-da, moʻjizakor «kilk» – qilqalam bilan g‘aroyib bir suvrat chizmoqchi bo‘ladiki, bundan kuzatilgan maqsad – o‘sha suvratdagi go‘zalning jozibasiga munosib «oshiq yasash», faqat shu yo‘l – xayoliy go‘zalikka xayoliy shaydolik asari – «hikoyati»ni yaratish bilan oshiq Navoiy «ko‘nglini beqaror aylash»... Shoir san’atxonasida go‘zallik qay darajada moʻjizakor jarayonda shakllanadi!.. Xayoldagi mahbub suvratining bunyodga kelishi qanchalik ruhiy qiynoqlarga sabab bo‘lgani bizga ham bir qadar ayon bo‘la boshlaydi. Darvoqe, baytdagi «necho» so‘zi o‘sha ilohiy tasvir – ideal «suvrat» obrazini yaratish yo‘lida «jahon ovorasi» bo‘lgan shoir-musavvirning urinish-izlanishlari hali intiho topmaganiga, ezgu murod hosil bo‘lmaganiga ishora emasmi? Ehtimolki, ulug‘ san’atkor o‘zi bir umr e’timod qilgan vaslsiz muhabbat talqinida ziddiyatli xayollarni, azobli, lekin yorug‘ orzu-armonlarni, ayni chog‘da yaratish rag‘bati bilan yo‘g‘rilgan murakkab ruhiy holatlarni kechirgandir. Bu tabarruk zotning necha-necha avlodlar qalbida hayrat, mehr, faxr hislarini uyg‘otuvchi, o‘yga toldiruvchi shaxsiyati, tarjimai holi mana shunday mushohada, mubohasa yuritishga asos berayotganday bo‘ladi..
Navoiy qator g‘azallarida mahbubaning she’riy suvratini chizishda «naqsh» tashbehidan foydalanadi (ma’lumki, «naqsh», «naqqosh» so‘zlari sharq o‘ymakorligi, hatto musiqa san’atida mushtarak ma’noni anglatadi). Shohbayt:
Naqsh suvdin chun bo‘lur zoyil, ajabdurkim, erur
Yig‘lag‘on soyi xayoling diydai giryonda naqsh.
Bu bayt muvozana (Ovrupo she’rshunosligida parallelizm) usuli bilan munaqqash etilgan, ya’ni naqqoshlik san’atining maxsus qonunlaridan biri, aniqrog‘i, naqshinkorlik, sirkorlik (bo‘r, gips, soz tuproq, siranch, yelim, sovliq suti kabi unsurlar qorishmasidan tayyorlanadigan ganch) asarini suvdan, nam-zaxdan asrash yo‘riqlariga oshiqning holati qiyoslanadi – zid qo‘yiladi. Xalq amaliy san’atiga xos jarayon bilan muhabbat tuyg‘usi yondosh nisbat qilib olinishi muvozana bo‘lsa, muqoyasa ob’yekti («naqsh» va «suv») bilan oshiq sub’yektining holati («yig‘lag‘on»i, «diydai giryon» bo‘lgani) o‘zaro zid kelishi tazod san’atlari namunasidir. Shohbaytdan kuzatilgan asosiy maqsad – g‘oya ikkinchi misrada ochiladi. Lekin Navoiy har gal yangidan tahqiq etadigan badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra, birinchi misra faqat muqoyasa vositasi bo‘lib qolmaydi, balki ikkinchi misraning badiiy qurilmasi uchun zarur unsur – originallik mezoniga aylanadi. Aks holda, mahbub «xayoli» – she’riy timsoli o‘ziga xos-individuallik kasb etmagan bo‘lur edi. Zotan, shohbaytning butun jozibasi ikkinchi misrada ramziy ma’noda, takroran kelgan «naqsh» timsoli bilan izohlanadi. Ana endi bayt mazmunini sharhlasak bo‘ladi: hayotda suv – naqshning ofati ekanligi ayni haqiqat (yog‘in-sochindan, selu toshqin balosidan, sho‘rdan, ayniqsa, nojins, nobop odamlarning, qaysi zamonda bo‘lmasin, javobgar ma’muriy shaxslarning jinoyatkorona loqaydligidan nobud bo‘lgan yo xatarli ahvolga kelgan me’morlik yodgorliklarida asosan «suvdan, namu zaxdan yetgan zarar-ofat miqyosi hisobiga taajjub hol («ajabdurkim») shundaki, oshiq o‘zining berahm, beparvo mahbubi hajrida qanchalar ko‘p yosh to‘ksa, uning «xayoli» ( tasviri) ko‘z lavhida shunchalik tiniq, yorqin, komil suvrat – «naqsh»ga aylanib boradi. Yana ajabroqkim, ko‘zdagi bu muborak naqsh asli ko‘ngilga bitilgan tasvir – sevimli suvratning faqat zohiriy IN’IKOSI bo‘lsa-chi? Har qanday matoga, hatto marmar-toshga bitilgan naqsh qachondir «suvdan...zoyil» bo‘lishi aniq, biroq oshiq ko‘zlariga, uning shaydoyi ko‘ngliga azal naqqoshi bitgan ilohiy suvrat – mahbuba «naqshi»ni loaqal xiralashtira oladigan kuch bormi dunyoda? Demak, oshiqning to‘kkan ko‘z yoshlarisiz uning «xayoli diydai giryonda naqsh» – tasvir yaratishini, mahbubning lirik-miniatyur suvratini tasavvur etish imkonsiz.
Avvalgi baytda mahbubaning xayoliy timsoli «naqsh» na «diyda» tashbehlari vositasida chizilgan bo‘lsa, boshqa bir g‘azalda naqsh – ko‘ngul – ko‘y timsollari silsilasidan o‘zgacha she’riy lavha yaratiladi. Bayt:
Naqsh etib ko‘nglumga jannat evrulurmen ko‘yinga,
Aylaram bu nav’ ila jannatni ko‘yung sadqasi.
Bunday g‘am-anduhdan xoli, shodmonu navobaxsh ruhdagi, nisbatan kam uchraydigan baytlar ajab bir ohanrabosi bilan o‘ziga tortadi: ko‘ngil sahifasida jannat timsolini yaratish! Hayotning bahoriy tarovati («Chaman sahifasida tarab so‘zini yashil xat bila yozadir», deydi Navoiy navro‘z haqida g‘azallaridan birida), tong chog‘idagi shaffof nashidasi, safobaxshligi, aniq, munosib ta’rifiga so‘z topilmas muhabbat shavqi, lazzati, she’riy rag‘bat va ilohiy shukuhi, chin do‘stu anislar, aziz, piru murshid zotlar muloqoti, purhikmat, fasohatli suhbati, iftixor qilsa, shukronalar aytsa arzigulik pokiza, beminnat, xayrbod xayollar, murodlar, a’mollar chindan ham bani odamning ezgu ideali – «jannat» ma’nosini anglatmaydimi, jannatiy e’zozu qadr so‘ramaydimi? Navoiydek valiysifat inson va ulug‘ ijodkor shunday farahbaxsh lahzalarni (garchi ular qismat xohishiga ko‘ra shaxsiy xayotida kam nasib etgan bo‘lsa-da ) kechirmaganmikin?... Bevosita bayt sharhiga o‘taylik. Shoirning qahramoni - oshiq (ijodkor kayfiyati qahramon kayfiyatiga o‘tmasdan qolmaydi) ko‘nglida «naqsh etgan jannat» qanchalar purviqoru betimsol ekanini bir qadar tasavvur qilsa bo‘ladi, chunki bu bebaho ma’naviy in’om kimga atalgani ma’lum: bunday ulug‘ mukofotga faqat mahbuba munosib. Bas, oshiq hayotining ma’nosi, ishqiy e’tiqodi va go‘zallik e’timodining mujassam timsoli bo‘lmish yor «ko‘yiga sadqa» qilinadigan jannatdan ortiq nima bo‘lishi mumkin bu olamda? Baytning badiiy jozibasi shundaki, shoir «jannat» tashbehidan kuzatgan qutlug‘ niyatni qanday izhor etishga ayricha ahamiyat beradi, buning uchun «evrulurmen ko‘yiga», «aylaram bu nav’ ila», «sadqasi» kabi xalqona lutf bilan yo‘g‘rilgan ifodalar tuzadi (shirinsuxan xalqimizning til xazinasi «jonim aylansin», «o‘rgulsin», «jonim – sadaqa» kabi suyumli, erkalab ardoqlaguvchi naql-iboralarga boy). Ana shunday nuktadon mutanosiblik, nozik badiiy mantiq zaminida (naqshsiz – ko‘ngil, ko‘ngilsiz – jannat, jannatsiz – sadqa, ko‘ysiz – evrilish ma’nosiz bo‘lar, ajoyib ifodaviy silsila yaratilmas edi) mahbubaga boqiy umr va farog‘at tilagi izhor etilayotganday: «Aylaram bu nav’ ila jannatni ko‘ying sadqasi».
Boshqa bir g‘azalda yana o‘sha «naqsh», o‘sha «ko‘ngil» tashbehlari. Lekin bu gal muvozana (parallelizm) san’ati orqali san’atkor naqqosh girihlari ( kesma, tugunli chiziqlar, murakkab va nozik bandlar) kabi betakror she’riy lavhalar yaratiladi. Shohbayt:
Ko‘ngulda naqsh andog‘ bog‘lamish bir nozanin suvrat,
Ki mumkun ermas andog‘ tortmok, naqqoshi Chin suvrat.
Navoiy uchun benihoya aziz, ardoqli qahramon – oshiq ko‘nglida (baayni o‘z ko‘nglida yuz berganiday) «naqsh... bog‘lamish bir suvrat»ni dunyoga dong taratgan suvratchilar chiza olmasalar ne ajab? Xususan, ko‘ngildagi suvrat, ayniqsa, oshiq-rassom ko‘ngilidagi sevimli yor tasviri...hech qaysi san’atkor musavvir andoza ololmas ilohiy joziba kasb etishi kimni shubhalantira oladi? Shoir muqoyasa-nisbat uchun Chin naqqoshini olishi faqat an’anaviy usul emas. Ayniqsa, sharq she’riyati va butun badiiy madaniyatida Chin rassomlari qadimdan mashhur bo‘lganlar. «Farhod va Shirin» dostonidagi musavvir Moniy, me’mor Boniy, toshtarosh naqqosh Qorun ham shu yurt farzandlari (ayniqsa, Moniy maktabi shunchalar shuhrat qozonganki, shu zaminda butun bir falsafiy oqim paydo bo‘lgan). Demak, Navoiy oshiq ko‘nglida bog‘lanmish suvratning moʻjizakor san’at yuksakligida turishini maxsus ta’kidlash uchun ham unga eng yuqori, dunyoda tengi yo‘q go‘zallik hodisasini qiyosiy tamsil qilib oladi. Xususan, birinchi misradagi g‘aroyib mushohada («ko‘ngulda... bog‘lanmish bir nozanin suvrat») beixtiyor ulug‘ shoir xayolan umr bo‘yi izlagan barkamol va matlub yor timsoliga bag‘ishlangan ruboiiyning bir satrini yodga soladi: «Ko‘nglum bir sho‘xkim tilar – topilmas, netayin».
Gʻazallarning birida kishi qiyofasini xayolan ko‘z o‘ngida jonlantirib suvrat chizishdek mushkulot – murakkab psixilogik jarayon lirik obrazga ko‘chiriladi. Bayt:
Mumkin ermas chun nazar oldida ko‘rmak suvratin,
Safhai xotirg‘a naqsh etmay namudore, netay.
Albatta, «suvratin» tashbihidan, avvalo, ikki, qolaversa, uch, hatto to‘rt xil ma’noni anglasa bo‘ladi: mahbuba suvrati, uning xayoldagi tasviri, xayoldagi go‘zalning o‘xshashi yo‘q timsoli. Lekin oshiqning tilagi, talabi bunday xos suvratni «nazar ollida ko‘rmak»-aniq chizgilari, betakror qirralari bilan gavdalantirmakdir. Buning uchun mahbuba timsoli «xotir (dil, ko‘ngil, botin) safhasig‘a» bitilgan bo‘lishi kerakki, buning imkonsizligi hasrat to‘la «netay» so‘zidan ayon bo‘ladi. Xullas, bu gal avvalgi shohbaytdagi moʻjizali holning butunlay aksi bo‘lgan najotsiz vaziyat yuz beradi. Nachora? Tabiatda, ijtimoiy hayotda bo‘lgani kabi oshiqning (balkim shoirning ham) xayolot osmoni doimo birday toza – bulutsiz bo‘lishi imkonsiz. Ko‘z, nazar– ko‘ngilning ko‘zgusi. Ko‘ngil bahrida ishq to‘foni tug‘yon qilgan kezlarda «nazar ollida suvratin ko‘rmak... mumkin ermas» bo‘lsa ne ajab? Oshiq ahli uchun qismatning in’omu mukofotlaridan ko‘ra ranju ozorlari ziyoda ekanining boisi ham o‘sha «mumkin ermas» vasl falsafasi bilan bog‘liq emasmikin?
Bu shafqatsiz haqiqatni boshqa misollar ham tasdliqlashi mumkin. Shohbayt:
Suvrating ko‘rmak tamanno aylabon, ko‘rmay hanuz,
Ollima yuz ming ajab suvrat kelurni bilmadim.
O‘zining ko‘ngil shamchirog‘i – «dilsitoni» bo‘lgan mahbubi firoqida kechani subhidam bilan, kunlarki oylar bilan ulagan oshiq uchun «suvratini ko‘rmak tamannosi» – xayolan diydorlashuv o‘zi qanchalik umid, taskin, quvonch, rag‘bat bag‘ishlashi mumkin... Lekin, qani o‘sha «ko‘ngli tilagan murod» (Bobur)ning hosili – mahbubaning benisbat tasviri aks etgan «suvrat»? Bu yagona orzu timsoli ovorasida duch kelgan «yuz ming ajab suvrat» – ehtimol, ular faqat suvrat emasdir, balki turfa savdolar hamdir – oshiq ahvolini yanada mushkullatishi mumkin. Ehtimol, shunchalar rangin «ajab suvrat» qismat zolining jodusi – makr o‘yini, sinov usulidir. Aks holda, nechun oshiq matlub suvratni «hanuz ko‘rmay», topolmay iztirob chekadi, ezgu istak («tamanno») oqibatini «bilmay» to‘lg‘onadi? Bas, bu gal ham avvalgi shohbayt bilan ruhiy mushtaraklik bor: asli «safhai xotirg‘a» bitilmagan bo‘lsa, «yuz ming ajab suvrat» bo‘lsin, umid o‘rniga ranju alam olib kelishi mumkin.
Ba’zan orzu qilingan mahvashning suvrati nigoh yetmas samoviy olislikdan yulduzmisol tajalli etsa-da, mohiyatda oshiq uchun bu ozorli emas. Bayt:
Ko‘z tutar erdim qalam kipriklarimdin bog‘la deb,
Gar azalda ko‘rsam erdi, suvrating naqqoshini.
Bayt zamirida bunday ilohiy husn sohibasi – mahbub suvratini chizishga qalam ojiz, bunga iste’dodi, mahorati yetadigan suvratchi dunyoda yo‘q degan, ifrot san’ati bilan muzayan etilgan fikr zuhur etadi. Lekin, baytning joziba – ohanrabosi shundaki, bu gal oshiqning dard-hasratlari emas, balki kamoli hayrat va fidoyilik tuyg‘ulari ifodalanadi, bunday og‘riqsiz kayfiyat mardona ruhiy holat, ayniqsa, birinchi misradagi nozik nuktadon lirik lavhada yorqin aksini topgan: «Ko‘z tutar erdim, qalam kipriklarimdin bog‘la deb». Ikkinchi misrada esa «azal», «suvrating naqqoshi» tashbehlari orqali abadiyat qonunlari, chegara bilmas go‘zallik qonunlari oldida insonning ulug‘ va sharafli o‘rni, muhabbatning o‘zi moʻjizakor-sirli dunyo ekanligi haqidagi falsafiy-lirik xayollar muxtasar ramziy obrazda umumlashtiriladi.
Boshqa bir g‘azalda «suvrat» timsoli tajnis san’ati orqali musulmon e’tiqodi sarhadlaridan bemalol chiqadigan umumbashariy idealni ulug‘lashga xizmat qiladi. Shohbayt:
Agar suvrat budurkim, sendadur, ey gul, yiroq ermas,
Ki mundin so‘ng parastish aylagaylar, ahli din suvrat,
Bu baytda mahbuba «suvrati» an’anaviy ma’nodagi tasviriy ranglar, ohanglar, usullar doirasida chiqib, kutilmagan tarzda nasroniy (xristian) e’tiqodi ramziga aylanadi. Navoiy davrida Xurosonda, Arab va Ajam mamlakatlarida sharqqa xos nasroniy mazhabidagi tarsolar, ko‘pchilikni tashqil qilgan musulmon aholisi orasida ajralib turish uchun bellariga zunnor bog‘lab yurganlar, demak, ularning o‘z butxonalari ham bo‘lgan, butxonani esa sanam (but)lar va muqaddas suvratlarsiz tasavvur qilish qiyin. Garchi Navoiy vatanidan tashqari chiqmagan bo‘lsa-da (Attor, Rumiy, Dehlaviy, Jomiy kabi ustozlar loaqal haj qilish sababi bilan katta-kichik shaharlarni ko‘rganlar), turli munosabat-muloqot tufayli, balki Jomiy kabi yaqin musohiblar orqali Iso, Bibi Maryam, (boshqaa anbiyo va avliyolar suvrati haqida bilvosita ehtimol, bevosita) ma’lumot olganiga shubha yo‘q... Ana endi bayt sharhiga qaytsak bo‘ladi. Ulug‘ shoir, islom dini arkonlaridan sanalgan mutafakkir, ayrim dahriy olimlar talqin qilganlariday, «tarso», «zunnor», «sanam», «din g‘oratgari», «nomusulmon», jumladan, «suvrat» (nasroniy talqinida) kabi tashbehlarni qo‘llash bilan dahriyga, shakkokka aylanib qolmaydi. Avvalo, bu ko‘p asrlik an’anaga aylangan, she’riyatning shartli-ramziy bir usuli, qolaversa, diniy istilohlar muqaddas, ilohiy tushunchalarni ifodalagani uchun ham, mayli, kinoyali-polemik (mubohasali) ohanglarda kelsin, shoir kuzatgan maqsad uchun eng kuchli, jozibali, teran ma’noli vosita-nisbat vazifasini o‘taydi. ( so‘ngra, islom falsafasi, madaniyati, uning boy qomusi so‘zligi to hanuz buzib talqin qilinganiday, boshqa diniy e’tiqodlarga, so‘fiyona hurfikrlilikka aslo zid emas, aksincha, uning umumbashariy ruhiy madaniyat, falsafiy va badiiy tafakkur bilan, ularning turli me’yorlari – cheksizliklari, masshtablari, teranliklapi bilan o‘zaro yaqin, mushtarak jihatlari ko‘p...
Mazkur shohbaytdagi «suvrat» timsoli ham mohiyatda umuminsoniy idealiing she’riy ifodasiga aylanadi. Birinchi misradagi: «Agar suvrat budurkim...yiroq ermas» so‘zlari bilan mahbuba suvrati, aniqrog‘i, suvratdagi malak (xristian e’tiqodi taqozosi bilan) ilohiylashtiriladi, bunda beixtiyor Leonardo da Vinchi yo Rafael mo‘yqalamiga mansub genial asarlar – muqaddas iloha darajasidagi ayol obrazlari yodga tushadi. Ikkinchi misradagi «...parastish aylagaylar ahli din, suvrat» so‘zlari zohiran qapaganda: bu – islom ahlini suvratparastga aylantirishi mumkin, degan qaltis ma’noni anglatadi. Lekin, bu favqulodda jur’atkor fikr faqat she’riyat, san’at qonunlari nuqtai nazaridan haqqoniy va jozibali bo‘lib, mohiyatda na islom e’tiqodini, na islom ahlini (aniqrog‘i, musulmon oshiqlarni) aslo kamsitmaydi, faqat bunda avval qayd etilgan umuminsoniy g‘oya: muhabbat tuyg‘ulari dunyodagi eng komil e’tiqodlarni ham (ular monelik qilganlari taqdirda) tan olmasligi mumkin, degan hurfikrlilik zuhur etadi.