«Ko‘z» timsoli – g‘azaliyotda, ehtimol, «ko‘ngil» obrazidan keyin eng ko‘p tarqalgan hodisa. Faqat ko‘z ta’rifida bitilgan g‘azallar bor; aksariyat u ko‘ngil, joz, yuz, xol majozlari bilan tanosib usulida kelib, mahbubaning «husni va nozi» yoki oshiqning «arzi-niyozi» dard-hasratlarini ifodalaydi. Ayni chog‘da «ko‘z» ramziy obrazi umuman badiiy so‘z, she’riy tilning moʻjaz-miniatyur tasvir ob’yekti doirasida g‘oyat nafis, teran lirik lavhalar, ruhiy manzaralar yaratish san’ati haqida, aniqrog‘i, shoirning ijodiy dahosi, xayol fazosi, individual so‘z tuyg‘usi haqida aniq, yorqin tasavvur uyg‘otishi mumkin. Shohbayt:
Necha ul chehrani ko‘z lavhida tasvir etayin,
Ani ko‘rmakka bu suvrat bila tadbir etayin?..
By baytda xayolot, xotirot lavhalari orqali she’riy «suvrat» – obraz yaratish jarayoni moʻjaz, sirli-g‘aroyib nuqtaga – ko‘z qorachig‘iga ko‘chiriladi. Bu – olamni qatra ichiga joylash san’atigina emas. Umuman, xalq qo‘shiqlarida, xususan, klassik she’riyatimizda, jumladan, Navoiy lirikasida «ko‘z», «qosh», «mujgon» tashbehlari vositasida ishlangan biri-biridan nafis qanchadan-qancha miniatyur obrazlar mavjud. Yuqoridagi shohbayt xalqiing so‘z xazinasiga tom ma’noda ijodiy yondashish namunasidir. Baytning sharhi bu da’voni bir qadar dalillashi mumkin: shoir qahramonining xayol ko‘zgusidan nari ketmagan, husniyu nozu istig‘nosi, berahm va sitamkorligi bilan tanho bo‘lgan mahbubi... ko‘z qorachig‘ida paydo bo‘ladi-da, oshiqning hajr iztiroblari, sog‘inch tuyg‘ulari bilan go‘yo o‘ynashayotganday, uning sabru sabotini sinayotganday o‘z g‘amzalarini qo‘ymaydi. Shoir-musavvir esa bu jon ofati —malakning shu moʻjaz-qatra maskan ichida («ko‘z lavhida») loaqal bir necha lahza turib berishini, ana shunday bezovta daqiqalarda go‘zallik yaratilishini istaydi. Odatda rassom-lavvoh ipak qog‘ozgami, boshqa nafis matogami lavha chizguch edi, ilohiy qilqalam sohibi – Navoiy o‘z ko‘zining qorachig‘idan lavha chizishda foydalanmoqchi! Va o‘sha orzu «suvrati»ga boqib, bu g‘aroyib tomoshadan ko‘ngildagi muhabbat g‘ussalarini bir qadar yozmoq bo‘ladi... Ajabo, bu baytda «necha» so‘ziga ayricha badiiy-mantiqiy ehtiyoj syezilgan. Demak, bunda nafaqat oshiq-musavvir uchun «ko‘z lavhida» suvrat chizish oson emasligi ta’kidlanadi, balki bu – shaydo ko‘ngil to‘ladigan, tashna ruh taskinu qanoat topadigan komil bir suvrat bo‘lmog‘i kerak. Mazkur miniatyur obrazning boshqa jihati – nozik badiiy qirrasi yanada hayratbaxsh: Navoiy o‘z qahramoni – oshiq ko‘zlari qorachig‘ida g‘oyibona aks etgan mahbubining go‘zallikda beqiyos tasviri orqali uning jonli-betakror siymosini «ko‘rmakka tadbir» izlaydi. Bu imkonga sig‘magan bir holatdan favqulodda imkoniyat yaratish san’atidir.
Gʻazallarning birida «ko‘z lavhi» ko‘ngil timsol bilan o‘zaro tanosib kelib, mahbuba yodi bilan bog‘liq behudud dardu hasratlarni ifodalashga xizmat qiladi Bayt:
Garchi to‘kdi qon ko‘zum sensiz hamon, ko‘nglum hamon,
Ne ko‘nguldin bir zamon chiqding, ne ko‘zdin bir zamon.
Tanosib va tardi aks san’atlari bilan munaqqash etilgan bu baytda («ko‘z»,»ko‘ngil» ramzlari – tanosib bo‘lsa, ularning o‘zaro o‘rin almashib takroran kelishi tardi aksdir) xayoldagi mahbubaning «husni va nozi» bilan bog‘liq tasviri – o‘zgacha timsoli aniq ko‘rin-migani holda, oshiqning purziyod dard-hasratlari «ko‘z» - ko‘ngil» obrazlari doirasida butun hissiy tug‘yoni – ruhiy larzalari bilan chizib beriladi: garchi oshiqning ko‘zlari yorsiz («sensiz») o‘tgan tuzimsiz hijron sitamlaridan tunu kun xuni biyron yig‘lagan, ko‘ngli bag‘ir qoni bilan to‘lgan, poralangan bo‘lsa-da, mahbubaning muborak yodi uni «bir zamon» – daqiqa ham tark etmagan. Zero, oshiq uning, mayli, g‘oyibona timsoli bilan tirik: toki jismida joni bor ekan, yor xayoli sira nari ketmaydi, uning uchun hayotning ma’nosi o‘zi shu. Mana aniqrog‘i, oshiqning tirikligi, umidi, najoti – moʻjizakor xayol qudratidan. Aks holda, qon yoshga to‘lgan ko‘zlar qorachig‘i yor suvratini aks ettirishga, qon yutgan ko‘ngil yor siyratini o‘zida jo etishga qodir bo‘larmidi?.. Shu tariqa, ulug‘ shoir o‘z e’tiqodiga ko‘ra, vaslsiz muhabbat tuyg‘ulariga ilohiy ma’no bergani uchun, bu kutilmagan she’riy mantiq bizni ajablantirmaydi, balki shavqu hayratga soladi. Garchi dunyoda timsoli kam bo‘lsa-da, chin muhabbat – dard ahlining qismatiga, uning baxtli yo foje’ intihosidan qat’i nazar, e’timod va umid hislarimizni oshiradi, ilojsiz ziddiyatli o‘y-xayolga toldiradi. Bu Navoiy dahosining, avvalo, cheksiz ma’naviy-ruhiy ta’sir kuchidan dalolatdir, qolaversa, shoir kamida besh asr muqaddam ijodiy istifoda etgan so‘zlar to hanuz o‘zining xalqchil purma’no soddaligi, tabiiy, toza tarovati, musiqiy ravonligi, erkinligi, ifodaviy-tasviriy nazokati bilan jazb etadi (tasavvur qiling-a: oshiq Navoiy orzu qilgan, xayolida bunyod etgan mahbubning sevimli chehrasi na ko‘ngil – botiniy dunyodan, nagoh-zohir ko‘zgusidan bir daqiqa bo‘lsin «chiqmagan»! O‘sha ko‘ngil, o‘sha ko‘zlar tortgan, ehtimol, bir umr davom etgan alam-sitamlar ziddiga!). Faqat badiiy so‘z, she’riy san’at sohirigina oddiy iste’moldagi iboralarga shunday bemalol, erkin, bevosita munosabatda bo‘lishi mumkin. Faqat ilohiy ne’matlardan bahramand qalam sohibigina so‘zning cheksiz badiiy-obrazli imkoniyatlarini shunchalar aniqligi, ranginligi, o‘ziga xosligi bilan inkishof etishi mumkin...
Boshqa bir g‘azalda «ko‘z lavhi» favqulodda teran va jozib she’riy ob’yektga aylanadi. Shohbayt:
Yorur xoling xayolidin oqorg‘on ko‘zlarim, go‘yo
Qo‘yubtur kilki sun’ ul kuqtani ko‘zlar qarosidin.
Bu bayt, umuman, xosa ma’ni (xos, kamyob ma’nolar) san’ati bilan, shuningdek, tanosib («xol», «nuqta») va tazod («oqorg‘on ko‘zlar» – «ko‘zlar qarosi») usullari asosida ishlangan. Xosa ma’ni san’ati yetakchi, belgilovchi mavqeda turadi, sababi, xayol obrazining badiiy butunligini ta’min etadi, keyingilari uning doirasida kelib, asosiy she’riy usulning zarur unsurlari sifatida xizmat qiladi. Shohbaytga «xos ma’no» – nuktadonlik baxsh etgan badiiyatni tadqiq etish uchun, shubhasiz, uning mundarijasini sharhlab o‘tish joiz: Navoiyning qahramoni – oshiq faqat hajr dardi iztiroblari – ko‘z yoshlari selobidan, uzluksiz, «zor-zor yig‘lash» asorati tufayligina ko‘zlariga oq tushmagan. Bu hol, mohiyatda, sevgi qismatining xohish-irodasi bilan yuz bergan bo‘lsa ne ajab? Nega bo‘lmasa azal musavvirining qilqalami («kilki sun’») Navoiy xayol qilgan orzu go‘zalining tasvirini chizishga chizganu, uning obraz-portreti chizgilariga mutanosib, g‘aroyib va jozib nuqta – xol yasashga kelganda qiynalgan, buning birdan-bir munosib shakl-shamoyili, rang-tusini tabiiy xilqatning turfa xil unsurlari orasidan axtarib topolmasdan...nihoyat, o‘sha matlubu muborak xol uchun oshiq ko‘zining qorachig‘ini loyiq topgan!.. Axir bechora oshiq xayoldagi mahbubning xolini tasavvur qilgan sog‘inch damlarida g‘oyibdan ko‘zlari nurlanishi sababi shundan emasmi?.. Shu tarzda ulug‘ shoirning ilohiy qilqalami «xol» bilan «ko‘zlar qarosi»ning nozik nisbatidan mohiyat e’tibori-la chuqur ruhiy-dramatik, badiiyat nuqtai nazaridan kamyob ramziy obraz yaratadi. Albatta, «ko‘zlar qarosi»ning xolga nisbati – zohiriy o‘xshashlikning o‘zi qanchalik nafis bo‘lmasin, mohiyatda bu xos ma’nolar obrazi orqali muhabbatda chin fidoyilik g‘oyasi – qismat nasibasi oldida shikastalik, o‘zaro vafodorlik e’tiqodi ulug‘lanadi. Va aksincha, bu notekis va notamom dunyoning xudbin manfaatlar domiga tushgan, haqiqiy muhabbatning dardi va quvonchidan bexabar, begona, qalban va ruhan so‘qir, mahdud bandalarini zimdan fosh etayotganday bo‘ladi.
Boshqa bir g‘azalda «ko‘z» timsoli tanosib («yuz» ramzi bilan uyg‘unlashgan holda kelishi) va tardi aks (ikki tashbehning o‘zaro o‘rin almashib takrorlanishi) san’atlari vositasida shakllanadi. Bayt:
Ey qaro ko‘z, bo‘lmas ul yuz shavqidin yuzdin biri,
Ko‘z qarosidin agar yuz noma tahrir etkamen.
Bayt sharhini «Ey qaro ko‘z» ramziy xitobning badiiy-mantiqiy o‘rnini bilishdan boshlash extiyoji seziladi. Bu – mahbubning «yuzi shavqi»dan jo‘shib ilhomlangan oshiqning unga muhabbatnomalar bitish istagi, ishtiyoqi taqozosi; zero, ular oddiy nomalar emas, faqat oshiqning «ko‘z qarosi» – siyohi bilan bitilishi kerak. Ayni chog‘da oshiq ko‘zining siyohga – qora rangga nisbat berilishi bejiz emas: mahbubaning «yuzi shavqida» bitiladigan nomalar faqat dard-hasrat to‘la mazmuni bilan emas, hay’ati – ko‘rinishi bilan o‘sha «qaro ko‘z» lolaruxga hamrang, hamjins bo‘lsin. Qolaversa, bu gal so‘z – mahbuba latofati ta’rifida emas (bunga qalam ojiz!), balki «ul yuz» tufayli oshiq qalbida, tafakkurida uyg‘ongan tuyg‘ular, xayollarni taashshuqnoma tarzida qog‘ozga tushirish ustida. Har bir satri, jumlasi, ehtimol, har kalimasi zamirida qancha sirli-mahram, dardnok kechinmalar, o‘ylar, qancha quvonch, armon tuyg‘ulari joylangan «yuz noma tahriri» haqida. Aslida u nomalar nafaqat ko‘ngilda yangi uyg‘ongan «ul yuz shavqi»ning, ayni chog‘da ko‘pdan oshiq oromini buzgan sog‘inch, alam, ozor, armon,umid, ilinj hislarining ham izhori bo‘lmasligi mumkinmi? Yo‘q, bu nomalar faqat bir boqishda Majnun ahvoliga solgan o‘sha yuz haqida bo‘lganda ham, ko‘ngilda mavjlangan shavqu rag‘batning loaqal «yuzdin biri»ni ifodalay olmaydi... Shu tariqa, Navoiyning «taxayyul mulki» – xayolot, xotirot fazosida «yuz shavqi», «ko‘z qarosi» (an’anaviy tashbeh-iboralar), «noma tahrir etish» (shaxsiy munosabat, muloqot tafsili) yordamida qadim muhabbat qissasining yangi bir zarrin sahifasi yaratiladi.
Navoiy g‘azaliyotida ko‘pincha an’anaviy «qaro ko‘z» timsoli «qaro baxt» ramzining muqobiliga aylanadi (tajnisdan kutilmaganda tazod hosil bo‘ladi). Bayt:
Gar yamon holimga ko‘z solmas, ajab yo‘qkim erur,
Ul qaro ko‘zlar qaro baxtim masallik uyquchi.
So‘z ma’nolarining o‘zaro ziddiyatli nisbatidan (bir yo‘la uch holatdagi tazod usuli: «yamon hol» aksiga beparvo, e’tiborsiz munosabat; «qaro ko‘zlar» bilan «qaro baxt», uyquchi ko‘zlar bilan uyquchi baxt) shu qadar muxtasar, yorqin, jozib manzara chiziladiki, buning sababiyati – mohiyatida faqat Navoiy anglab yetgan haqiqat – baxtsiz-foje’ muhabbat qismati yotadi. Chindan ham ushshoq ahlining g‘oyatda achinarli – «yamon holi»ni hatto yaxshi, komil, fozil, solih odamlar ham ko‘ra-bila turib, deyarli ularga e’tiborsiz qaraydilar. Nega axir? Achinish, mehr-shafqat hissi, hamdardlik, muruvvat yaxshilarning chin insoniy, birlamchi sifati emasmi? Ulug‘ gumanist shoir hayotning mehr-shafqatdan ham kuchliroq va qattolroq qonuni – muhabbat taqdiri, aniqrog‘i, muhabbat idealining taqdiri baxt tushunchasi bilan uyg‘un emasligi haqidagi achchiq haqiqatdan bahs ochadi. Asli oshiq «baxtining uyquchi»ligi qismatga bitilgan ekan, «ul qaro ko‘zlar» ma’shuqaning shirin uyqudagi holatida nima gunoh! Shu tarzda «qaro ko‘zlar»ning zohiran og‘ir-mahzunligi sezilmasa-da, mohiyatda teran falsafiy-lirik obrazi yaratiladi.
Faqat lirik she’riyatga xos miniatyur-ramziy xarakterdagi ko‘z obrazi «mardum», «xol», «nuqta» singari tashbehlar bilan turli san’at (tanosib, tadrij, talmeh, tazod, tajnis, irsol, ifrot, ig‘roq, iyhom kabi) she’riy usullarda o‘zaro bog‘lanib kelishi, bundan bir-biridan nozik, rangin lirik manzaralar tug‘ilishi mumkin. Bayt:
Aylamas ko‘z mardumi hargiz quyosh ichra vatan,
Oni dey olmonki, xoli anbarafshoningcha bor.
Navoiy g‘azaliyotida oshiq ko‘zining qorachig‘imi mahbuba xoliga tashbeh etish orqali favqulodda teran va nafis lavha-obrazlar chizilgan shohbaytlar oz emas (ulardan biri yuqorida sharhlab o‘tildi: «yorur xolining xayolidin...»). Bu safar shoir tazod san’ati asosida muqobil-polemik xarakterdagi shunday lirik manzara yaratadi: «ko‘z mardumi... quyosh ichra vatan aylamas» ekan (bunga aql bovar qilmaydi), oshiq ko‘zi qorachig‘ini qay til bilan mahbuba xoliga qiyoslash, unga tenglashtirish mumkin? Holbuki, ularning zohiriy o‘xshashligi ham («ko‘z mardumi» – «xoli anbarafshon») o‘z nozikligi bilan jozib va hayratbaxsh emasmi? Demak, Navoiy kuzatgan maqsad o‘zgacha: chindan ham mahbuba xolida ilohiy sehr bor, aks holda, bu moʻjizakor nuqtani uning quyoshdek yuzidan qanday bilib, ilg‘ab olish mumkin! Shoir qalamining qudrati shundaki, baytda mahbubaning yuzi bilvosita (ochiq aytilmasdan) quyoshga tamsil etiladi, shuning uchun ularning biri oshkor («xoli anbarafshon»), biri yashirin holda (birinchi misradagi «quyosh» shubhasiz, mahbuba yuzi – ruxsorig‘a ham ishoradir), o‘zaro raqobat qilayotganday taassurot qoldiradi...
«Ko‘z mardumi» – ko‘pgina g‘azallarda uchraydigan obraz. Lekin uning qanchalik rangin, betakrorligining yana bir namunasini kuzatish mumkin. Bayt:
Ashkdin yuz sari chun zohir qilur durri samin,
Go‘yiyo ko‘z mardumi g‘avvos erur, ummon ko‘zim.
Hijron kyechalari oshiq ko‘zlaridan asta qalqib chiqib, qatra-qatra holda «yuz sari» namoyon bo‘lgan ko‘z yoshlari avval «ko‘z mardumi»ning «g‘avvos»ga, so‘ngra, uning «ummon»ga, ummon qaridagi «durri samin»ga nisbati (silsilali tashbeh san’ati) tarzida qanchalar moʻjizakor lirik manzara hosil qiladi! Ko‘zlar – bamisoli ummon («ummon ko‘zim»), uning qorachig‘i— bahr tubiga sho‘ng‘ib, suv ostidagi barcha xavf-xatarlarga yuzma-yuz borgan qadimiy g‘avvos (ular hozirgi hamkasblaridan farqli o‘laroq muhofaza vositalarisiz ishlaganlar; habashni ekvator quyoshidan asraguvchi maxsus teri qatlami – pigment kabi, g‘avvos ko‘zlarida ham sharoit tabiiy parda bitgan), ko‘z yoshlari – «durri samin» – eng qimmat gavhar qatralari. Demak, ko‘zning, xususan, oshiq ko‘zlarining ummonga o‘xshatilishi – bu ko‘ngil teranligi, ruhiy dunyo cheksizligi alomati. Illo, asl dur ummon qa’ridan olingani kabi, muhabbat yoshlari qalbning tubidan, uning pinhoniy mavjlaridan, larzalaridan chiqadi. Bu ko‘z yoshlari – «durri samin», uning bunyodkori – «ko‘z mardumi» timsoli orqali oshiqona kechinmalarga Navoiy bergan yuksak she’riy qimmat namunasidir.
Gʻazallarning birida mahbuba timsoli oshiqning «ko‘zlari bog‘i»da namoyon bo‘lishi xayol qilinadi. Buning uchun shoir muvozana (parallelizm) san’atini qo‘llaydi – inson holati tabiiy manzara orqali ko‘rsatiladi. Bayt:
Sho‘xliktin buki bog‘ ichra tilarsen o‘ynamoq,
Ko‘zlarimning bog‘i serobinda bir ham o‘ynagil.
Bir odamning yuzma-yuz turgan (shubhasiz, dildan yaqin, sevimli, munis, ehtimol, ko‘p sog‘intirgan) ikkinchi odam ko‘zlari qorachig‘ida jonlanishi – minia-tyur aksi ajablanarli hol emas. Ko‘z gavhari – qorachig‘i, masalan, mikroskop linzasi singari turli oraliq-masofadagi narsalar, manzaralar shakli-suvratini necha yuz, hatto necha ming, ehtimol, million marta kichraytirib ko‘rsatishi mumkin. Navoiy «ko‘z mardumi qarosi»ning tashqi olam shakl-shamoyili, rang-tusidan ko‘ra eng go‘zal va komil mavjudot – mahbubning nozu g‘amzali holatini, qaddi-qomati, yurish-turishi – rafgori, yuzi, ko‘zlaridagi latofatni, sehr-joduni yaqindan kuzatishni istaydi. Aniqrog‘i, u yor vaslini shunday tasavvur qiladi: koshki edi uning mahbubi qoshiga kelsayu ko‘zlar-ko‘zlarga tushsa, bir-birining nigohidan to‘yishsa! Baytning joziba siri bevosita tabiatga xos «bog‘ ichra o‘ynamoq» so‘zlarining bilvosita istioraviy ma’no kasb etishida: «ko‘zlarimning bog‘i serobinda...o‘ynag‘il». Bunda mahbubning timsoli va u bilan xayolan kechadigan visol damlari uchun eng manzur va dilpazir xilqat sifatida «bog‘» maqbul topilishi bejiz emas, bu – Navoiy qahramoni uchun «sham’siz tun», «visol tuni» kabi ko‘ngilga oshno, xayolga madadkor, ruhafzo ob’yektlardan («Ne xush bo‘lg‘ay ikovlon mast bo‘lsoq vasl bog‘inda...»; «Bahoru bog‘ sayridin ne gul, ne sarvdur komim...» va hokazo).
Insonning ko‘zi – nafaqat tashqi muhit, uning narsa-hodisalarini, moddiy dunyoning turfa anosir va alomatlarini tuyish, mushohada etish, idrok qilishning tabiiy va ayni chog‘da moʻjizakor, g‘aroyib vositasi. Shu bilan barobar inson ko‘zlaridan uning ruhiy olamini – quvonchlari, dard-armonlari, romantik yoki dramatik o‘ylari, kechinmalarini – nigohga ko‘chgan moddiy va ma’naviy dunyoni bir qadar sezib, uqib olsa bo‘ladi (bu xususda, masalan, tasviriy san’atning portret janrida yuz, ayniqsa, ko‘z tasvirini maxsus kuzatib, tahlil qilib ma’lum tasavvur hosil qilish mumkin). Bu nozik vazifa Navoiy g‘azaliyotida so‘z zimmasiga tushadi. Avvalo, bu – xalqning qadimiy va hamisha sayqallanib boruvchi og‘zaki ijod dahosi bilan ruhan bog‘langan sehrli-miniatyur bir dunyo...So‘ngra, fors-tojik va turk-o‘zbek klassiklari – Navoiy salaflariga rag‘bat va ilhom bergan Sharq go‘zalining ko‘zlariga joylangan, ayniqsa, «Xazoyin-ul maoniy» g‘azallarida o‘zining favqulodda nafis, rangin va teran ifodasini topgan sirli-g‘aroyib hilqat. Shohbayt:
Ko‘zingni ko‘ngluma andoqki miyzbon qilding,
Yuzingni ko‘zima ham kosh mehmon qilsang.
Vo ajab! Gʻoyibona muloqot yuz bermadi, ko‘zlar ko‘zlarga tushmadi, balki mahbubaning ko‘zlari xayolan oshiq ko‘nglida paydo bo‘ldi. Bu ne holdirki, o‘sha xayoldagi yor ko‘zlari orzu qilingan mahram uyda – oshiq ko‘nglida go‘yo mezbonga aylandi! Bu – faqat she’riyatga xos g‘aroyib mantiq – real imkoniyat doirasiga sig‘maydigan favqulodda badiiy tasvir usuli. Navoiy so‘zining sehrini ko‘ring: oshiq ko‘nglida (xayolan) paydo bo‘lgan mahbuba ko‘zlari tansiq va aziz mehmon bo‘lish o‘rniga o‘zi mezbonlik qiladi... Demak, ko‘ngil oshiqning ixtiyorida emas, balki ma’shuqaning (xayoldagi!) ko‘zlari uyida, uning azmida, ardog‘ida (boshqa bir baytda ayni shu timsollar ilohaga munojot ohangida talqin qilinadi: «Chehrasig‘a mezbon o‘lsun ko‘zum,-ul chehrani ko‘zlarim uyidin o‘zga uyga mehmon aylama»). Beixtiyor o‘ylab qoladi kishi: Navoiy qachonlardir, safoli kunlarning birida ko‘zlarigina berkitilmagan bir qiz yo ayol bilan banogoh ro‘baro‘ kelib, bu ajab holning ko‘ngilda qolgan o‘chmas xotirotini she’riy misraga ko‘chirgan bo‘lsa-cha?.. O‘z-o‘zidan ikkinchi misra sharhiga ehtiyoj seziladi. Modomiki, mahbub ko‘zlari g‘aroyib bir tarzda oshiq ko‘ngilning mezboniga aylangan ekan, xalq e’zozlagan udumga ko‘ra endi « mezbon ham aziz mehmonlik iltifotiga musharraf bo‘lishi, ya’ni o‘zining javob tashrifi bilan mezbonni xushnud etishi lozim (holbuki, Navoiy: «Ey lolarux, faqat ko‘zingni berkitmabsan, oqibatda ko‘nglimni asir qilding, koshki yuzingni ham ochib yuborsang; toki husnu jamoling oftobidan bechora oshiq ko‘zlari quvonsa!» demoqchi bo‘ladi). Xullas, xalqimizning ajoyib insoniy odati – mehmonnavozlik go‘zal she’riy vosita bo‘lsa, oshiqning yagona niyati (shoir kuzatgan maqsad) – mahbuba yuzini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish. Yoki bu gal ham, ehtimol, Navoiyning ishqiy ideali taqozosiga ko‘ra, yor yuzining oshiq «ko‘zga mehmon»ligi faqat ezgu xayoldir («mehmon-mezbon» tushunchalari ham muvaqqatlik ma’nosi bilan tansiq, qadrli emasmi?) yoki, aksincha, bayt mazmunini shunday soddalashtirib sharhlasa ham bo‘lar: masalan, Navoiy zamonida, keyingi asrlarda ham – to «Hujum» harakatigacha sevishganlar uchun nogahoniy baxt-muloqot nasib etganini bir qadar tasavvur qiladigan bo‘lsak, ham sha’riy odat-aqida, ham qiz bolaning hayo-ibosi to qovushganlari – chimildiqqacha yuzini – bor latofatini pinhon tutib, faqat ko‘zlarini ko‘rsatishga huquq berishi mumkin. Lekin bunday talqin, avvalo, baytning lirik-romantik ruhiga xilof bo‘lar, qolaversa, Navoiy-ning so‘z dahosiga yuzaki yondashishga olib borar edi.
Boshqa bir g‘azalda mahbubaning xayoliy timsoli faqat «mehmon» tashbehi orqali (endi ko‘z yo ko‘ngilning mezbonlik burchi zikr etilmasdan) chiziladi. Bayt:
To xayoling gah ko‘ngul, gah ko‘z aro mehmon erur,
Ko‘z bilan ko‘nglum arosinda hasaddin qon erur.
Navoiyning qahramoni – jisman qovushmoqdyek «ishqi avom» murodidan ko‘ra «ishqi xavos»ning o‘zgacha ma’noga, o‘zgacha ruhiy lazzatga molik orzu-xayolini ortiq bilgan pokdomon oshiq o‘z ma’shuqini «gah ko‘ngul», «gah ko‘z aro mehmon» sifatida kutish, unga kamoli iltifotu e’zoz ko‘rsatish bilan ovunsa, bundan ruhiy qanoat hosil qilsa koshki edi! Mahbubaning faqat muvaqqat fursatlar oralig‘ida intizor etib, kelib-ketishlari (aks holda, u «mehmon» deb atalmagan bo‘lardi) ustiga ortiq sho‘xlik, beqarorlik, g‘amza-ishvalar bilan – istasa ko‘ngilda paydo bo‘lib, istasa «ko‘z aro» makon tutishi, oqibat ikki o‘rtada (oshiqning ko‘zi bilan ko‘ngli oralarida) rashq-hasad paydo bo‘lib, buning azob-iztiroblari oshiqni foje’ holga olib kelganday...Aslida-chi? Xayolning faqat Navoiy qalami chizishi mumkin bo‘lgan bunday g‘aroyib she’riy jilvasi ajab shavq-hayrat uyg‘otadi (bunga «ko‘ngul» bilan «ko‘z», aro» bilan «arosinda» tashbehlari hosil qilgan tanosib va tajnis san’atlari bois).
Yana bir she’rda «mehmon» timsoli xalqona irsol-ul masal san’ati orqali tamomila boshqacha she’riy manzara yaratadi. Bayt:
Ko‘z nazar yo‘lin tilar, tutqay vido ashkin to‘kub,
Ko‘z yumub ochquncha yuz ko‘rguzki, mehmondur ko‘zum.
Navoiy bu she’riy lavhaga shakl-shamoyil berishda xalqning obrazli naqlidan («ko‘z yumub ochquncha») va hazin-o‘ychan ruhdagi a’moli – yaqin do‘st, chin mehr-oqibatli, qondosh kishilarning, ehtimol, qayta diydorlashishga umid bog‘lash qiyin bo‘lgan ayriliq daqiqalaridagi larzali manzaradan foydalanadi. Oshiq ko‘zlari olis safarga jo‘nab ketayotgan – bir tomondan oldindagi yo‘l, uning noma’lum manzillari, kutilgan va kutilmagan oqibatlar vahmi (yoki, aksincha, g‘oyibona sehr-jozibasi borlig‘ini band qilgan), boshqa tomondan, ayriliq yoshini to‘kib, vidolashuv holatini, murakkab ruhiy kayfiyatni kechirayotgan yo‘lchiga qiyoslanadi. Shu tarzda ikkinchi misra uchun badiiy zamin hozirlanadi: toki oshiq ko‘zlari shunday tansiq damlarning g‘animat mehmoni ekan, nainki mahbuba «ko‘z yumub ochquncha»lik soniya ichida o‘tib ketadigan, qaytarib bo‘lmaydigan shu g‘oyib fursatdan foydalanib, vido rasmiga munosib ish tutmasa – «yuz ko‘rguz»masa! Xullas, mazkur baytda «mehmon» tashbehining o‘zgacha ma’no qirrasi orqali ko‘zning betakror lirik-dramatik obrazi yaratiladi.
Navoiy qator shohbaytlarida islom diniga oid muqaddas kalomlarni, aziz-valiy, nabiy zotlar, tabarruk qadamjo, sajdagohlar, ehromlar nomini tashbeh-timsol sifatida ijodiy istifoda etadi. Inqilobdan keyingi davrning hujumkor ateizm mafkurasi, madaniy-adabiy merosni mash’um «ikki madaniyat», «sinfiy yondashish» pozisiyasidan baholash hukmfarmo tamoyilga aylanishi oqibatida Navoiyning dunyoqarashi, ijodiy-estetik nuqtai nazari soxtalashtirib talqin qilindi. Islom diniga daxldor mutlaqo shartli-ramziy istiloh-tashbehlar, an’anaviy kinoya, majoz, mubolag‘a usullari go‘yo dinni «fosh» qiluvchi, antiklerikal, antimistik obraz namunalari deb hukm qilindi, baholandi. Holbuki, islom falsafasi va ta’limotining ulug‘ bilimdonlaridan bo‘lgan Navoiy (unga «Nizomiddin» unvoni berilgani bejiz emas, ustozi Jomiy esa buyuk faxriya hissi bilan: «nizomul-millati vad-din Alisher Navoiy» deb ataydi) xoh turli bid’at-xurofotni fosh qiluvchi misralarida, xoh o‘zining ilohiy ishq idealini butunligi va teranligi bilan ifodalash maqsadida murojaat qilgan maxsus, islom qomusidan olingan tashbehlarida bo‘lsin, mohiyatda muqaddas tushunchalarni, hatto islomgacha hukm surgan, ma’lum an’anaga aylangan e’tiqodlar, falsafiy qarashlarni komil mezon deb biladi (chunonchi: «Oshiq o‘lg‘on kechti nangu nomdin, Millatu imonu dini islomdin» baytini faqat shunday mezon bilan talqin qilish orqali Navoiy ulug‘lagan muhabbat e’tiqodining chin ma’nosini anglab yetish mumkin). Shohbayt:
To xayoling ko‘zdadur, ko‘z uyi go‘yo Ka’badur,
Kim turub atrofidin kipriklarim aylar namoz.
Ulug‘ shoirning qahramoni – oshiq o‘zining ishqiy e’tiqodini, din-imon maqomida ko‘radi: xayoliy olislikdagi mahbubini ko‘zida, aniqrog‘i, «ko‘z uyi»da jonlantirib, bundan ruhiy mamnuniyat hosil qilar ekan, bu g‘aroyib miniatyur maskanni musulmon dunyosining bosh ehromi – Ka’ba darajasidagi sajdagoh deb tasavvur qiladi. Mahdud ateistik talqin bo‘yicha, ayol zoti paydo bo‘lgan joyni muqaddas deb bilish go‘yo dinga g‘orat keltirishi, mahbuba ham, oshiq ham, «nomusulmon»ga aylanishi kerak. Holbuki, Navoiy talqinida mahbuba tashrif etgan maskan musulmonlar uchun eng moʻtabar xilqat bo‘lmish Ka’ba qutlug‘ va tabarruk kalomlar qatorida she’riy muqoyasa qilib olinishi xayoldagi go‘zal siymosini qanchalik ulug‘lasa, o‘sha muqaddas istilohga ham shunchalik sharifu fasih ma’no, munosib qimmat beradi. Mahbuba timsoli joylangan ko‘z qorachig‘i badiiy mantiq taqozosi bilan uyga, bu moʻjaz-miniatyur uy Ka’baga (talmeh va silsilali tashbeh san’ati) nisbat berilishi qanchalik nuktadon bo‘lsa, hayrat ichidagi oshiq kipriklarining bezovta holati (bu ko‘ngildagi larzalar ifodasi!) namozga saf rostlagan musulmonlarning bir maromdagi harakatlariga tamsil etilishi shunchalik haqqoniy va nafisdir.
«Din», «zuhdu taqvo» tashbehlari zohiran yoshlik, rindona oshiqlik tasavvurida go‘yo ko‘ngilning erk-ixtiyoriga emas, balki aqlning pandu o‘gitlariga, hissiyot olamiga emas, balki sha’riy odob aqidalariga da’vat etishdek ma’nolarni ifodalashi lozim bo‘lgani holda, lutfan (xalqona hurfikrlilik, hatto kinoyaomuz ishtiboh ohanglarida) ishqiy ehtirosga «yon bergan»day bo‘ladi. Buni dahriyona shakkoklik emas, balki she’riyat, nafosat qonunlari taqozo etgan so‘z fasohati usullaridan deb tushunsak to‘g‘riroq bo‘lar. Bayt:
To qaroqchi ko‘zlaring din yo‘lini urdilar,
Zuhdu taqvo mulkidin kelmadi bup karvon.
Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, san’at, badiiy ijodning boshqa sohalarida bo‘lganiday she’riyatning o‘z qonunlari, maxsus shartli-ramziy me’yorlari, usullariga binoan tashbeh, timsol, nisbat, tafsillar (musiqada tovush-ohang to‘lqinlari, tasviriy san’atda rang, nur, soya, chiziqlar gammasi) uchun makon va zamon bilan yoki oddiy va muqaddas tushunchalar bilan bog‘liq chegara, tafovutlarning deyarli ahamiyati yo‘q. Ya’ni san’atkorning, jumladan, shoirning asosiy maqsadi badiiy nisbat uchun olingan muayyan so‘z-tashbehning tub ma’nosi – mohiyatiga emas, balki u o‘tashi lozim bo‘lgan badiiy vazifaga yo‘naltiriladi, buning san’at nuqtai nazaridan nechog‘lik samara berishiga alohida e’tibor qilinadi. Shu jihatdan, masalan, qadim karvon yo‘llari «din yo‘li» deb, karvon chiqqan mamlakat «zuhdu taqvo mulki» deb atalishi yoki karvonga muqobil «qaroqchi» tashbyehining qo‘llanishi shartli-badiiy usul xolos. Asosiy masala – mahbuba ko‘zlaridan (ko‘zlar orqali, uning o‘zidan, malohatidan) olingan favqulodda kuchli taassurot – aql-hushning hayratda lol qolishida, muqaddas aqidalarning ham beixtiyor chekinishi va aksincha, muhabbat tuyg‘ularining junbushga kelishida.
Lekin shuni e’tirof qilish va shunga iqror bo‘lish kerakki, an’anaviy she’riyat qonunlari va ulug‘ shoirning nozik badiiy-mantiq tuyg‘usi taqozosi bilan «qaroqchi» va «karvon», «din yo‘li» va «zuhdu taqvo mulki» kabi tashbehlar vositasidagina mahbuba ko‘zlarining original, betakror va jozib lirik obrazi yaratildi. Demak, birinchi qarashda, diniy istilohlar go‘yo nomag‘rub , nimanidir fosh qiluvchi ma’noda qo‘llanayotganday tuyulishi mumkin. Bunday yuzaki-mahdud yondashish komil musulmon e’tiqodidagi, ilohiyot ilmining ustoz allomalaridan biri ulug‘ mutafakkir shoirning muborak nomiga nomunosib ish, ayni didsizlik, hatto ma’rifatsiz-nodonlik bo‘lur edi.
Diniy mazmundagi istiloh-tashbehlar kabi ijtimoiy munosabatlar sohasidan olingan she’riy nisbatlarni ham adabiyot fanida, jumladan, navoiyshunoslikda hanuzgacha bir yoqlama, xato talqin qilish hollari uchrab turadi. Masalan, mahbuba nigohiga nisbat berilgan «zolim», «jallod», «qotil ko‘zing» kabi iboralar sharhlanar ekan, asosiy maqsad – ishqiy munosabatlar sohasi bir yoqda qolib, go‘yoki dahshatli qatlgohlar, qonli manzaralarni ko‘rsatish shoirning g‘oyaviy pozisiyasi, estetik nazari, xatto insonparvarligi, ijodiy jasoratining ifodasi tarzida hukm qilinadi. Holbuki... yaxshisi, shohbayt:
Ko‘zlaringkim turku tojik o‘ldi ko‘nglum mulkida,
Zulm etar ul nav’ikim bir kishvar ahlig‘a chug‘ul.
Shubha yo‘qki, baytning butun jozibasi mahbuba ko‘zlari qorachig‘i (avvalgi baytlarda «ko‘z mardumi»)ning biri turkka, ikkinchisi tojik elatiga mansub ikki buzuqi-janjalkashga tamsil qilinishida. Bunday qiyoslash usulida temuriylar davridami yo undan avvalmi bir necha cho‘g‘ol (Navoiyda «chug‘ul») – chaqimchilar ig‘vosi bilan fanatik-johil olomon chiqargan g‘avg‘olarga ramziy-kinoyaviy ishora bor. Lekin shoirda mahbubaning «husni bilan nozi» va oshiqning «arziyu niyozi»ni har galgiday eng kuchli, eng yorqin, betakror-hayratbaxsh timsollarda ifodalashdan ortiqroq, ezguroq maqsad bo‘lmasligi kerak va tabiiyki, g‘azalxon ham mazkur baytni o‘qib, muqoyasa-nisbatning haqqoniyligi uchun faqat hayratlanishi, zavq-shavq olishi mumkin. Badiiy mantiq (aniqrog‘i, she’riyatga xos shartlilik) taqozosi bilan Navoiy xayolidagi lolarux – mahbubning «turku tojik» yanglig‘ ko‘zlari tufayli oshiq ko‘nglida paydo bo‘lgan to‘polon – larzali holat ayni bir mamlakat fuqarolariga qilingan zulm bilan tenglashtiriladi (busiz «bir kishvar ahli» bilan bir kishining «ko‘ngil mulki»ni, demak, mahbuba ko‘zlari bilan oshiq ko‘nglini o‘zaro bog‘lash ma’nosiz, nomavzun bo‘lar edi). Shunday qilib, muvozana (parallelizm) usulida, g‘oyaviy maqsad emas, balki she’riy vosita sifatida ijtimoiy munosabatlar doirasidan olingan tashbyeh-timsollar («ikki chug‘ul», «turku tojik») orqali lirik tarovatli ramziy obraz yaratiladi.