“Oraz uzra” chizilgan lavhalar
19-maqolat

Navoiy g‘azaliyotida «yuz», «oraz», «chehra», «ruxsor», ba’zan «jamol» va «suvrat» tashbehlari orqali mahbubaning asosan zohiriy dunyosi, go‘zal ko‘rinishi, latif qiyofasi, jozibador siymosi chiziladi (keyingi ikki timsol boshqa kengroq ma’nolarda ham kelishi mumkin). Aslida «yuz» yoki «oraz» ramzlari ko‘z, qosh, kiprik, lab, og‘iz, xol timsollariga nisbatan umumiylik xususiyatiga ega (tabiiyki, go‘zal chehrani qosh yo ko‘zsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi). Bas, «yuz» yo «ruxsor»da nafaqat go‘zallik, balki tarovat, bokiralik, yorug‘lik, iliqlik, safobaxshlik, poklik, komillik kabi ma’no qirralari aks etishi mumkin. Shohbayt:


Orazim aksi yuzing oyina tushgan, turfadur,

Kim ko‘rubtur ham hazon bir oyda bo‘lmoq, ham bahor.


Ulug‘ shoir xayolining ajab bir jilvasi: ne toledirki, oshiq o‘z mahbubi bilan uchrashmoq sharafiga molik bo‘ladiyu, shu g‘oyib, moʻjiz asnoda mahbuba jamolining ko‘zgusiga (mantiqan «yuz oyi» oyna ma’nosini ham bildiradi) uning hajr iztiroblarida sorg‘argan «orazi aksi tushadi». Baytning butun joziba siri shu nuqtadan – o‘sha kutilmagan in’ikos – «turfa» manzara hayratidan boshlanadi. Mahbubaning oy yuzi nafaqat oyinadek tiniq, ayni paytda gul-gul ochilgan, yashnagan; demak, jamol ko‘zgusida ikki fasl namoyon – bahoriy tarovat, nuru nafosat bilan yonma-yon ko‘zgu yupun, ranglar, za’faron xazon... Quvonch bilan qayg‘u, baxt bilan fojea baqamti. Hayotda buning kabi ziddiyatli hollar ozmi? Bunday «turfa» manzara oshiq xayolini ne ko‘ylarga boshlagan, ko‘nglida qanday og‘riqlar paydo qilgan ekan? Bunday keskin hayot – mamot tafovutini mahbuba bilvosita (o‘z yuzi oyinasida) tamosho qilolmasa-da, bevosita – yuzma-yuz ko‘rib, sezib turishi oshiq uchun qanchalar og‘ir, ozorli? Ne ajabki, mahbubaning husnu latofatiga shunchalar baland baho, hayotbaxsh ma’no bera turib, oshiq ahvoli shunchalar o‘ksik, fojeali tasvirlangan bu shohbayt kishida mungli bir shavq uyg‘otadi. Bu hayotning mushkul, purdard haqiqati – ishq savdosi bilan she’riy san’atning maxsus yo‘g‘urmasi, moʻjizali uyg‘unligi natijasidir (Navoiy «xazon – bahor» muqobil timsollaridan tazod, «oy»ning ikki xil ma’nosidan tajnis yaratadi). Boshqa bir g‘azalda «yuz» timsoli takroran (uch bor) kelib, har gal o‘zgacha ma’no, badiiy jilo kasb etadi. Bayt:


Mehr yuz ko‘rmay o‘chashdi pardadin chiqqach yuzung,

Olg‘ali qo‘ymas sorig‘ yuzin qaro yerdin uyot.


Muhabbat lirikasida mahbubaning «husni va nozi»ga bag‘ishlangan shohbaytlar ko‘pmi yoki oshiqning «arzi va niyozi» ifodalangan satrlarmi – buni aniqlash mushkil ish, sababi, Zahiriddin Boburning aniq va muxtasar tavsificha, «ko‘b»lik faqat «xo‘b»lik bilan o‘lchansagina qadrli. Shu ma’noda mahbuba «yuzi» uning quyosh («mehr») «yuzi»ga nisbati orqali qanchalar «xo‘p» chizilgan! «Mehr yuz ko‘rmay o‘chashdi...» Ajabo! Quyoshdek bir-biridan fuzun, moʻtabar va noyob ma’nolarda muzayan etilgan, keng an’anaga aylangan ramziy obraz bu gal insoniy qiyofa oladi. U to hanuz o‘zini go‘zallik dunyosining ikkayu yagona timsoli deb bilgani uchun ham Navoiy xayolan chizgan mahbubaning mislsiz latofatini dildan sezganday, bunday raqobatga dosh berolmay, alamiga chidamasdan isyon ko‘taradi – «o‘chashadi» va raqibi – mahbubaning «pardadan chiqqan yuzi»ni ko‘rgandan ko‘rmaslikni afzal biladi («mehr» timsolining samoviy jism – quyoshga va ayniqsa, qadr talashgan go‘zallar sajiyasi – mag‘rur atvoriga nisbati mantiqan qanchalik asosli!). Lekin ikkinchi misrada Navoiy go‘zallar ichida uyat, andisha hissini e’zozlagan «xo‘blar» borligini, ular o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lishlari mumkinligini ta’kidlaganday, avval «o‘chashsa» ham, keyin bundan iztirob chekkan odamning ruhiy holatini quyoshga ko‘chiradi: «Olg‘ali qo‘ymas sorig‘ yuzin qaro yerdin uyot». Bunday malomatangiz tamsil («sorig‘ yuz»ning «qaro yer»ga nisbati) lirik manzaraning g‘oyat aniq, haqqoniyligidan tashqari bilvosita mahbubaning go‘zalligi dunyosiga ayricha qimmat berish – uning «pardadin chiqqan yuzi» quyosh qarshisida beqiyos darajada jozibador ekanligini ko‘rsatishga da’vat etilgandir. Shunday qilib, «yuz» tashbehining turli ma’no qirralari orqali (tajnis), shuningdek ijodiy qayta ishlangan xalq matali zaminida (irsol-ul masal – ikkinchi misra ) tutilmagan lirik obraz yaratiladi.

Ne ajabki, g‘azallardan birida o‘sha holat takrorlanganday bo‘ladi – yana mahbuba yuzi bilan «mehr» quyosh) o‘rtasidagi «raqobat» qalamga olinadi, biroq, e’tibor bering-a, ayni birday nisbatlash usuli qanchalik o‘zgacha qiyofa, badiiy jilo oladi. Shohbayt:


Yuzung xijolatidin myehr o‘yla sorg‘armish.

Ki subh aylar oning za’faronidin kulgu.


Birinchi misrada daf’atan mashriq ufqida quyosh ko‘ringan daqiqalardagi moʻjiz manzara, ne tongki, «mehr o‘yla sorg‘armish» tarzida chiziladi, buning sababchisi – Navoiy xayolidagi mahbub, uning yuzidan taralgan ziyo, safo (darvoqe, boshqa bir g‘azalda shunday bayt bor: «Ravshandururki, mehr yuzungdin olur safo, Ne vajqila qamar andin olur ziyo», ya’ni quyosh yuzingdan nurafshon bo‘lmaganda oy qanday qilib undan yorug‘lik olardi?). Hatto quyoshni «hijolatdan sorg‘ar»tirgan o‘sha beqiyos go‘zallik timsoli – gulro‘ yuzining oftobi bechora oshiqni ne ko‘ylarga solishi mumkinligini bir tasavvur qilib ko‘ring! Mana Navoiy talqinida faqiru haqir oshiq-insonning ilohiy sehr-joziba sohibasi – mahbub vasliga yetish «mumkini yo‘q»ligining mantiqiy asosi! Ana endi ikkinchi misrani sharhlasak bo‘ladi: «Ki subh aylar oning za’faronidin kulgu». Navoiyga «tengri ehsoni» tarzida berilgan she’riy daho so‘zning qanday nozik, harir ma’nolari, nafis nuktalarini, qanday zohiriy va botiniy qirralarini, musiqiy-tasviriy (ohang va ranglarga xos) imkoniyatlarini badiiy tahqiq qilishini, har qalay, umumiy tarzda ko‘rsatib, sharhlab berish mumkin... Voajab! Subh kutilmagan tarzda moʻjizakor musavvir yo sohir kimyogarga aylanadi: «hijolatidin sorg‘armish» quyoshning za’faron bo‘yog‘idan «kulgu»ning samoviy tasvirini chizadi yoki olamning sarg‘ish rangli unsuri – kimyosidan «kulgu» timsolini yasaydi. Bunday sharh hali kifoya emas: nega «kulgu»ning tusi «za’faron»? Bunday nisbatlash odatda kasalmand, xasta odamning yuziga muvofiq kelmaydimi? Bunda she’riy mantiq uch xil holat yo alomatning uyg‘unligi, butunligini taqozo qiladi: quyoshning hijolatli ko‘rinishi, tongdagi safobaxsh yorug‘lik va nihoyat, subhidamdagi tabiatning salqini, ya’ni sahar havosining hali harorat inmagan zahri – shu xususiyatlar «kulgu» majozi zamiriga san’atkorlik bilan joylangan. Holbuki, shohbaytdan shoir kuzatgan maqsad o‘z xayolidagi mahbuba yuzidan hayratlanish, samoviy bir shavq-rag‘bat holatini kechirishdan iborat. Bu – xosa ma’ni (xos, kamyob ma’nolarni inkishof etish) san’atining rangin namunasi.

Navoiy g‘azaliyotida husn-jamol ta’rifida insoniy go‘zallikning ma’naviy qirralariga ayricha qimmat berilgan baytlar oz emas. Shohbayt:


Jamol avroqida har nukta bor ul yuzda zohirdur,

Magar ul safhani davron boridin muntaxab qilmish.


Dunyoning ne-ne so‘z sehrgarlari ushshoq ahlining o‘y-xayolini band qilgan mahbublar, lolaruxlar husni haqidagi she’riy latofatnomaga munosib va mavzun tashbehu timsol izlashdan tolmay, matlub va manzur so‘z topolmay go‘yo «jahon ovorasi» bo‘lganlar. Bunday urinishlar bekor-behuda bo‘lsa-chi? Chindan ham birinchi misra mazmuniga ko‘ra, mahbubaning husn olami tahqiq qilish imkonsiz bo‘lgan go‘zallik kitobidirki, uning varautari («jamol avroqi»)ga bitilgan «har nukta» – nozik, sirli ma’noni zohiran «ul yuz»dan o‘qib olish mumkin. Lekin unda zuhur etgan moʻjiz nuktalarni davron nazari saralagan («muntaxab qilmish»). Faqat Navoiyning she’riy dahosiga xos nozik badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra, mahbublarning husn mulki ma’naviy-ruhiy olam bilan uyg‘unlik kasb etishi uchun «jamol avroqi» – «nukta»ga, «yuz» – «safha»ga, «safha» – «muntaxab qilishga»ga tanosib usulida, ikkala misradagi «bor» (mavjud), «bori» («barchasi») tashbehlari tajnis yo‘lida uzviy aloqa bog‘laydi. Shu tariqa, xattotlik – kitobat san’ati tafsillari (avroq, safha, nukta, muntaxab) vositasida mahbubaning «husni va nozi» ta’rifi uchun keng an’anaga aylanmagan ma’naviy qirralari ajralib turgan tansiq lirik obraz shakllanadi.

Mahbuba ruxsori goh oshiqning ko‘ngli, joni, ko‘zi bilan mutanosib (chunonchi: «Chshrasig‘a mezbon o‘lsun ko‘zum, ul chehrani ko‘zlarim uyidin o‘zga uyga mehmon aylama»), gohida tabiat, samovot hodisalari («Jamoling subhidin kulbamni ravshan qilki, boshimga falak g‘amxonasi yemrulgudektur furhating shomi») bilan bir butun holda, go‘yo azaliy xilqat unsuri tarzida chiziladi. Bayt:


Orazing hajrida zor erdim quyosh botqon chog‘i,

Kim sabo payki manga yetkurdi bir gul yafrog‘i.


Yana bir hajr tuni oldidan oshiqning sog‘inch va intizorlik hislari tug‘yon qilganda go‘yo g‘oyibdan najot yetib, mahbubadan shafqat maktubi kelganday bir hol yuz beradi: oqshom oldi esgan dilkusho nasim chamandagi qay bir gulning xuddi yor yuziday nafis, harir «yafrog‘i»ni uchirib kelib, shundoqqina oshiqning poyiga, tashlaganday bo‘ladi (bu qizil guldan ko‘ra atr gulning oq-pushti yaprog‘i bo‘lishi kerak). Shoirning «sabo payki (ya’ni chopari) manga yetkurdi» iborasida oshiq kechirayotgan alamnok quvonch, iztirobli shukronalik, kinoyaomiz hayrat tuyg‘ulari mujassam ifodalangan. Bir baytda turfa rang ziddiyatli, dardli go‘zallik: mahbuba orazining gul yaprog‘iga nisbati qanchalik latif bo‘lsa, shunchalik hazin va aldamchi; tabiatning «quyosh botqon chog‘i»dagi moʻjizakor hodisasi – ruhafzo shabbodaning noma eltuvchi chopar – xabarchiga nisbati g‘oyatda nafis, ayni zamonda bu «hajrida zor» oshiq kayfiyatiga qanday ziddiyatli ta’sir ko‘rsatadi! Shu tariqa, azaliy stixiyaning g‘aroyib hodisalari zaminida yaratilgan she’riy silsilasidan yor yuzi – «orazi»ning tutilmagan lirik obrazi shakllanadi.

Boshqa bir g‘azalda o‘sha oraz – gul bargi parallelizm (muvozana usuli)da yanada rangin-o‘zgacha lavha yaratiladi. Bayt:


Orazini bog‘ aro chun ko‘rdi hayron o‘ldi gul,

Bargsiz qoldi nedinkim, bas, parishon o‘ldi gul


Klassik g‘azaliyotimizda tabiatdagi go‘zalliklarga nisbatan insoniy nafosat va latofatning beqiyos darajada ortiqligini badiiy-mantiqiy «asoslab» bergan baytlar ozmuncha emas. Yuqoridagi shohbaytda bunday an’anaviy muqoyasa – tamsil etish usuli hayratomiz aniq, tirik mushohada, tiniq va o‘tkir she’riy nigoh mevasi sifatida ifodalanadi: lolaruh yor banogoh «bog‘aro» sayr qilgani chiqadi; boshqa gullar orasida o‘zining ko‘rkamligi, nafisligi, muattar bo‘yi bilan chamanga oro berib turgan, gullarning sultoni hisoblangan atrgul go‘zallar go‘zali mahbubga ko‘zi tushadiyu kuchli hayratdan, ehtimol, undan ham kuchliroq rashq iztirobidan lolu parishon qotadi. Bu hol oqibatda nafaqat uning husni-latofatini so‘ndiradi, balki o‘zini, o‘zligini yo‘qotishga olib boradi, ya’ni «bargsiz qoladi». Tabiatda ajab ziddiyat bor: gul g‘unchasining raso ochilishi – go‘zallikning to‘la namoyon bo‘lishi o‘z zavoliga sabab bo‘ladi – unga mazmun va shakl, ma’no va qimmat bergan qizil yoki oq-pushti, nozik-harir barglari bir-bir to‘zib ketadi. Navoiy mana shu ham ziddiyatli, ham tabiiy va tadrijiy jarayonni mahbuba husnining she’riy nisbati uchun go‘yo anchagina «jadallashtirib» ko‘rsatganday zavq-shavqqa yo‘g‘rilgan hazin bir taassurot qoladi. Shu tariqa, «bog‘ aro» sodir bo‘lib turadigan tabiiy bir hodisa fonida jozib lirik obraz-manzara chiziladi.

«Bargi gul» tashbihi vositasida tartib berilgan manzara lavhalaridan rangin namuna sifatida yana bir shohbayt:


Yuzi vasfig‘a Navoiy tushmish,

Bargi guldin yasangiz daftar anga.


Mahbuba yuzining nazokatu latofatini atirgul bargiga qiyoslashdek go‘yo keng an’ana tusini olgan she’riy usul ortiq shavq-hayrat uyg‘otmasligi ham mumkin-ku. Lekin bu baytning joziba siri – uning ohangi, o‘zgacha intonatsiya zamiriga joylangan nuktadon ma’noda: bu gal shoirning qahramoni ham oshiq, ham shoir (aniqrog‘i, muhabbatning shavqu rag‘bati uni shoirga aylantirgan); uning ilhomi endigina uyg‘ongan – qalami faqat ilk misralarni yoza boshlagan («vasfiga...tushmish»)ki, bu jozibador, maftunkor, sirli-sehrli qo‘shiq – madhiya qancha davom etishini oshiq-shoirning o‘zi ham aniq aytib berolmaydi. Mohiyatda bu navoning intihosi bormi o‘zi?! Shoirga faqat «bargi gul» varaqalaridan birinchi «daftar yasab» bersalar bo‘lgani! Bu nozik yumushni kim ado etadi, sahhoflarmi, lavvohlarmi, xattotlarmi?! Harir ipak qog‘oz ustalari o‘ta nozik gul bargi varaqalaridan maxsus daftarni qanday bunyod etarkanlar? Xullas, yuqoridagi shohbayt ohangida faqat she’riyat san’atiga xos, mumkinchiligi bo‘lmagan joyda imkon topish, yaratishdek moʻjizakor ilohiy iqtidor istagi – tamannosi zuhur etadi. Illo, Navoiy xayolidagi mahvashning «yuzi vasfi» yolg‘iz «bargi gul...daftari»ni taqozo qilsa ne tong!

«Naqsh» radifli g‘azalda «oraz» – «ko‘ngul» tashbehlaridan Sharqning mashhur Yusufu Zulayho afsonasi zaminida (tanosib va talmeh san’atlari vositasida) yana o‘zgacha she’riy lavha yaratiladi. Shohbayt:


Orazing naqishki chiqmas tiyra ko‘nglumdin dame

Qildilar go‘yoki Yusuf suvratin zindonda naqsh.


Mahbuba ruxsorining bu gal musavvirona tasvir – «naqsh»ga aylanishi ulug‘ shoir xayoli va ilhomining in’omi (Yusuf nomi bilan bog‘langan talmeh san’ati) taqozosidir. Avvalo, shohbaytdagi badiiy mantiq silsilasi g‘aroyib va hayratbaxsh: Yusufni malomat bilan zindonband etganlaridan keyin uning jahonda tengsiz siymosi— suvrati zindon devorlarida ham paydo bo‘lgandir (ehtimol, bir necha tasvir!). Demak, suratkash – naqqosh bandilar ham malomat balosiga yo‘liqqan bechora oshiqlar yoki o‘sha balokashlar orasida bittasi musavvir. Lekin zindon devorida faqat Yusuf suvrati (yoki suvratlari) chizilishining boisi nimada ekan? Aybsiz gunohkor rassom Yusuf suvratini beixtiyor hayratu rag‘bat bilan chizganmi yoki boshiga baxtiqaro kunlar kelishiga sababkor mahbubini Yusuf timsolida ulug‘laganmi? Axir afsonaga binoan, tangri ilohiy bandalariga husn hadya etganda, go‘zallik moʻjizasining o‘ndan to‘qqiz hissasini Yusuf Alayhissalomga, faqat bir ulushini boshqa (ayol)larga ravo ko‘rgan emish. Ehtimol, shu rivoyat tufayli Sharqning sohir shoirlari o‘zlarining asosiy qahramoni – oshiqni Majnunga, Farhodga, Vomiqqa qiyos etganlari holda, ideal mahbuba – orzu go‘zali, xayol malagini Layli, Shirin, Uzrolardan ziyodroq Yusufga nisbat beradilar (demak, chin go‘zallik millat, iqlim, imon-e’tiqod tafovutlarini tan olmaydi degan aqida faqat Yusuf siymosida istisnoli). Shu ma’noda zindonband oshiq-rassomning Yusuf bilan yonma-yon, unga qismatdosh bo‘lgani ehtimolidan ko‘ra, uning benazir husn-jamoli haqidagi mashhur qissadan voqif, o‘z mahbubi qiyofasini xayolan Yusufga tamsil qilgani badiiy mantiqqa yaqinroqdir. Navoiyga ham shunday mantiq maqbul va matlub. Muhabbat mulkining buyuk g‘azalnavis va dostonnavisi o‘zi xayol qilgan mohro‘yning ko‘ngildagi tasviri – «naqshi»ni go‘yo qorong‘i zindonni yoritgan moʻjizakor bir hol (buni faqat dard ahli his etishi, xayol qilishi mumkin) – Yusuf suvratiga qiyoslashida qanchalik nafosatu, qanchalik mung bor! «Tiyra ko‘ngul»dan bir daqiqa nari ketmas («chiqmas...dame») oraz tasviri haqida, ne chog‘liq og‘ir-hazin bo‘lmasin, moziyning eng dahshatli, g‘ayriinsoniy, vahshat manzilgohi – zindon manzarasi nisbati orqaligina butun, yorqin tasavvur hosil qilish mumkin. Navoiy qalami tahqiq etishi mumkin bo‘lgan so‘z fasohati tufayli go‘yo mudhish manzara chekinganday bo‘ladi, xaslxonamizni betakror lirik lavha – miniatyur obraz baxsh etgan dardli bir shavq band etadi.

Gʻazallardan birida o‘sha «oraz naqshi», «ko‘ngil» timsollaridan boshqacha xarakterdagi – musavvirona lavha yaratiladi. Shohbayt:


Orazing naqshin ko‘ngul lavhida tasvir etkamen,

Bo‘lmasa taqdir ani ko‘rmak, ne tadbir etkamen?


Navoiyning lirik qahramoni avvalgi bir baytda oshiq-shoir qiyofasida («yuzi vasfiga Navoiy tushmish...») ko‘ringan bo‘lsa, bu gal oshiq-rassom (aniqrog‘i, botiniy-ruhiy dunyo musavviri)ga aylanadi. Bas, chin muhabbat va nafosat shaydosi dunyoda misoli yo‘q go‘zal yorini faqat xayol ko‘zgusida gavdalantirish bilan kifoyalanishi mumkinmi? Shuning uchun uning noyob suvratini («naqshin») «ko‘ngul lavhida» chizmoqchi bo‘lsa ne ajab? Ayniqsa, oshiq-rassom uchun muborak va ezgu niyat... Lekin xayoldagi mahbub timsolini ko‘ngil lavhasida ifodalash – suvratlash faqat aytishga oson. Ehtimol, bunday g‘aroyib yaratish jarayoni – ruhiy chizgilar, moddiy zaminsiz, sirli-mo‘jiz qirralar, hissiy ranglar jilosi (ko‘ngil lavhasi nimaligini tasavvur qilib ko‘ring!) yolg‘iz shoir-rassomga, ya’ni she’riyatga xos so‘z san’ati imkoniyatlari bilan ruhiyat suvratini chizish iqtidoriga molik va matlub holdir...Shuning uchun bo‘lsa kerakki, Navoiydek so‘z san’atkori (aniqrog‘i, lirik qahramoni – oshiq-rassom)bunday sehrli suvratni ko‘rish tashvishi haqida o‘ylay boshlaydi: «Bo‘lmasa taqdir ani ko‘rmak, ne tadbir etkamen?» Oshiqning bunday bezovta holati zamirida, tabiiyki, mahbubining dunyo xazinasiga bergusiz xayoli, sog‘inchi, hasratlari zuhur etadi. Bunday g‘aroyib «taqdir» umidi bilan «tadbir» izlab qiynalish hollari Navoiy xayolxonasi haqidagi tasavvurimizni, shubhasiz, boyitadi.

«Aylama» radifli g‘azalda mahbub «chehrasi» oshiq «ko‘zi» bilan mehmon – mezbon tashbehlari orqali tanosib usulida bog‘lanib, ajab nuktadon she’riy lavha yaratiladi. Shohbayt:


Chehrasiga mezbon o‘lsun ko‘zum, ul chehrani

Ko‘zlarim uyidan o‘zga uyga mehmon aylama.


Bu go‘zal bayt ma’ni-ma’no va she’riy fasohat e’tibori-la ikki alomati bilan e’tiborni tortadi: birinchidan, mehmonnavozlik faqat oliyhimmat va saxovatli odamlarga xos xislat, xayrli odat emas, ayni paytda bu ko‘ngil saxovati, ma’naviy davlat, ruhiy boylik ramzidir. Xalqimiz: «Mehmon – atoyi xudo» deganda ana shu ko‘ngil eshigining ochiqligi, ko‘ngul uyinng kengligini nazarda tutgan emasmi? Qolaversa, bu – dastavval, aziz va munis, chin do‘st, vafolik kishining sog‘inch, ezgu niyat, samimiyat, mehr-oqibat dasturxoni atrofidagi dil muloqoti, yuksak e’tibor va e’zozga loyiq, intiq dil suhbati, xalq alyori tili bilan aytganda chin yurakdan «hasratlashadigan» mutlaq samimiyat nuri bilan nurafshon, bebaho soniyalar, hatto soatlar lazzati. Demak, ulug‘ saxovat egasi – hazrat Navoiy «mezbon-mehmon» istilohlarini she’riy nisbat o‘rnida badiiy istifoda etganida, shubhasiz, tom ma’nodagi insoniy yaqinlik – anis va munis kishilar do‘stligining e’zozli, muborak o‘lchovi – mezoni, e’tiqod darajasida qimmat bersa arzirli ma’naviy-axloqiy kamolot ramzi darajasida ulug‘lash maqsadini kuzatgan. Nihoyat, ikkinchidan, (san’at, she’riyat qonunlari nuqtai nazaridan), eng muhimi, shoirning qahramoni – oshiqning ko‘z qorachig‘i dunyoda yagona aziz mehmoni – yorni kutuvchi «mezbon»ga, ko‘zlar eng baxtli uy – mehmonxonaga aylanadi. She’riy lutf-so‘z latofatini ko‘ring: mahbubning o‘zi emas, xayoldagi «chehrasi» g‘oyibona mehmon bo‘lishi tangridan iltijo qilinadi. Oshiq-iltijosining ikkinchi sharti muhabbat dardining mohiyatini chuqurroq anglashga yordam beradi, ya’ni Navoiy xayol qilgan mahbub o‘z go‘zalligi bilan ushshoq ahlini qanchalik maftun etmasin (shoir boshqa bir g‘azalida: «Lolaruxlar ahdining mahkamligi mumkin emas», deydi), faqat shu jafokash istagi uchun vafoning mujassam timsoli bo‘lib qolishi kerak,bu istak-munojot ikkinchi misrada ifodalangan:


«Ko‘zlarim uyidin o‘zga uyga mehmon aylama».


Bu satr zamirida muhabbatning o‘ziga xos soqchisi, ruhiy qalqoni bo‘lgan muqaddas rashk tuyg‘usidan ko‘ra kuchliroq sadoqat shevasi, ishq savdosining chin bahosi – insoniy poklik tuyg‘usi, har qanday shubha-ishtibohdan forig‘ e’timod zuhur etgan.

Va nihoyat, shoirning qahramoni – oshiq Navoiy xayol qilgan gulrux «yuzi» uyqu va tush timsollari orqali abadiy go‘zallik ramziga aylanadi. Shohbayt:


Yuzungni tushta ko‘rar mumkin o‘lsa, istarmen

Oningdek uyquki, andin so‘ng o‘lmagay uyqu.


Voajab! Mahbuba jamolini faqat «tushta ko‘rishni xayol qila turib, abadiy uyqudek hayot-mamot falsafasi haqida shunchalar teranu hazin lavha yaratish, shunchalar ruhafzoyu mungli navosozlik qilish yolg‘iz she’riyat san’ati – so‘z fasohati sohiblariga musharraf bo‘lishi mumkin... Tush – ro‘yo olamining makon va zamon, jism va jon, tafakkur va hissiyot mezonlari, me’yorlari bilan ihota etilmagan ruhiy-ilohiy, g‘oyib-moʻjizakor mintaqalarida, burjlarida muloqot qilish (ayniqsa «vasli mumkini yo‘q» xavos ishqi ahli – xos oshiqlar uchun), to‘yib diydorlashish, goh kulib, gohi yig‘lab hasratlashish, istagancha sayr etish, istagancha... Yo‘q, shoir kuzatgan maqsad – faqat mahbuba «yuzini ko‘rish». Lekin mazkur bayt chuqur ziddiyati bilan go‘zal, jozib: nainki shunday yuksak she’riy xayol oqibatda tush bo‘lib chiqsa, tush bo‘lganda ham mangu uyqu istagi oqibatda o‘lim vahshatidan ustun kelolmasa! Holbuki, ifrot (favqulodda mubolag‘a) san’ati orqali ifodalangan tush – uyqu timsoli zamirida mahbuba yuzida hech qachon tahqiq qilib tamomlab bo‘lmas ma’no, latofat, joziba qirralari, jilolari (go‘yo o‘sha yuzda borliqning tajalliyot qonunlari mujassamlanganday) zuhur etadi. «Uyqu» tashbehining ma’no qirralari tajnis san’atiga zamin hozirlaydi: «Istarmen oningdek uyquki, andin so‘ng o‘lmag‘ay uyqu»...

Tavsiya etiladi
So'z guhari
So'z guharining ilohiy sadosi(birinchi suhbat)

БИРИНЧИ СУҲБАТ


"Низомул миллати вадди...

Intiho so‘z
Intiho so‘z

Mir Alisher Navoiyning shohbaytlari. Azal va abadning o‘z...

21-maqolat
“Izining tufrogʻidek...”

Klassik she’riyatimizdagi xokipoylik, xoksorlik, haqirlik...