So‘z avvalini sarlavha sharhidan boshlashga ehtiyoj seziladi. Bu – Qaysning ota-ona rizoligi haqki, ularning dil munojoti – yolborishlarini inobatga olib, musulmonlarning bosh ehromi Ka’bani tavof etishiyu tabbaruk qariyalar – volidlar istagi ziddiga, bu ixtiyorsiz ziyorat sharofati-la qudrati ilohiydan avvalgidan yuz, balki ming chandon kuchliroq ruhiy tashnalik bilan qilingan iltijo ifodasi... Muhabbat dardiyu uning najoti, davosi xususida shunchalar yonib so‘zlash, yorug‘ umidu cheksiz ishonch hissiga to‘la moʻjiz va ilohiy bir ruhiy holatni kechirish!..
Avvalo, tom ma’nodagi ma’naviyat nuqtai nazaridan yondashganda, azaliy mavjudiyatning «barchasidin sharif va latif» inson sha’nini e’zozlovchi birinchi qadriyat e’tiqod bo‘lsa, Navoiy nazdida, muhabbat uning har jihatdan pok («Yuzi poku ko‘zi poku o‘zi pok, Dili poku tili poku so‘zi pok») va komil timsolidir. Xususan, Majnun bilan Farhod, Layli bilan Shirin obrazlaridan kuzatilgan maqsad ham ularning tengsiz fazlu kamoli va ixtiyoriy (ha, ixtiyoriy!) fidoyiligi misolida muhabbat idealini e’tiqod darajasiga ko‘tarishdir. Mazkur fikrni valiy siyrat shoirning benazir shaxsiyati (shu jumladan, uning xos ishqiy ideali) bilan bog‘laganda, bu mislsiz go‘zal ma’naviyat obrazi butun salobati bilan gavdalanadi. Endi sarlavha-misraning badiiy qimmatini baholi qudrat sharhlashga harakat qilamiz. Bu – Navoiy tahayyuli va tasavvuridagi muhabbatning bag‘oyat darajada muxtasar va jozib ifodasi – nafis san’at («san’oye nafisa») namunasi bo‘lgan badiiyat. Aks holda, odamzod dardi, uning xasli va tabib tushunchalaridan shunchalar g‘aroyib ma’nolar shodasi – larzakor ruhiy holat ifodasi yaratilarmidi? Joziba siri so‘zlarning o‘zgacha – ramziy ma’nosida ham emas. Aslida shoir ularni o‘xshatish-muqoyasa, biron-bir she’riy nisbat sifatida qo‘llamaydi. Faqat so‘zning «xosa ma’ni»— maxsus, sirli-yashirin badiiy qirralarini inkishof etishda sohir san’atkor ekanligini namoyish etadi. Shoir yaratgan nozik mantiq u ko‘zda tutgan g‘oya bilan bevosita ruhiy aloqaga kirishgani hayrat uyg‘otadi: toki muhabbat otli qismatning irodasi tufayli oshiq uchun da’vosiz, lekin muborak bir dard nasibaga bitilgan ekan, faqat shu azobli baxtga, nurli g‘ussaga sababkor bo‘lgan mahbub «xayoli»gina unga umid, najot, shifo bag‘ishlashi mumkin. Lekin bu azaliy qismatda qachondir darddan xalos bo‘lish (bu ma’nosiz!) g‘oyasi emas, aksincha, bir umr o‘sha sitamkor tuyg‘u bilan hamdardu hamdam bo‘lib qolish, faqat o‘sha xayoliy najot umidi, shifo ilinji bilan yashash, hajrning barcha ozoru jafolari bilan oshno, mahram tutinish, qisqasi, «vasli mumkuni yo‘q» muhabbat darsidan shikastalik, fidoyilik bilan tahsil olish Navoiyning sobit matlabidir (zero, bu moʻtabar da’voni shoir devonlaridagi har ikki g‘azaldan biri dalillay oladi – mana shunday shohbaytlardan biri: «Demong osonish hadisinkim, bo‘lur aflokdin Yuz baliyat oyati sha’nimga nozil har zamon»). Ammo bu aytilganlar bir sariyu buyuk san’atkor uch-to‘rt so‘zning ma’no-mantiq, ritm-vazn, tovush-musiqa, rang-tasvir, ifoda-joziba kabi poetik qirralaridan, ularning xushta’b kitobxon o‘zicha kashf qilishi mumkin bo‘lgan ichki imkoniyatlaridan «ta’bi mavzun, zehni solim» san’at, badiiyat yaratishi bir sari emasmi: dardimga xayolini tabib et...
Alisher Navoiyning xayolot, xotirot dunyosida jilvalangan sirli xilqat, uning o‘z ta’biri bilan aytganda, «taxayyul mulki», asosan «xayol», «yod», «taxayyul» kabi bir-biridan ranginu jozib, bir-biridan teran, purma’no she’riy nisbatlar orqali kashf etiladi. Daho san’atkorning shohbaytlariga g‘oyaviy, ruhiy-ma’naviy va badiiy zamin hozirlagan bunday ko‘pqirrali obrazlar, «so‘z guhari»ning turfa rangu ohanglarda zuhur etgan nafisliklari (istiorali, kinoyali, ramziy-majoziy, mubolag‘ali, tajnisli, tanosibli, tadrijiy-silsilali ifoda o‘zgachaliklari), orifona tafakkur teranliklari, oshiqona hissiy tug‘yon zamzamalari, qalandarona hurfikrlilik yuksakliklari har gal boshqacha bir sifati, salohiyati bilan ajralib turadi. Ayni chog‘da ular turli she’rda turfa usulda – ma’naviy va lafziy san’atlar bilan muzayyan etilgan holda, takroran qo‘llanishi e’tibori-la o‘ziga xos sayyor obrazlar hamdir. Xususan, «xayol», «taxayyul» tashbehlari yuzlab she’rlarda uchraydi; ular har baytda shoirona nozikxayolliklar, mutafakkirona nuktadonliklar bilan hayratga soladi, faqat she’r san’atiga xos fasohatli, musiqiy, tasviriy qirralari bilan zavqu shavq uyg‘otadi, o‘yga toldiradi. Ularda shoir qahramoni— oshiqning «arzi va niyozi» – hasratlari bilan ilohiy ishq mahbubining qancha dardu sitam, nolayu afg‘onlarga sabab bo‘lgan «husni va nozi» xayolday cheksizu najotsiz olis masofada turib, bamisoli samoviy munosabat bog‘laydi. Lekin bunday g‘aroyib muloqotning har soniyasida insonning tafakkur dahosi, ruhiyat fazosi uchun olis-yaqinlik me’yorlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Terma baytlarning turli darajadagi sharhi bu fikrni tasdiqlashi mumkin. Shohbayt:
Go‘yiyo ko‘nglum taxayyul mulkining sultonidur,
Kim xayol ichra qilur har ayshkim imkonidur.
Bu shohbayt lahzali kechinma, ruhiy holat zaminiga qurilgan emas. Aksincha, faraz qilish mumkin, bu – to‘zimsiz muhabbat dardi bilan bog‘liq ne-ne iztirobli jarayonlarning, ma’no miqyosi hayotning o‘zi qadarli cheksiz, ziddiyatli bo‘lgan buyuk qismat – ishq savdosi in’om etgan olam-olam sururu quvonchlar, u yetkazgan hududsiz ozoru sitamlarning mujassam timsoli. Ehtimol, bunday talqin ulug‘ san’atkor ko‘zlagan niyatni bir jihatdangina yoritishi, faqat shoir qahramoni – oshiq yo orif kechirgan xayollar dunyosiga (garchi baytda sevgi haqida biron-bir so‘z uchramasa-da) doxil bo‘lishi mumkin. Holbuki, bir baytda yonma-yon kelgan «taxayyul», «xayol» timsollarini «abadiy mavzu» bilan bog‘lab talqin etish kifoya qilmaydi, bu tashbehlar zamiridagi g‘oya Navoiy ijodining barcha sohalariga daxldordir. Shuning uchun umumlashma xarakterdagi bu timsollarga aloqador ikki nuqtani sharhlab o‘tish kifoya: avvalo, shoir qahramonining o‘y-xayol dunyosi jahongir shohlar tasarrufidagi bepoyon mulku daxlsiz saltanatga nisbat berilishi mubolag‘aning ig‘roq usuli; qolaversa, har qanday xayolot, ruhiyat dunyosi moddiy dunyo qarshisida beqiyos darajada ko‘lamdor va teran bo‘lgani kabi Navoiy inkishof etgan obraz – «taxayyul mulki» o‘zining hayotdagi ob’yektiga nisbatan shu qadar kengdir. Illo, shoh-sultonlar mulki faqat jug‘rofiy miqyosni, cheklanmagan saltanat – qudratni ifoda etgani holda, ulug‘ shoirning «taxayyul mulki» arzu samoga sig‘masa ne ajab! Xuddi shunday: «ko‘ngul»ning «sultonga nisbatida ham makonu masofa, davronu davlat me’yorlari bilan solishtirib, tenglashtirib bo‘lmaydigan tafovut bor. Shu ma’noda, “ko‘nglum taxayyul mulkining sultoni” obrazi mohiyatida bizga tafsiliy jihatlari pinhoniy bo‘lgan qancha ziddiyatli tuyg‘ular, ehtimol, qalb xotiralari zuhur etadi! Faqat shoirning boshqa asarlari orqali bu misra zamiriga genial ijodkorlarga xos qonuniy faxriya, ruhiy qoniqish, ayni chog‘da buyuk armon, o‘kinch, hatto ma’lum kinoya ma’nolari joylanganini tasavvur etish mumkin. Ikkinchi misra : «...xayol ichra qilur har ayshkim imkonidur», asosan, birinchi misra ni o‘zicha to‘ldirish va sharhlashga xizmat qiladi. Lekin, muhimi (ehtimol, bunda kinoya – o‘kinch, alam tuyg‘ulari yana kuchliroqdir), jahongir sultonlarning shahvatparastligiga muqobil olingan «har ayshkim» iborasini, hayotiy va ishqiy e’tiqodda tengi yo‘q shoirning xoh dunyoviy suvratiga, xoh ilohiy siyratiga nisbat berib sharhlaganda, ziddiyatli o‘yga cho‘mdiradi (zero, boshqa bir g‘azaldagi mana bu bayt mubohasaga tortadi: «Qachon davron manga bir bo‘yla ishratni ravo ko‘rgay, Ki o‘rganmish meni o‘rtarga hijron dardu dog‘inda»).
Terma baytlarda shoir qahramoni – oshiqning orzudagi mahbubi har gal xayolning kutilmagan in’omi tarzida shakllanadi. Bayt:
Evrulur ko‘nglumda ul chobuk xayoli har kecha,
Shu’laliq ko‘nglumni qildi charx fonusi xayol.
Birinchi misradagi «chobuk xayoli» an’anaviy usulda – ishvakor mahbub timsolida kelgan bo‘lsa, keyingi satrda uning bolalarcha sho‘xligi, o‘tu mash’alaga o‘ch tabiati, hayot hodisalarining, ayniqsa, muhabbatning ma’nosini (dard ahlining holini) anglashdan uzoq atvori kinoyali ohangda chiziladi. Demak, zohiran qaraganda, har ikki misrada boshqacha tarzda, takroran kelgan «xayol» tashbehi go‘yo sho‘xu bedard go‘zal timsolini yaratadi. Aslida esa, satrlar mohiyatida qahramon ko‘nglida kechayotgan jarayonlar ziddiyati e’tiborni tortadi: ne qilsinki, oshiq Navoiy ko‘ra-bila turib, o‘sha berahm mahbub yodi bilan nafas oladi, ko‘ngli o‘sha ishqning dardi – otashida o‘rtanib-yonadi; uning alangasidan hosil bo‘lgan «shu’la» bamisoli «charx fonusi» bo‘lib tungi olamni yoritsa ne ajab! Navoiy yashagan zamonda, hatto yaqin o‘tmishda ham odamlar qorong‘u ko‘chalardan odatda fonus, ba’zan mash’al tutib o‘tganlar («Tun qorong‘u, mast otlandi, ko‘ngulning shu’lasini Aylabon mash’al borurman uyiga yetkurgali», deydi shoir boshqa bir she’rida). «Shu’laliq ko‘ngil»ning oyga – «charx fonusi»ga nisbat berilishi uchun oydin kechalarga xos sirli-pinhoniy xilqat bilan bedor oshiq xayollarining fazoviy cheksizligi badiiy-mantiqiy zamin – o‘ziga xos zamon va makon vazifasini o‘taydi. Baytning jozib jihati yana shundaki, «shu’lalik ko‘ngul» atrofida aylangan xayol oshiqning hajr tunlarida tug‘ilgan ruhiy kayfiyatini ifodalaydi. Xullas, har ikki holatda ham «xayol» faqat oshiq sub’yektiga mansub – uning kechinmalar dunyosini ochib beradi. Lekin bu obrazning bevosita mahbuba shaxsi, uning biron-bir xislati bilan bog‘lanmaganligidan qat’i nazar, baytdan kuzatilgan asosiy maqsad muhabbat idealini («ul chobuk xayoli»ni) samoviy yuksaklikka ko‘tarishdir. Bunda «ko‘ngil» va «xayol» tashbehlarining turli ma’no qirrasi – har gal yangi badiiy vazifani ado etishi tajnis (jinos) san’atining betakror bir namunasidir.
Navoiy sayyor xarakterdagi, ta’bir joiz bo‘lsa, markaziy obrazni takroran keltirish usuliga tez-tez murojaat etadi. Shohbayt:
Belingga to soching chirmashti rashqidin oning har tun
Dimog‘imda tong otquncha xayol ermish xayol uzra.
Shoir o‘z qahramoni – oshiqning hijron tunidagi ta’rifdan tashqari «azobli o‘ylari» (Asqar Muxtor), iztirobli kechinmalarini nafaqat xalqona go‘zal soddalik, lutf bilan ifodalaydi, ayni chog‘da bizning tasavvur va quvvai hofizamizga ham erk berayotganday bo‘ladi: ehtimol, Navoiy xayolidagi sarvqomat o‘z shaydolarini ortiq kuydirish, zoru intizor etish murodi bilan sho‘x-sho‘x odim otib, g‘amzasoz – o‘ynoqi harakatlar bilan o‘zini parvosiz, tag‘ofilga solib borayotgan (kunduz kunlarining birida beixtiyor shoirning ko‘zi tushgan) tansiq daqiqalar taassuroti – uzun sochlarning nozik bel ustida har gal o‘zgacha to‘lqin urib, turfa shakl-shamoyilda to‘lg‘onib-buralib ko‘rinishi «har tun... tong otquncha» oshiq ko‘zidan nari ketmagan (balkim bu hol yillarcha davom etadi!), bu uning dardi ustiga dard keltirgandir... Yo‘q, bunday jozib tasavvur ham, har qalay, sahvga o‘xshaydi. Oshiq shunchalar berahm mahbubning kunduzgi sho‘xliklari, ishvakor xiromlari chog‘idan emas, balki tungi orom damlari – uyquda belga chulg‘anib yotgan soch tolalarining bexolu behudligidan yo, aksincha, sochlarga «chirmashgan» belning mastona holatidan xayolan rashq qilib to‘lg‘onadi. Aniqrog‘i, shoir o‘sha to tonggacha bedor kechgan damlar «xayoli»ni – mahbub vasli haqidagi tug‘yonli o‘ylarni bir-biridan rashq qilgan oshiqlarga muqoyasa etadi ( «Gahi behudligimdan seskanib tutsam adab rasmin Belig‘a chirmashurda shavqning ifroti chog‘inda», deya xayolan mastona kayfiyatga beriladi Navoiy boshqa bir g‘azalida!). Mana shu badiiy mantiq taqozosi bilan ular («xayol»lar) belu sochlarning chirmashgan holatini yana o‘zgacha kayfiyatga kirib («rashkidin» bezovtalanib) kutilmagan bir tarzda nisbatlab keladi. Rashk iztirobida beqaror, najotsiz «xayol»lar tonggacha makonu poyon nima bilmay hayron qotsa ne ajab?.. Yoki bu «soqov daho» (Abdulla Oripov) – qadim dunyoning ne-ne ziddiyatli haqiqati bilan yuzma-yuz to‘qnashib, noiloj va noumidlikdan yana o‘zining sirli-sokin, daxlsiz manzili – mahbub timsoli bilan «har tun» tuzadigan g‘oyibona muloqotiga qaytgan bo‘lsa ne ajab?! Demak, birinchi qarashda go‘yo so‘z o‘yini zaminiga qurilganday tuyuladigan «Dimog‘imda tong otquncha xayol ermish xayol uzra» misra -lavhasidan mohiyat e’tibori-la Navoiyning benazir Muhabbat e’tiqodi, ulug‘, fidoyi shaxsiyatidan ozmi-ko‘pmi boxabar kitobxon jozib-sirli ma’nolarni ilg‘ab olishiga shubha yo‘q. Shu tariqa, an’anaviy «tun» va «tong» (bu baytda «har tun» – «tong otquncha») muqobil tashbehlari – tazod san’ati zaminida badiiy silsila tuziladi – «xayol»ning tutilmagan miniatyur obrazi yaratiladi.
«Taxayyul», «xayol», «yod» tashbehlari vositasi-la ishlangan va o‘zgacha timsollarda zuhur etgan turkum miniatyur obrazlardan yana biri. Shohbayt:
Yetti charx avroqi to‘lg‘ay, yetti bahr o‘lsa midod,
Ul quyosh vasfiga bir damliq xayolimni desam.
Ifrot va tanosib san’atlarining o‘zgacha nuktadonlik zaminiga qurilgan bu shohbaytda Navoiyning xayolot, xotirot dunyosi, ijodiyot dahosi (bu gal lirik qahramon olami shoir shaxsiga juda yaqin turadi) favqulodda aniq ifodalangan. Shoir tuzgan badiiy mantiqning fikriy miqyosi, ruhiy teranligi, kuzatilgan niyat poyoni qanchalik g‘aroyib bo‘lsa, shunchalik uyg‘un va mutanosibdir; oshiq, Navoiyning faqat «bir damliq xayoli»da (bu minimal vaqt o‘lchovi bilan «yetti charx», «yetti bahr» nisbatlari zamirida tazod san’ati yashiringan) jilvalangan mahbub yodi haqida, aniqrog‘i, uning ilohiy vasli umidida she’riyat ma’budi Atorud qalami qudrati-la orzu qilingan Muhabbat risolasini yaratish uchun... dunyoning barcha xattotu sahhoflari tasarrufidagi na qog‘oz varaqlari, na siyoh ranglari bakor keladi! Illo, quyoshning tasviri – mujassam timsoli (mayli, «bir damliq xayol» doirasida bo‘lsin) faqat «yetti charx»ning cheksiz samoviy varaqalariga jo bo‘lishi mumkin, buning uchun «yetti bahr» siyoh vazifasini o‘tasa bas!.. Bu nafaqat xayolning sharqona sirli-sehrli, puravj parvozi, yuksak she’riy san’at namunasi, ayni chog‘da «taxayyul mulkining sultoni» – daho shoirning shaxsiyati, qalb xotiroti qanchalar teranligidan, she’riy tafakkur xazinasining qanchalar boyligidan dalolatdir.