“Subhi visol” armonlari
8-maqolat

Bag‘oyat darajada nuktadonu latif, ifoda ufqi bilan ma’no fazosini bilish oson bo‘lmagan vasl xayollari... Bu Navoiyning lirik-rubobiy she’riyatida goh shirin va ezgu armon, goh taqdir xohishiga achchiq va nozik kinoya, goh an’anaviy ijodiy xayol – fantaziya yo she’riy lutf – so‘z fasohati namunalari tarzida shakllanadi. Shohbayt:


Ul kechakim yor ila yorutgomen sham’i visol,

Zinhor, ey subh, agar bo‘lsang Masih urma nofas.


Talmeh san’ati (bu – ilohalar, oshiqlar, afsonaviy va tarixiy shaxslarning nomlarini she’riy bayt shodasiga dur kabi tizish demakdir) orqali oro berilgan bu baytda, dadil aytish mumkinki, Navoiyning rubobiy she’r dahosi butun syehri, moʻjizakor kuchi bilan ayon bo‘ladi. Ne baxtki, hajrning cheksiz dardu sitamlarini torta-torta hasratnishinlikni odat qilgan oshiq uchun, nihoyat, xayolan vasl xilvatgohida muloqot quvonchi nasib etgan bo‘lsa (xalqimiz orasida anchayin tarhalib ulgurgan boshqa bir latif baytni eslang: «Na xush bo‘lgay, ikovlon mast bo‘lsoq vasl bog‘inda. Qo‘lim bo‘lsa oning bo‘ynidayu og‘zim qulog‘inda»)... Lekin intizorlik yo‘lida jonu ko‘ngilni nisor etib kutilgan visol mana qanchalar yuksak san’at bilan ifodalanadi: oshiq Navoiy «yor ila... visol sham’i»ni yoqqan tunning oxir-oqibatda subhidam pallasi quyosh nurlarida ilojsiz barham topishi – bu nafaqat bir kechalik, balki bir umrga teng, yo‘q, shoir qahramoni – oshiq uchun abadiyatga doxil – to mahshar tongigacha azoblanish bilan teng fojeadir!.. Aks holda, jonsiz jismga qaytadan hayot baxsh etishga qodir Masihdek iloha tongga muqoyasa etilmas edi. Qizig‘i shundaki, o‘zining g‘oyibona tashrifi bilan «visol sham’i»ni yoqqan (bunday moʻjizakor hayot charog‘i asli o‘sha tun bag‘rida emas, oshiq qalbida yoqilgan deb bilmoq kerak!) mahbubning xayoliy timsoli kyechaga o‘zgacha, subhga yana boshqacha ma’no, badiiy qimmat bag‘ishlaydi. Aksariyat hollarda tun qorong‘iligi va bedorligi oshiq ahvoli ruhiyasining g‘oyat mushkulligi ramzi sifatida talqin etilgani holda, bu gal go‘zallik ilohasining inoyati timsoli bo‘lib keladi va, aksincha, hajr kechalari ortiq darajada kuchaygan dard zahmiga malham qo‘yishi mumkin bo‘lgan najodkor «subh» kutilmaganda foje’ intiho ramziga aylanadi. Bunda Masih nomi bilan ziynatlangan talmeh san’atiga «kyecha-subh» muqobil tashbehlarining original talqini (tazod usuli) yanada yorqinlik, ranginlik, ruhiy tyeranlik bag‘ishlaydi – ular biri ikkinchisi uchun badiiy-obrazli zaminga aylanadi.

Boshqa bir g‘azalda xayoliy visol lahzalaridan g‘oyat jozib lirik lavha chiziladi. Bayt:


Sham’siz tun bo‘lsa, ya’ni soya dog‘i bo‘lmasa,

Gar Navoiy bo‘lsa bir dam dilsitoni yonida.


Klassik tanosib va tazod san’atlarining ajib hayratbaxsh ko‘rinishlari («tun» bilan «soya», oshiq Navoiy bilan uning yori – tanosib; oysiz kecha bilan oshiqning «dilsitoni», «bo‘lsa» – «bo‘lmasa» – tazod) baytga qanchalik nuktadonlik, nafislik bag‘ishlaydi! Holbuki, Navoiyning qahramoni – oshiq xayolning ilohiy qanotida havolanadi, ishq qismatining qiynoqli domidan – yorsiz, anis-mahramsiz g‘urbatxonadan bir necha lahza bo‘lsa-da, ozodlik sari – ruhiy halovat maskaniga talpinadi. Naqadar ezgu, latif xayol, bu faqat xayol ekanligi haqidagi haqiqat qanchalik og‘ir taassurot qoldiradi. Mayli, biz ham bir necha daqiqa xayolimizni ulug‘ shoirning muborak taxayyuli zavqiga, she’riy so‘z syehri ixtiyoriga byeraylik: oshiq Navoiy yori bilan «vasl bog‘i» sari yo‘l olib, uni munavvar etishga azmi qaror qilgan kecha oy chiqmagan bo‘lsa (ne ajabki, xalqimiz xayolan Navoiyning tabarruk izi qolgan yo‘lni «ko‘cha» deb ta’riflagan: «Navoiy o‘tdi ko‘changdan piyoda yori bilan, kishi baloga qolurmi o‘z ixtiyori bilan». Koshki bu pokdomon valisifat zot chindan ham «yori bilan» qay bir oshiq yo ma’shuqa muxlislari istiqomat qilgan «ko‘chadan o‘tgani» rost bo‘lsa!).. Negaki, oshiqning zoru intizorlik, cheksiz sog‘inch tuyg‘ulari chulg‘ab olgan ko‘ngli bunday g‘oyibdan kelgan baxt-visol damlari mutlaqo erkin, malolsiz, hadiksiz va ozorsiz o‘tishini istaydi. Bu dil, ruh istagi shunchalar nozik, shaffofdirki, oydin kechada go‘yo moʻjizaviy tarzda paydo bo‘ladigan turli soya-sharpalar, shu’la va aks-shu’lalargina emas, hatto o‘zlarining soyalari ham bo‘lmasa! Bunday huru dorulomon xilqatda ikki oshufta, hamroz, mahbub ko‘ngil istaganlaricha rozlashsinlar, ko‘ngil ixtiyoriga mutloq erk bersinlar... Bu shohbaytda yana ikki nozik nuqta bor: birinchidan, oshiq Navoiy uchun o‘sha orzudagi mahbubi – «taxayyul mulki»ning yakkayu yagona malikasi bilan visol muloqoti loaqal «bir dam»gina bo‘lsa qaniydi! Aslida bunday lahzalik vasl abadiy hajr g‘oyasining qimmatiga teng emasmi? Ikkinchidan, bu fidoyi zot o‘z «dilsitoni» – ko‘ngil uyini yorituvchi yori yonida bo‘lar ekan, «tun sham’i» – qamar nuriga ehtiyoj qoladimi? Bu she’riy mantiq zim-ziyo («soya dog‘i bo‘lmagan») kecha ma’nosini mohiyatan inkor qilmaydi, aksincha, unga sirli teranlik bag‘ishlaydi: oy chiqmagan kecha bag‘rida mahbublar dilida yoqilgan chiroq yanada ravshanroq bo‘lsa ne ajab!..

Qator g‘azallarda vasl xayoli tush – ro‘yoda ayon bo‘lgan g‘aroyib baxt timsolida ifodalanadi. Bayt:


Tushta vasli bo‘lsa gar xud barcha so‘nggi uyqudur,

Ey Xizr, hayvon suvi ichmakka bedor aylama.


Hatto uyqu ichida – tush ko‘rish asnosida shunchalar e’zozlangan yor vasli, mohiyatda «muhabbat – abadiy» degan e’tiqodni ulug‘lash timsoliga aylanadi. Shoir kuzatgan bu niyat o‘zining chuqur dramatizmi, hatto tragizmi («so‘nggi uyqu...») bilan muhabbat va vasl haqidagi an’anaviy tasavvurlar doirasiga sig‘maydigan, ehtimol, sufizm falsafasining ilohiy ishq ideali bilan bog‘lanadigan o‘zgacha ruhiy dunyo haqida bahs ochayotganday taassurot qoldiradi. Ikkinchi misraning mazmuni bu fikrni tasdiqlashi mumkin: mahbuba bilan tushida yuz ko‘rishgan oshiq hech kim bezovta qilishini istamaydi, hatto Xizrning «hayvon suvi» – abadiy umr sharbatini ichirishidyek har qanday gunohdan xoli, farishta sifat zotlar orasida kamdan-kam tole’ egasiga munosib ko‘rgan muruvvati ham yorning (hatto tushdagi!) diydorisiz ma’nosini, qadrini yo‘qotadi. Bunday oshiqona e’tiqod va e’timod faqat xayolning go‘zal jilvasi emas. Hayotda, mayli kamdan-kam uchrasin, chin oshiq-ma’shuqlar muhabbat ahd-paymoni, vasl sharti-labzini ado etish yo‘lida ba’zan o‘lim xataridan qo‘rqmaydilar, bu yo‘lda jon fido qiladilar ham. Shu tariqa, talmeh san’ati (afsonaviy, tarixiy shaxslar nomi bilan bog‘langan she’riy usul) orqali ziynatlangan, mahbuba timsolida muhabbat e’tiqodini inson ruhining adabiyatini ulug‘lovchi teran ma’noli lirik obraz shakllanadi.

Boshqa bir g‘azalda tush inkor usulida kelib, bedorlik qiynoqlari tufayli oshiqni vasl xayoli tark etgani hazin ohangda ifodalanadi. Bayt:


Vahki emdi tushka ham kirmas visoling, nechakim,

Ko‘zdin andog‘kim, uchar vasling, o‘chubtur uyqu ham.


Shoirning qahramoni – oshiq ko‘nglidagi bezovtalik – hajr iztiroblari shu darajaga yetganki, bu hol ko‘ngilning ko‘zgusi ko‘zni qorong‘ilashtirgan, shuning uchun «ko‘z uyi»ni mahbubaning xayoliy timsoli – g‘oyibona «vasli» tark etgan. Navoiy tuzgan badiiy-mantiqiy silsila o‘zgacha va nozikligi bilan hayratga soladi: yor suvratining ko‘zdan uzoqlashishi, tabiiyki, «uyquni o‘chiradi»: aksincha, ko‘zda faqat xayoliy aksi – timsoli jonlangan mahbuba shavqi, farog‘atida beixtiyor ravishda ko‘zlar yumilishi, natijada avval kutmagan, xayolga keltirmagan ajab muloqot – vaslning g‘aroyib sayru sarguzashtlari bir-bir namoyon bo‘lishi mumkin edi (tushda ko‘pincha o‘ngdagi azoblarning aksi yuz beradi). Nachoraki, oshiq ko‘zlari uyquni bilmagach, mahbuba «emdi tushka ham kirmas»...Oshiqning ahvoli bunchalar mushkul bo‘lmasa: u mahbubini na o‘ngida – ko‘z, nazar mir’otida, na uyqu – tush manzaralari orqali ko‘ra, sirlasha olmasa! Lekin hamon oshiqni shu ko‘yga solgan mahbubaning, mayli, aziz, qadrdon qiyofasi aniq jilvalanmasa ham, uning o‘y-xayoli, hasratlari ko‘ngilni tark etmasa bas (.. “chiqmasun ko‘nglumdin ozori aning”). Shu tariqa, tanosib san’atining ajoyib namunasi (tush, uyqu tashbehlari) orqali «mumkini yo‘q... vasl»ning jozib-lirik obrazi yaratiladi.

Vasl xayolida o‘tgan hijron kechasining dardu sitamlari ba’zan shu darajaga borib yetadiki, oshiq bu azoblar dahshatini faqat bedorlik saboti bilangina kechirishi mumkin. Bayt:


Ushbu hijron kechasin tush ko‘rsam erdi nogihon

O‘lgay erdim vahmdin, albatta, zahram yorilib.


Baytdan faqat shunisi aniqki, Navoiyning qahramoni – balokash oshiqning «ushbu hijron kechasi» boshqa kechalarga aslo o‘xshamaydi. Ajabo! Tabiiy (yoki ilohiy) qudratning moʻjizasini ko‘ringki, inson eng mushkul sinovlarga, jumladan, baxtsiz muhabbat – vaslsiz hajrning eng qattiq azoblariga ham, faqat o‘ngida – bedorligida bardosh berar ekan! Bordi-yu, bizga, har qalay, tafsiloti qorong‘i, yolg‘iz oshiqning o‘ziga ayon o‘sha mash’um kecha asli qanday o‘tgan – aynan shu holida tushga kirguday bo‘lsa, uning «vahmi» – dahshatidan fojea yuz berishi muqarrar edi. Navoiy xalqning achchiq tajribasi – qattiq qo‘rqish tufayli o‘ti («zahrasi») yorilib halok bo‘lish hodisasini tush ko‘rish jarayoniga ko‘chirish orqali (irsol-ul masal she’riy usulida) oshiqona kechinmalarning yorqin lirik-dramatik obrazini yaratadi.

Gʻazallardan birida vasl xayoli, ishtiyoqi xalqning bukilmas iroda ramzini ifodalagan ajoyib naqli asosida kamyob lirik lavha-obraz shakllanadi. Bayt:


Jahdim andoqdur, yetishgaymanmu deb vasliga bot,

Kim qabul etmon og‘up deb, chiqsa egnimdin qanot.


Sohir san’atkorniig xayol parvozi lirik qahramon – oshiq kechinmalari tug‘yoni bilan qanchalar uyg‘unlik, mutanosiblik kasb etgan! Vasl yo‘li nechog‘liq poyonsiz, uning manzillari nechog‘liq mashaqqatli bo‘lmasin (ehtimol, u o‘ziga mahbub deb ilgidan tutib bo‘lmas, visoliga yetib, jamoliga to‘yib bo‘lmas bir pari zotiga ko‘ngil bog‘lagandir) oshiq – insonning «jahdi», iroda qudrati, shijoat va jasorati uning o‘ziga, jismiga sig‘masa ne ajab! Zero, xalqning ijodiy dahosi ham, buyuk shoirlarning xayolot dunyosi ham azaldan sarhadu hudud bilmagan. Nafaqat qanotli tulporni, uchar gilamlarni, hatto «egniga qanot» bog‘lagan odam – Ikarni inkishof etgan ham inson taxayyuli emasmi? Ulug‘ shoir xayoli qanchalik yuksaklikka ko‘tarilmasin, hayotiy zamindan ajratilmagani bilan hayratbaxshdir: oshiq o‘zicha samoviy, ilohiy ma’no bergan muhabbat yo‘lida (garchand vaslga yetishdan ko‘ra yetolmaslik ehtimoli ortiq bo‘lsa ham) shunchalar sobit qadam, ahdi ustuvordirki, agar afsonalardagi hol – mo‘jiza yuz berib, «egnida qanot» paydo bo‘lgan taqdirda ham, uni «og‘ir deb qabul etmasa» sira ajablanmang! Holbuki, mantiqan qanot (ramziy ma’nodagi turli yengillik, yaqinlik, qulaylik, najot vositalari)ning «og‘ir»ligi sezilmasligi kerak. Shoir buni yaxshi bila turib, oshiq-inson jahdining shiddatiga ayricha qimmat berish uchun mubolag‘aning ig‘roq; usulini qo‘llaydi – xalqona naql zaminida g‘aroyib lirik obraz yaratiladi.

Navoiy vasl onlarining xayoldagi suvratlarini nozik san’at bilan naqshlar ekan, o‘sha xayol azmi bilan damo-dam ilohiyona – «xavos ishqi» (xos, fidoyi oshiqlar muhabbati) arshidan asta dunyaviy hayotning quvonch-tashvishlari maskaniga nigoh tashlaydi. Hayotiy mantiq taqozosi bilan (shubhasiz, sharqona hayo pardasini ko‘tarmaslikka intilib) «ishrat aro»,»yondashib», «topishib», «quchishib», «chirmashib», «yig‘lashib», «mungrashib» kabi chin sevishganlar muhitiga xos so‘z-iboralarga ma’lum ritmik-musiqiy, tasviriy sayqal, tartib beriladi. Bayt:


Xushturur: bir tiyra shomi hajr iki yor uchrashib,

Topshib, bir-birlarini mahkam kuchushib, yig‘lashib...


«Hajr shomi»dagi bir «uchrashuv» manzarasi nozik va favqulodda ramzu majozlardan xoli bo‘la turib, har bir so‘zning bevosita «avtologiya» usulida (o‘z ma’nosida), narsa va hodisalarning «o‘z tilida» qo‘llanishi qanchalik aniq, yorqin, jozib lirik manzaraga aylanadi. So‘ngra, yana o‘shanday tabiiy, hayotiy, samimiy tafsillar – lavhalar vositasida jo‘shqin lirik kechinma, ruhiy holat haqida haqqoniy obraz yaratiladi. Bayt:


Furqat ayyomida har birining boshga kelganin

Yuz tuman hamdardlig‘lar birla har dam so‘zlashib...


Agar «yuz tuman» (ya’ni million) iborasini mubolag‘ali so‘z demasak (garchi sog‘ingan oshiq-ma’shuqlar hijronda kechgan kecha-kunduzlar davomida «har biri-ning boshig‘a kelganini» bir necha soatda, boringki, bir kechada aytib tamom qilolmasalar ham, «hamdardlig‘» so‘zlarining hisobiga yetib bo‘larmikin?), bu gal ham g‘aroyib istioralar, timsol – obrazlar vazifasini oddiy so‘z – tafsillar bajaradi. Lekin bu predmetli – voqeiy tasvir orqali qanchalik haroratli, purdard tuyg‘ular, xayollar tabiiy tarovati, jozibasi bilan she’r misralariga ko‘chiriladi. Navoiy ba’zan tasvirning hayotiyligi, haqqoniyligi haqqi visol muloqoti damlariga ishrat unsurlaridan kam-kam qo‘shishdan cho‘chimaydi. Bayt:


Kimsa yori birla xushtur g‘am deyishib, mungrashib,

Yotsa gohi chirmashib, o‘ltursa gohi yondoshib.


Zohiran bizga kutilmagan bir holday ko‘rinadigan bunday manzara (masalan, «yotsa gohi chirmashib»)ga she’riy kontekst taqozo etgan, avvalgi baytda o‘z aksini topgan: «Furqat ayyomida har birining boshiga kelgan» ranju alamlardan «g‘am deyishish, mungrashining tabiiy, tadrijiy hosilasi sifatida yondashmoq kerak. Bunday zohiran oshkora (lekin hayo pardasidagi) tasvirning hayotiy zamini yana shundaki, buyuk so‘z san’atkori «gohi» so‘zini takroran qo‘llab, bir-birovini qattiq sog‘ingan, firoq tashnaligi qirg‘og‘idan toshgan oshiq-ma’shuqalarning ikki holatini qayd etadi: «yotsa gohi chirmashib, o‘ltursa gohi yondoshib» (ehtimol, bu bechora oshiq-ma’shuqalar «o‘ltirgan»larida ham nafaqat yondoshib yo yuzma-yuz bo‘lib, «yotgan»larida ham nafaqat chirmashib yo bo‘y-bo‘ylashib – goh bag‘ridan bo‘shatib, goh yana quchib – har qalay, turfa holatlarda yaqinlik, mehribonlik, erkalanish, arzlanish-zorlanishlar sodir bo‘lgandir). Biroq, ne hasrat-nadomatlar bo‘lsinki, bunday tabiiy, hayotiy manzara ulug‘ valisiyrat shoirning xayolxonasida kechiriladi...

Navoiy ba’zan «ishrat tuni», «malak taslimi – shayton firebi» haqida, ehtimol, o‘z qismatiga achchiq kinoya ohangida yozishga ma’lum rag‘bat, tamoyil ko‘rsatsa ham ( «Gahi behudlugumdin seskanib tutsam adab rasmin, Belig‘a chirmashurda shavqning ifroti chog‘inda»), dunyoviy mazmundagi («avom ishqi») vasl damlari xayolidan o‘zining ilohiy muhabbat («ishqi haqiqat») ideali – ezgu xayoli in’om etadigan ruhiy lazzatni ustun qo‘yadi. Bayt:


Kishi visol tuni yori birla yotquncha

Jamoli sham’ig‘a qilsun nazar tong otquncha.


Garchi har bir misra o‘zicha mustaqil holda ma’lum kayfiyatni ifoda etsa-da (avvalgisida «kishi»ning sevgani yo sha’riy jufti xaloli bilan ishrati tabiiy bir hol sifatida, keyingisida, aksincha, faqat xayolan kechirilishi mumkin bo‘lgan ruhiy farog‘at), bunday keskin qiyoslash zamirida nafaqat Navoiyning xos ishqiy e’tiqodi zuhur etadi. Ayni paytda bu baytdan, birinchi navbatda, chin muhabbatli, vafoli va shubhasiz, ruhiy-ma’naviy boy, hayot ziddiyatlarini, umr savdosini chuqur idrok qiladigan dono odamlarga iloji bo‘lsa, shahvoniy nafsni mumkin qadar chegaralash bilan muhabbat umrini zavoldan saqlashga valiyona pandnoma aytilayotganday bir taassurot qoladi.

Ba’zan faqat «jamoli sham’iga nazar qilish» bilan ko‘ngil to‘lmasligi mumkin. Shunday kezlarda xayol yana dunyoviy mazmundagi vasl bog‘i sari boshlaydi. Bayt:


Ne xysh bo‘lg‘ay ikovlon mast bo‘lsoq; vasl bog‘inda,

Qo‘lum bo‘lsa aning bo‘ynidayu og‘zim qulog‘inda.


Muhabbat bodasidan «mast bo‘lmoq» oshiq ko‘nglida ajab shavqu ishtiyoqlar uyg‘otsa, bundan g‘oyib kuch-rahbat olib, uning qo‘li yor «bo‘yni»ga tashlansa ne ajab! Lirik manzaraning musavvirona aniq chizgilari e’tiborni tortadi: oshiqning ikkala qo‘li mahbuba «bo‘yni»da bo‘lishi mumkin emas. Demak, ular, «ehtimol, gullar panasida yuzma-yuz turgandan ko‘ra, yonma-yon, bir-birlarining pinjiga kirib o‘tirganlari haqiqatga yaqin; bunday holatda oshiqning faqat bir qo‘li yor «bo‘ynida bo‘lishi» uni yuqoridan – yelkasidan quchish ma’nosinigina anglatmaydi, balki oshiqning niyati – mahbuba «qulog‘i»ga aytadigan gapi uchun taraddudlanish... Bunday «ikovlon mast...vasl bog‘inda» yor qulog‘iga jon titrog‘i, qalb shiviri, ruh safosi bilan aytiladigan so‘zlarning adog‘i bormi? Ajabo! Ular «vasl bog‘ida» tanho bo‘lsalaru birining og‘zi birining qulog‘ida, ya’ni asta, shivirlab so‘zlash ne hojat? Oshiqninggina emas, ma’shuqaning ko‘ngli ham shunday sirli-sokin suhbatni istasa-chi? Avvalo, oshiq so‘zlarini faqat ularning o‘zlari, dillari uqsin, qolaversa, muhabbat oyatlari sasidan bog‘dagi turfa chechaklar, gul-daraxtlar, ularning shoxidagi bulbullar, boshqa parrandayu darrandalar bedor bo‘lmasin. Muhimi, bu jozib lirik-intim manzara – lavhada oshiq holati aniq, mahbubaning ahvoli ruhiyasi esa sirli-pinhoniy bo‘lsa-da, ularning ruhiy dunyosida nimalar kechayotganini bir qadar tasavvur qilish mumkin. Xullas, bu shohbayt tanosib san’atining dilpazir – ko‘ngilga oro beruvchi namunasidir.

Tavsiya etiladi
So'z guhari
So'z guharining ilohiy sadosi(birinchi suhbat)

БИРИНЧИ СУҲБАТ


"Низомул миллати вадди...

Intiho so‘z
Intiho so‘z

Mir Alisher Navoiyning shohbaytlari. Azal va abadning o‘z...

21-maqolat
“Izining tufrogʻidek...”

Klassik she’riyatimizdagi xokipoylik, xoksorlik, haqirlik...